Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:36

Xalqaro komissiya O‘sh qirg‘ini xronologiyasini tikladi


Xalqaro komissiya xulosasiga ko‘ra, O‘sh-Jalolobod voqealarida jabrlanganlarning to‘rtdan uch qismi o‘zbeklardir.
Xalqaro komissiya xulosasiga ko‘ra, O‘sh-Jalolobod voqealarida jabrlanganlarning to‘rtdan uch qismi o‘zbeklardir.
O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha xalqaro komissiya taqdim etgan 103 sahifali hisobot so‘zboshi va 5 bobdan iborat.

Hisobot so‘zboshisida xalqaro komissiyaning tuzilish tarixi va ish uslubi, tadqiqot metodologiyasi, komissiya a‘zolari hamda ularning faoliyati haqida gapiriladi.

“Qirg‘iz siyosatchilari o‘zbeklarni teng huquqli ko‘rishga tayyor emas edilar”

Shundan so‘ng 1-bob O‘sh qirg‘iniga sabab bo‘lgan tarixiy omillar va siyosiy kontekstga bag‘ishlangan.

Ushbu bobning 34-abzatsida aytilishicha, “Qirg‘izistonning Farg‘ona vodiysida asosan o‘zbeklar yashagan. 1960 yildan O‘sh kabi shaharlarda industrializatsiya boshlandi. O‘sha paytlarda qishloqlarda yashayotgan qirg‘izlarning shaharlarga ko‘chishi, sanoat korxonalari va davlat ma‘muriyatlarida ishlashi rag‘batlantirildi. Bu ikki guruh o‘rtasidagi ijtimoiy taranglik o‘sha yillarda boshlandi”.

Hisobotning mazkur bobida aytilishicha, Qirg‘izistonning janubiy hududlaridagi shaharlarda qirg‘iz aholisining ko‘payib borishi o‘zbeklarning ijtimoiy muammolarini kuchaytirib yuborgan. Jumladan, 1991 yilda Qirg‘iziston mustaqillikni qo‘lga kiritgach, etnomillatchilik rivojlana boshlagan. Ishchi o‘rinlari, yer va suv uchun kurash oqibatida avjga chiqqan ijtimoiy taranglikni qirg‘iz hukumati 1990 yil voqelaridan so‘ng ham bartaraf etishga harakat qilmagan.

Natijada 2006 yildan boshlab o‘zbek jamoatchiligi o‘z muammolarining hal etilishi uchun hukumat va huquq-tartibot tuzilmalarida o‘zbeklarga ham o‘rin berilishi talabi bilan chiqa boshlagan.

Xalqaro komissiyaga ko‘ra, bunday talablarda jon bo‘lgan. Chunki Qirg‘iziston sudlarida faqat 1 nafar o‘zbek millatiga mansub sudya, Milliy xavfsizlik xizmatida esa faqat 1 nafar o‘zbek tergovchi ishlaydi. Ichki ishlar vazirligida o‘zbek millatiga mansub xodimlar soni barmoq bilan sanarli. Hukumatda esa vazir yoki ularning o‘rinbosarlari lavozimida birorta ham amaldor yo‘q.

Hisobotning mazkur bobida 2010 yil aprel voqealaridan so‘ng o‘zbek liderlari aholini siyosiy faollikka chaqirgani, biroq o‘zbeklar yig‘inlarining birortasida ham avtonomiya to‘g‘risidagi talab yangramagani, aksincha o‘zbeklar o‘zlariga hukumat tomonidan mamlakatning teng huquqli fuqarolari sifatida qaralishini talab qilganlari haqida yoziladi.

“Ayrim qirg‘iz siyosatchilari ba‘zi masalalarda yon berishga tayyor bo‘lsalar ham, o‘zbeklarni teng huquqli ko‘rishga tayyor emas edilar”, deyiladi hisobotda.

Xalqaro komissiya iyun voqealar xronologiyasini tiklashga harakat qildi

Hisobotning ikkinchi bobi “O‘sh va uning yaqinidagi viloyatlarda sodir bo‘lgan 2010 yil iyuni voqelariga aloqador faktlar va jihatlar” deb nomlanadi.

26 sahifadan iborat ushbu bobda 1 iyundan 14 iyungacha bo‘lgan voqelar xronologiyasi batafsil yoritilgan.

Mazkur bobda aytilishicha, iyun oyining dastlabki kunlarida Qirg‘iziston janubida maishiy millatchilik avj olgan.

