Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:59

Usama o‘ldi! Isbot qani?


Usama bin Ladin qo‘lga olingani aytilayotgan qo‘rg‘on¸1 maydan beri abbotobodliklar diqqat-markazida qolmoqda.
Usama bin Ladin qo‘lga olingani aytilayotgan qo‘rg‘on¸1 maydan beri abbotobodliklar diqqat-markazida qolmoqda.
Oq uyning Usama bin Ladin o‘ldirilganiga oid bayonotlariga shubha bildirayotganlar¸ bu da‘voni quvvatlovchi dalil so‘ramoqdalar.

Vashington Al-Qoida yetakchisi Usama bin Ladinning 1 may kuni saharda otib o‘ldirilgani va Arab dengiziga dafn qilingani 100 foiz haqiqat ekanini aytmoqda. Ammo bu da‘voni quvvatlovchi fakt-dalillar jamoatchilikka hozircha taqdim etilmagani bois¸ Usamaning haqiqatda ham o‘ldirilgani¸ o‘ldirilgan taqdirda ham Oq uy hikoya qilayotgan tarzda va joyda o‘ldirilganiga oid shubhalar yoyilgandan yoyilib bormoqda.

Bunday shubhalar epitsentri esa¸ ehtimol¸ Usama bin Ladin o‘ldirilgani aytilayotgan Pokistonning Abbotobod shaharchasidir¸ deydi uch kundan beri mazkur shaharchadagi vaziyatni bevosita kuzatayotgan Ozodlik muxbiri Favad Ali Shoh.

- Usama Abbotobodda o‘ldirilganidan beri shu yerdaman. Uch kun ichida mahalliy aholidan kamida 100 dan ortiq odam bilan gaplashdim va ularning aksariyati Usamaning o‘z shaharlarida o‘ldirilganiga mutlaq ishonmaydilar. “Nega ishonmaysiz?”¸ deb so‘rasangiz¸ ular “Abbotobot Pokiston harbiylarining markazi bo‘lsayu¸ Usama qanday qilib bu yerda yashirinib yashagan bo‘lishi mumkin?”deb savolga savol bilan javob qaytaradi. Usama bin Ladin nafaqat AQSh¸ balki Pokiston armiyasi tomonidan qidirilayotgan terrorchilar ro‘yxati tepasida bo‘lgani bois¸ Abbotobod ahli uning Pokiston Harbiy akademiyasi joylashgan bu shaharda yashirin yashab kelganiga ishonmayotir¸ deydi Ozodlikning Abbotoboddagi muxbiri.

Oq uyning Usama bin Ladin Abbotobodda uning uchun maxsus qurilgan million dollarlik qo‘rg‘onda besh yildan ko‘proq yashab kelgani va shu qo‘rg‘onda o‘ldirilgani hikoyasiga ishonmayotgan abbotobodliklar Vashingtondan bu da‘vosini quvvatlovchi kuchli isbot-dalil talab qilishmoqda¸ deb davom etadi Favad Ali Shoh.

- Abbotobodliklardan “Nega Usamaning o‘lganiga ishonmaysiz?”¸ deb so‘rasangiz¸ “Menga uning o‘lganini ko‘rsatuvchi suratlarni ko‘rsating!”¸ deydi. “Agar AQSh askarlari Usama bin Ladinni o‘ldirgan bo‘lsa¸ o‘likning suratlari qani? Bizga isbot-dalil kerak”¸ deyishmoqda ular. Men gaplashganlarning ko‘pchiligi¸ butun bu to‘qima Pokistondagi nisbatan tinch shahar bo‘lib kelgan Abbotobodga qarshi fitnadir¸ degan ishonchda¸ deydi keyingi uch kun ichida yuzdan oshiq oddiy abbotobodlik bilan suhbatlashgan Ozodlik muxbiri.

Usama bin Ladin bergingan uyning sputnikdan ko'rinishi:


View Osama bin Laden Compound in a larger map

Usama bin Ladin jasadining zudlik bilan Arab dengiziga ko‘milgani haqidagi Oq uy bayonoti ham¸ abbotobodliklarda kuchli shubha uyg‘otmoqda.

