Линклар

Xatlonda “Tablig‘ jamoati” vakili sudlanmoqda


Ma‘lumotlarga ko‘ra, tablig‘chi ayollar dindosh hamjinslarini parhezkor bo‘lishga, avratlarini yashirib yurishga da‘vat qilgan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, tablig‘chi ayollar dindosh hamjinslarini parhezkor bo‘lishga, avratlarini yashirib yurishga da‘vat qilgan.

Tojikiston janubida “Tablig‘ jamoati”ning “Masturot” guruhi faoli Murodbek Qalandarov mahkamaga tortildi.
Xatlon viloyat prokurori yordamchisi Tolibjon Azimovning ma‘lum qilishicha, oliygohda o‘qib yurgan kezlari “Tablig‘ jamoati”ga a‘zo bo‘lib kirgan Murodbek Qalandarov tashkilotning viloyat hududida o‘tkazilgan tadbirlarida faol qatnashgan.
- Qalandarov “Tablig‘ jamoati”ning Sarband tumanida faollashishiga hissa qo‘shgani va mazkur tashkilotning ayollar guruhini tuzgani tergov davomida to‘la o‘z tasdig‘ini topdi. Shuningdek, Qalandarov “Masturot” (“Masturalar” yoki o‘rangan ayollar - tahr.) tashkilotining asosini tashkil qilgan ayollarga jamiyatda targ‘ibot ishlari olib borish usullaridan leksiya ham o‘qigani aniqlandi. Qalandarov konstitutsiyaviy tuzumga qarshi ommaviy da‘vat qilganlik moddalari bo‘yicha aybdor, deb topildi. Ayni paytda ish Sarband tuman sudiga yuborildi, - deya ma‘lum qildi viloyat prokurori yordamchisi Azimov janoblari.
Shu o‘rinda aytib o‘tsak, “Tablig‘ jamoati” tojik jamiyatida faoliyati ta‘qiqlangan diniy-ekstremistik tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Bu tashkilotning ayollar guruhi, ya‘ni “Masturot” tashkiloti tashkil etilgani haqidagi ma‘lumotlar o‘tgan yil so‘ngida tarqalgan edi.
Xavfsizlik idorasi mas‘ullari tablig‘chi ayollar muslimalarni parhezkor bo‘lish, nomahramlardan avratlarni berkitishga da‘vat qilish bilan shug‘ullanishini aytadi.
“Lekin, - deydi Xatlon viloyat prokuraturasi mas‘uli Azimov, - bu tashkilot hali davlat birorta idorasida qaydga olinmagan va u faoliyati ta‘qiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga ham kiritilmagan”.
Asnoda rasmiylar tojikistonlik ayollar orasida hijobga o‘ranishni targ‘ib qilayotgan “tablig‘chi”ayollarning asosiy vazifasi konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darib, xalifalik tuzumini o‘rnatishga urinayotganini iddao qilib, masturalarning mamlakat milliy xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligidan tashvish bildirmoqdalar.
Biroq mustaqil jamiyatshunos Sayrahmon Nazriyev tojikistonlik ayollar mintaqa boshqa davlatlari ayollariga nisbatan jamiyat siyosiy hayotida passivligini nazarga olgan holda, ayollar islomiy guruhlaridan cho‘chimaslikka chaqiradi.
- “Masturot” yoki boshqa shunday guruhlarga a‘zo bo‘layotganlar ham o‘sha ta‘qiqlangan diniy-ekstremistik tashkilotlar a‘zolarining rafiqasi yoki yaqinidir. O‘ylaymanki, davlat tuzumini o‘zgartirishga jur‘ati yetadigan ayollarimiz jamiyatda deyarli yo‘q. Bunday ayollarni hatto siyosiy partiyalar safida uchratmaymiz. Tojik ayollari tabiatan og‘ir-bosiq va unchalik siyosat bilan ishi yo‘q. Qishloqlarda yashyotgan ayollarimizning aksariyati uy bekasi. Ular qishloq xo‘jalik ishlari bilan ko‘proq band. Bolajon ayollarimizning davlat siyosatiga xavf solishidan bong urish, menimcha, mantiqsizlikdir, - deydi mustaqil tahlilchi Sayrahmon Nazriyev.
Asnoda Qo‘rg‘ontepa shahar prokurori muovini Mahmadsaid Nasimov o‘tgan ikki yil davomida diniy-ekstremistik guruhlarga a‘zo bo‘layotgan qo‘rg‘ontepalik ayollar soni oshganini bildirdi.
Nasimov ko‘p hollarda huquqiy bilimi past bo‘lgan va ijtimoiy hamda iqtisodiy sharoiti og‘ir bo‘lgan oilalardagi ayollar ana shunday guruhlarga ergashayotganini aytdi.
- Ayollar aynan savodsizliklari tufayli ana shunday guruhlar domiga tushib qolmoqda. Bizdagi ma‘lumotlarga ko‘ra, “Tablig‘ jamoati” mas‘ullari ko‘proq ijtimoiy jihatdan qiynalgan ayollarga moliyaviy yordam ko‘rsatish orqali ularni o‘z safiga qo‘shib olmoqda, - deydi Qo‘rg‘ontepa shahar prokuraturasi rasmiysi Nasimov.
Biroq mustaqil kuzatuvchilar mulohazasicha, hukumatning din erkinligini bo‘g‘ib qo‘yayotgani, davlat ayrim idoralarida inson huquqlari, xususan, ayollar huquqlari poymol qilayotgani ayollarning ekstremistik guruhlarga ergashishiga turtki bo‘lmoqda.
Kuzatuvchilar fikricha, agar hukumat mas‘ullari ayollar huquqlarining toptalishiga panja orasidan qarashni davom ettirsa, ayollarning diniy-ekstremistik tashkilotlarga a‘zo bo‘lib kirishi jamiyatda tendensiyaga aylanib qolishi mumkin.
Murodbek Qalandarovning ishi Sarband sudiga oshirilishi, mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, jamiyatda “Tablig‘ jamoati” yangi tarmoqlarining paydo bo‘lishi va faollashishiga yo‘l ochadi.
XS
SM
MD
LG