Линклар

logo-print
Twitter sayti orqali "ishqiy munosabat"da bo'lganligini tan olgan AQSh kongressi a'zosi Entoni Uayner o'z lavozimidan ketishini e'lon qildi.

Internetdagi ijtimoiy tarmoqlar orqali bir qator ayollarga o'zining mo'tadil shahvoniy hislari aks etgan suratini jo'natgan Entoni Uayner boshida xakerlar hujumiga ro'kach qilgan edi. Biroq ko'p vaqt o'tmasdan, jamiyat tarafidan bo'lgan katta bosim sabab Uayner Twitter orqali yarim yalang'och suratlarini notanish ayollarga o'zi jo'natganini tan oldi.

Uaynerning aytishicha, uning 27 may kuni Sietl shahrida istiqomat qiluvchi talaba Jenet Kordovaga Twitter orqali jo'natgan o'zining ushbu yarim yalang'och surati "hazildan boshqa narsa emas".
- Men bu haqda yolg'on gapirganimdan afsusdaman. Men o'zimni qo'ygani joy topolmadim. Sharmanda bo'ldim. Men rafiqamni himoya qilishga urindim. Men o'zimni sharmandalikdan himoya qilishga harakat qildim, - degan edi AQSh kongressmen Entoni Uayner qilmishini tan olar ekan.

Demokratlardan bo'lgan Entoni Uaynerning bu qilig'ini AQSh prezidenti Barak Obama ham qoralagan edi. "Agar men uning o'rnida bo'lganimda, men egallab turgan lavozimimdan ketar edim", degan edi Barak Obama hafta boshida.

46 yoshli kongressmen Facebook ijtimoiy tarmog'i orqali ham bir qator ayollar bilan virtual ishqiy munosabatlar yuritganini ham e‘tirof qilgan edi. Bu tafsilotlarni tan olgan kongressmen bu ayollar bilan faqat internetda shakarguftorlik qilganini urg‘ulab¸ ular bilan jisman yaqin bo‘lmaganini bildirdi.

O'tgan yilning iyul oyida kongressmen Entoni Uayner Xillari Klinton yaqin yordamchilaridan biri Huma Abedinga uylangan edi. Shunday qilib, Uayner AQSh kongressida musulmon ayolga uylangan yagona yahudiy kongressmenga aylangan.

Eslatamiz, Entoni Uayner internet orqali olib borgan "ishqiy sarguzashtlari" tufayli AQSh kongressidan ketgan birinchi siyosatchi emas. Joriy yilning fevral oyida kongressmen Kristofer Li (Christopher Lee) onlayn forum orqali Merilandlik ayolni ishqiy munosabatga chorlagani va aldagi jamiyatchilikga oshkor etilganidan so'ng lavozimini tark etgan edi.
XS
SM
MD
LG