Линклар

logo-print
Toshkent chiqadigan “Noviy vyek” (“Yangi asr”) gazetasi jurnalisti Olga Fozilova Germaniyadagi seminarda qatnashgani uchun ishdan bo‘shatildi.
Bu haqda Ozodlikka Olga Fozilovaning o‘zi ma‘lum qildi.
- Berlinga ketishimdan oldin o‘zim ham ishdan ketmoqchi edim. Chunki gazeta tahririyati juda oz pul - atigi 100 ming so‘m to‘lar edi. Shu uchun men mustaqil jurnalist bo‘lib ishlamoqchi edim. Ammo bosh muharrir Valeriy Niyozmatov ishda qolishimni, o‘z hisobimdan ta‘til olishimni taklif etdi. Berlindan qaytib kelsam, avval sahifalovchi bo‘lib ishlayotgan erimni, keyin esa meni ishdan bo‘shatishdi, - deydi jurnalist Olga Fozilova.
“Noviy vyek” gazetasida Olga Fozilova va uning eri Sergey Bauer bir yildan ortiq faoliyat yuritgan.
Jurnalist ayni paytda ishdan bo‘shatilishining rasmiy sababi deya xorij safari ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, bu haqda bosh muharrir Valeriy Niyozmatov shama qilganini aytadi.
- Gap shundaki, Germaniyaga ketishimdan oldin men qayerga ketayotganligimni aytish mumkin emasligini bilar edim. Shu boisdan mehnat ta‘tilim payti ketgan edim. Ishxonamdagilarga yaqin xorijiy davlatga dam olishga ketayotganimni aytgandim. Safardan qaytganimdan so‘ng bosh muharrir Niyozmatov qayerga, kim bilan borganimdan xabardor ekanligi ma‘lum bo‘ldi. U menga qayerga borganim haqida bilishini aytdi, - deydi jurnalist Olga Fozilova.
Ayni paytda jurnalist o‘zi va turmush o‘rtog‘i Sergey Bauerning tahririyatga kirishi cheklanganini aytadi:
- Agar kompyuterchi bo‘lmasa, mening va erimning tahririyatga kirishi ta‘qiqlangan. Biror-bir ma‘lumotni olishimizdan qo‘rqishsa kerak, -deydi Olga Fozilova.
Asnoda jurnalist Olga Fozilovaning ishdan bo‘shatilishi bo‘yicha "Noviy vyek" gazetasi rahbariyatidan ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.
O‘zbekistonda xorijiy davlatlarga safarga borib, seminar va treninglardan o‘tib kelgan jurnalistlarning ishdan bo‘shatilishi ilk bora kuzatilayotgani yo‘q. Jumladan, avvalroq Fransiya elchixonasining o‘zbekistonlik jurnalistlarni Fransiya tashqi siyosati bilan tanishtirishga qaratilgan dasturi doirasida bu davlatga safar qilgan “Uzbekistan Today” gazetasi xodimi Dmitriy Povarov, shuningdek, o‘zbek jurnalistlari Sobirjon Yoqubov va Begqul Egamqulovlar ham ishdan bo‘shatilgan edi.
Shu bois O‘zbekistondagi aksariyat jurnalistlar ishini yo‘qotishdan cho‘chib, chet el safarlarini va uchrashuvlarini ish beruvchisidan sir tutishga harakat qilishi kuzatiladi.
XS
SM
MD
LG