“10 yil davomida Usamaning orqasidan quvgan amerikaliklar nega buncha tezlikda uning jasadidan qutulib qo‘ya qolishdi? Ular nimani yashirmoqda?” degan savollarni ham abbotobodliklardan tinimsiz eshitayapman”¸ deb qo‘shib qo‘yadi Abbotoboddagi Ozodlik muxbiri.

Ayrim Pokiston siyosatchilari¸ Oq uy bayonotlariga shubha bildirishda oddiy abbotobodliklardan ham o‘zmoqda. Haybar Paktukva viloyat kengashi a‘zosi¸ muftiy Kifoyatulloh Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Usama bin Ladinning boshqa joyda o‘ldirilib¸ turli sabablarga ko‘ra¸ Abbotobodga olib kelinganini da‘vo qiladi.

- Amerikaliklar aytayotgan gaplar borib turgan to‘qimadir. Usama boshqa joyda qo‘lga olingan va shundan so‘ng tinchlik hukm surayotgan Abbotobodga olib kelingan. Bundan maqsad esa¸ AQSh bu tinch shaharni ham uchuvchisiz qiruvchilaridan hujumga tutmoqchi. Men Usamani o‘ldirish amaliyotining Abbotobodda bo‘lganiga ishonmayman. Usamani aslida Pokiston armiyasi boshqa joyda qo‘lga olgan. AQSh uni o‘ziga topshirish borasida bosib qilganidan so‘ng¸ Pokiston armiyasi uydirma amaliyot uyushtirib¸ Usamaning shahid bo‘lgani haqida xabar tarqatdi¸ deydi abbotobodlik muftiy Kifoyatulloh Ozodlik bilan suhbatda.

Shu kunlarda Pokiston telekanallarida urchib ketgan fitna nazariyasi Usamaning o‘ldirilishini aksil-terror urushidagi yirik g‘alaba sifatida taqdim etayotgan AQSh rasmiylarini o‘z bayonotlarini himoya qilishga majburlamoqda.

Shunday bo‘lsa-da¸ dushanba-seshanba kunlari Islomobodda Pokiston rahbarlari bilan muloqot o‘tkazgan AQSh ning mintaqadagi maxsus vakili Mark Grossman¸ urchib ketgan shubhalarga munosabat bildira turib¸ “Bunaqa fitnalarni ko‘nglingiz tusagancha¸to‘qiyvyeringlar. Usama o‘ldi va bu ajoyib ish bo‘ldi”¸ dedi.

Oq uy rasmiylari¸ o‘z ixtiyorlarida Usama bin Ladin jasadi aks etgan surat va videolavhalar¸ shuningdek jasadning aynan Usamaniki ekanini quvvatlovchi tibbiy ekspertiza xulosasi borligini aytmoqdalar. Ularga ko‘ra¸ Usama bin Ladin jasadidan olingan parcha uning o‘lgan opasiniki bilan solishtirilganda DNK ma‘lumotlari uyqash bo‘lib chiqqan.

Ammo hozircha Oq uy bu isbot-dalillarni jamoatchilikka oshkor etishga shoshilmayotir. Oq uy matbuot kotibi Jey Karni suratlar nihoyatda mudhish bo‘lgani bois¸ ularni e‘lon qilishning qanchalar maqsadga muvofiqligi masalasi muhokama etilayotganini bildirdi.

Usama jasadi aks etgan suratlarni oshkor qilishga qarshilar¸ ularning musulmonlarni junbushga solishi va ekstremistlarga qo‘l kelishi mumkinligi borasida xavotir bildirmoqdalar.

Ammo Vashington ma‘muriyatining qator yuqori darajali rasmiylari¸ xususan Markaziy razvyedka boshqarmasi rahbari Leon Panetta¸ bu suratlarning oxir-oqibat jamoatchilikka e‘lon qilinishi lozimligiga ishorat qilmoqdalar.

“Gapning indallosi shuki¸ biz Usama bin Ladinni yo‘q qildik. Qolgan dunyoni uni qo‘lga tushirish va o‘ldirishga qurbimiz yetganiga ishontirish uchun bor faktlarni oshkor qilishimiz kerak¸ deb o‘ylayman”¸ dedi Markaziy razvyedka boshqarmasi direktori 3 may kuni NBC telekanaliga bergan inter‘vyusida jumladan.
XS
SM
MD
LG