Линклар

logo-print
Tojikistonning Xo‘jand shahrida Markaziy Osiyodagi eng baland Lenin haykali ko‘chirildi.

Xo‘jand shahri rasmiylari qaroriga ko‘ra, shaharning o‘ng sohilida joylashgan bu haykal o‘rnini Somoniy haykali va favvoralar kompleksi egallaydi, ayni paytda Lenin haykali Xo‘janddagi G‘alaba bog‘ida o‘rnatiladi.

Umumiy balandligi 36 metr bo‘lgan bu haykal oldida mahalliy kommunistlar hali-hanuzgacha o‘z partiyalariga a‘zolarni qabul qilib keladilar. Ular Oktabr revolyutsiyasi va Vladimir Leninning tug‘ilgan kunlarini ham o‘sha yerda nishonlaydilar.

Tojikiston Kommunistik partiyasi So‘g‘d viloyati bo‘limi kotibi G‘ufron Rustamovning aytishicha, Lenin haykali viloyatdagi tarixiy yodgorliklar ro‘yxatiga kiritilgan.

- Ayni paytda Xo‘jand shahar hukumati qonunga zid qaror chiqargan. Zero, Lenin haykali tarixiy obida hisoblanadi. Agar haykalni olib tashlash kerak bo‘lsa, buni xalqdan so‘rash kerak edi, so‘rov o‘tkazish kerak edi. Lekin biz baribir maqsadimizga erishdik. Dohiy haykali G‘alaba bog‘ida o‘rnatiladi, - deydi kommunist G‘ufron Rustamov.

Xo‘jand shahar hukumati me‘morchilik bo‘limi xodimlari Lenin haykalining ko‘chirilishini uning zamona talablariga javob bera olmay qolgani bilan izohlamoqdalar.

- Tojikistonda xalqimiz tarixini, udumlarini tiklashga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda. Mana shularni hisobga olib, Lenin haykali o‘rnida Somoniy xaykali o‘rnatiladi, favvoralar majmuasi hamda bog‘ tashkil etiladi. Chunki ajdodlarimiz yashagan davrda aynan bog‘u rog‘lar va favvoralar juda ko‘p bo‘lgan, - deydi me‘morchilik bo‘limi mudiri Olimjon Haydarov.

Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi So‘g‘d viloyati bo‘limi vakili Salohiddin Huseynzoda ham bugungi kunda Tojikistonda ijtimoiy qadriyatlar o‘zgarganini qayd etarkan, Lenin haykali ko‘chirilishini o‘rinli, deb hisoblashini aytadi.

- Mening fikrimcha, shuning uchun ham endilikda mamlakatimizdagi bu haykal va haykalchalarning joyi tarix muzeylarida. Chunki bizning yosh avlod bu haykallar to‘g‘risida tasavvurga ham ega emas. Ularning zarurati yo‘q, - deydi Salohiddin Xuseynzoda.

Jamiyatshunos Jamoliddin Saidov fikricha esa, Leninning haykallarini yo‘qotmaslik va ko‘chirmaslik kerak.

- Tarixiy shaxslarning jamiyatning rivojlanishida o‘z o‘rni va ahamiyati bor. Haykal hech kimdan non so‘ramaydi. Lenin haykalini olib tashlash qarori noto‘g‘ri, deb hisoblayman. Chunki Lenin tarixda buyuk inson ekanligini isbot qildi, jamiyatni tubdan o‘zgartirdi. Oddiy misol, kambag‘allarga davlatdorlik nima ekanligini, turmushni yaxshilash nimadan iborat ekanligini isbotlab bergan, - deydi Jamoliddin Saidov.

Tojikistonda Lenin haykallaridan tashqari, Stalin va boshqa kommunist rahbarlar haykallari deyarli hamma tuman va viloyatlarda saqlanib qolgan. Jumladan, Konibodom tumanidagi Enajon Boymatova dehqon xo‘jaligida Stalin haykali va muzeyi mavjud.
XS
SM
MD
LG