Линклар

logo-print
2012 yil oxirida o‘tkaziladigan Turkmanistondagi aholini ro‘yxatga olish jarayoni MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib elektron shaklda amalga oshiriladi.

Bu haqda xabar qilayotgan turkman matbuotiga ko‘ra, ayni kunlarda mazkur tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni amalga oshirish uchun mas‘ul bo‘lgan davlat komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tgan.

Xususan, “Neytralniy Turkmenistan” gazetasining yozishicha, majlisda 2010 yil va 2011 yilning birinchi yarmida bu borada amalga oshirilgan ishlarga baho berilgan, yaqin istiqboldagi ishlar rejasi tuzilgan.

Aholi va turar-joy fondini yoppasiga ro‘yxatga olish Turkmanistonda qancha odam yashashi, ularning yoshi, jinsi, millati, tili, ma‘lumoti va hakazo ma‘lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Bu tadbir chog‘ida jamlangan ma‘lumotlar davlat va ijtimoiy taraqqiyot bo‘yicha uzoq muddatli dastur va rejalar tuzishda muhim rol o‘ynaydi.

2012 yil dekabrida yakuniga yetkazilishi mo‘ljallanayotgan tadbir an‘anaviy aholini ro‘yxatga olishdan kamchiqimligi bilan ham farq qiladi. Elektron ro‘yxatga olishda ma‘lumot yig‘ish va uni qayta ishlash, mutaxassislarga ko‘ra, bir necha marotaba tezroq amalga oshirilishi mumkin.

Turkmanistonlik mutaxassislar shu yil mart oyida bu innovatsion usulni sinab ko‘rib, uning an‘anaviy ro‘yxatga olishdan ko‘ra samaraliroq ekanini e‘tirof etganlar.

MDH Statistika qo‘mitasi sayti ma‘lumotlariga ko‘ra, 2006 yildagi ma‘lumotlar bo‘yicha Turkmanistonda 6,746 milliondan ko‘proq kishi istiqomat qiladi.

Turkmanistonda so‘nggi marta aholini ro‘yxatga olish jarayoni 1995 yilda o‘tkazilgan.
XS
SM
MD
LG