Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:31

Turkmaniston shimolida o‘zbek tili o‘qitilmay qo‘ydi


Turkmanistonda milliy ozchilik vakillari farzandning o‘z tilida o‘qish imkoniyatidan mahrum etilishi, kuzatuvchilarga ko‘ra, turkman bo‘lmagan aholi o‘rtasida zimdan norozilik kayfiyati kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.
Turkmanistonda milliy ozchilik vakillari farzandning o‘z tilida o‘qish imkoniyatidan mahrum etilishi, kuzatuvchilarga ko‘ra, turkman bo‘lmagan aholi o‘rtasida zimdan norozilik kayfiyati kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.
Turkmanistonning o‘zbeklar zich yashaydigan shimoliy viloyatlari maktablarida o‘zbek tilini o‘qitish tamoman to‘xtatildi.

Bu haqda muhojiratdagi muxolifat guruhlariga tegishli “Turkmaniston xronikasi” sayti xabar qiladi.

Turkmanistonning Labop va Toshhovuz viloyatlarida o‘n minglab o‘zbeklarning farzandlari ona tilini o‘qish imkoniyatidan mahrum bo‘ldilar, o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilari esa ishsiz qoldilar.

Nashrning qayd etishicha, Turkmanistonda rus, o‘zbek va qozoq tillarida o‘qitiladigan maktablar o‘tgan asrning 90-yillaridayoq yopilgan va ularning hammasi turkman maktabiga aylantirilgandi. Yirik shaharlardagi sobiq rus maktablarida o‘qish rus tilida olib boriladigan bir-ikkita sinf qoldirganlar, o‘zbek maktablarida esa faqat o‘zbek tili va adabiyoti faninigina qoldirgandilar. Biroq o‘tgan yilning iyun oyidan 2002 yilda maktabga borib, o‘zbek tili va adabiyoti o‘qib kelayotgan o‘quvchilar ham to‘laligicha turkman tilida o‘qitila boshlagan.

Bir paytlar Toshhovuz viloyatidagi 23 maktabning 9 tasida o‘qish o‘zbek tilida, 5 tasida esa o‘qish rus tilida olib borilardi. Endilikda bu maktablar tugatilgan.

“Qayd etish joizki, qo‘shni O‘zbekistonda turkmanlar zich yashaydigan joylardagi 60 maktabda o‘qish turkman tilida olib boriladi, mustaqillik yillarida esa birorta ham turkman maktabi yopilgani yo‘q”, - deb yozadi “Turkmaniston xronikasi”.

Markaziy Osiyo yangiliklar xizmati saytining yozishicha esa, O‘zbekistonda hozirda 7 ta turkman milliy markazi faoliyat ko‘rsatadi. 9 mingdan ziyod turkman o‘quvchilari 47 maktabda turkman tili va adabiyotidan saboq oladi, 24 maktabda esa o‘qish to‘laligicha turkman tilida olib boriladi.

Hozircha Turkmaniston rasmiylari muxolifat nashrining o‘zbek tilidagi maktablarning batamom ëpilgani haqidagi da‘volarini na tasdiqladi va na inkor qildi.
XS
SM
MD
LG