10 iyunga qadar maishiy millatchilik bilan bog‘liq bo‘lgan eng katta majorolar O‘sh shahrida bo‘lib o‘tgan. Jumladan, 9 iyun kuni yarim tunda O‘shdagi “Farhod” choyxonasi oldida bir necha yuz o‘zbek va qirg‘iz o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgan.

10 iyun kuni soat 18.00 da “Al Buxoriy” masjidi oldida 500 ga yaqin qirg‘iz va 500 ga yaqin o‘zbek to‘qnashgan. Shu kuni soat 21 da O‘sh rayonidagi Masaliyev va boshqa ko‘chadagi do‘konlar talanib, 20 ta qirg‘iz va 30 o‘zbek o‘rtasida mushtlashuv sodir bo‘lgan.

10 iyun kuni soat 22 da “Oloy” mehmonxonasi oldidagi “24 soat” kazinosi oldidagi to‘qnashuv oqibatida qirg‘in boshlanib ketgan.

Xalqaro komissiya tiklashga harakat qilgan voqealar xronologiyasida aytilishicha, kazino oldida yutib olingan yoki yutqazilgan pul borasidagi mojaro oqibatida “Oloy” mehmonxonasi oldiga minglab o‘zbeklar va qirg‘izlar yig‘ilgan. Komissiya o‘zbeklar soni “3000 nafar edi” degan ma‘lumotni keltiradi. Biroq qirg‘izlar soni qancha bo‘lgani to‘g‘risida aniq raqam yo‘q.

Mazkur bobning 130-abzatsida aytilishicha, o‘zbek guvohlar olomonni tarqatish uchun yetib kelgan maxsus kuchlar o‘zbeklarga qarshi o‘q otganini aytishgan. Ammo ko‘rsatma bergan qirg‘iz guvohlar o‘qlar havoga qarata otilganini bildirishgan.

Komissiya hisobotida O‘sh davlat univyersiteti yotoqxonasida o‘zbeklar tomonidan qizlarning zo‘rlangani to‘g‘risidagi tasdiqlanmagan mish-mishlar turli joylardan O‘sh atrofiga qirg‘izlarning to‘planishiga turtki bo‘lgan. Komissiya shu o‘rinda yotoqxonadagi talaba qizlardan birortasi ham zo‘rlanmaganini ta‘kidlaydi.

Xulosada aytilishicha, qirg‘izlarning to‘planayotgani va “Oloy” mehmonxonasi oldidagi voqea o‘zbek mahallalarida barrikadalar tiklanishiga turtki bo‘lgan. Mahallalar aholisi 10 iyun kuni tuni toshlar, daraxtlar va konteynerlardan barrikadalarni qurganlar.

Voqealar xronikasining 139-abzatsida 11 iyun kuni ertalab O‘shning Osmonov va Podgornaya ko‘chalari kesishgan joyga Laylak, Qadamjoy, Qizilqiya, Novqat va Aravondan kelgan 5000 qirg‘iz yig‘ilgani ta‘kidlanadi. O‘shning Furqat qishlog‘i yaqinida esa Modi, Gulcha, Cho‘ng Oloy va Qorag‘uljadan bir necha ming qirg‘iz yig‘ilgan.

“…o‘zbek mahallalariga o‘zbeklar mol–mulkini yondirish maqsadida qurollangan qirg‘izlar va BTRlar bilan qilingan hujumlar ularning rejalanganini ko‘rsatib turibdi”, deyiladi hisobotning 146-abzatsida.

Mazkur bobning 148-abzatsida “O‘zbek mahallalariga hujumlar muayyan model asosida amalga oshirilgan. Birinchidan, barrikadalarni buzish BTRlar yordamida amalga oshirilgan. Bu jarayon ko‘pincha “snayper”lar tomonidan qo‘llab turilgan. Ikkinchidan, mahallalarga qurollangan odamlar BTRlar bilan kirib kelgan. Uchinchidan, uylar talangan va o‘t qo‘yilgan. Talonchilik ayrim holatlarda ayollar tomonidan muvofiqlashtirilgan. Talangan mol-mulk mashinalarda olib chiqib ketilgan. Ko‘p o‘zbeklar o‘z uylarida kaltaklangan va o‘ldirilgan. Ayrim talonchilar harbiy kiyimlarda bo‘lishgan”, deyiladi.

Hisobot mazmuni bilan kun davomida tanishishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG