Линклар

Rasmiy Toshkent O‘zbekistonda keyingi 10-20 yil davomida yashab kelgan qirg‘izistonlik 30 nafar kelinni mamlakatdan deportatsiya qilgani aytilmoqda. Ayni holat O‘zbekistondagi boshqa xorijlik kelinlar boshiga ham tushishi mumkinligiga oid xavotirlarga sabab bo‘ldi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, O‘zbekistondan deportatsiya qilingan qirg‘izistonlik ayollarning deyarli barchasi vodiyda yashab kelgan.

Farg‘ona viloyat xokimligi xodimlaridan biri qirg‘izistonlik kelinlarning mamlakatdan chiqarib yuborilgani haqidagi xabarni inkor qildi. Andijon viloyat xokimligi esa buni izohlashni istamadi.

Mamlakatdan haydalgan ayollar keyingi 10-20 yil davomida O‘zbekistonda yashab kelganlar, har birining kamida 2-3 farzandi bor.

Shuningdek, bu ayollarda "Xorij fuqarosining O‘zbekistonda yashash guvohnomasi" bo‘lgani aytilmoqda.

Andijondagi qirg‘izistonlik kelinlar masalasini o‘rgangan huquq faoli Saidjahon Zaynobiddinovga ko‘ra, qirg‘izistondan kelin bo‘lib tushgan ayollarning mamlakatdan chiqarib yuborilishi o‘tgan yil O‘shda ro‘y bergan qirg‘indan so‘ng boshlangan.

- Hozir eshitayapman ba‘zi bir joylarda shunaqa bo‘layapti, lekin bu narsa haqiqatda mana bu 2010 yilgi voqealardan keyin paydo bo‘lib qoldi. Ko‘pchilik qirg‘izistonliklar O‘zbekistonda yashashni istayapti. Qirg‘izistonlik odamlarni tushunsa bo‘ladi. O‘zlarining joni uchun, o‘zlarining xavfsizligi uchun iloji boricha O‘zbekistonga ko‘chib o‘tish hammasida istak bor. Uylanish masalasida ham juda ko‘p odamlar shu masalada ham foydalanishmoqchi bo‘lishayapti. Endi hozir davlat shuni qandaydir oshiqcha immigratsiya bo‘lmasligining oldini olish maqsadida shunday yo‘l tutgan bo‘lishi kerakda,- deydi Saidjahon Zaynobiddinov.

Bu muammodan xabardor farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashevga ko‘ra, haqiqatdan ham O‘sh voqealaridan keyin qirg‘izistonlik kelinlarni mamlakatdan chiqarib yuborish masalasi ko‘tarilgan, biroq keyinchalik bekor qilingan.

- O‘tgan yilgi Qirg‘izistondagi konfliktdan keyin juda ko‘p qochqinlar O‘zbekistonga qochib o‘tgan edi. Bularni yurtiga qaytargandan keyin O‘zbekistondagi qirg‘izistonliklarning hammasi tekshirib ko‘rildi. Pasport nazorati bo‘yicha tadbirlar o‘tkazishib, tekshirib ko‘rishdi. "Tozalash" bo‘ldi. Ana shu paytda keyin hammasi hisobga olindi. 1991-1992 yillarda Qirg‘izistondan kelin bo‘lib tushgan sovyet pasporti bilan kelib keyin propiskasi Qirg‘izistonda bo‘lganligi uchun pasport ololmasdan Vid na jitelstvo bilan yurganlar bor. Shularni chiqarib yuborish haqida, deportatsiya qilish xabari tarqaldi. O‘zbekiston pasportini olomay yurgan hammani deportatsiya qilib yuborishar ekan deganda. Keyin men Farg‘onadagi IIBning xorijga chiqish-kirish va fuqarolik holatini qayd qilish bo‘limi rahbarlaridan biri bilan rasmiy gaplashganman. Endi uning ismi-sharifini ayta olmayman. Biroq bu rasman aytilgan gap edi. Uning aytishicha, oldin shunaqa hujjati joyida bo‘lmaganlarni aniqlanglar degan edi noqonuniy yashaëtganlarni chiqarib yuborish maqsadida. Lekin keyin oila qurib bola-chaqasi ko‘paygan bo‘lsa to‘xtatinglar deb otboy bo‘lgan. Buni bekor qilishgan. Hech kimni deport qilish masalasi yo‘q,-dedi Abdusalom Ergashev.

Unga ko‘ra, ayni paytda viloyatda yashayotgan va u taniydigan qirg‘izistonlik kelinlarnining hech biri mamlakatdan deportatsiya qilinmagan, ularning barchasi oilasi bag‘rida yashayapti.

Farg‘onalik Rahmattilla aka 2000 yili qirg‘izistonlik Zaynabxonni kelin qildi. Hozirda ikki farzandning onasi bo‘lgan Zaynabxonning qo‘lida O‘zbekistonda yashash huquqini beradigan hech qanday hujjat yo‘q.

Rahmattila aka qirg‘izistonlik kelinlarning mamlakatdan chiqarib yuborilayotganidan xabar borligi, biroq turmush o‘rtog‘iga nisbatan hech qanday bosim yo‘qligini aytadi.

Biroq qirg‘izistonlik ayollar deportatsiya qilinayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgach Rahmattilla aka ayolini Qirg‘iziston pasportini olish uchun onasinikiga jo‘natganini qo‘shimcha qildi.

- Kelin bo‘lib kelgandan keyin o‘zimizga o‘tkazamiz degan edik. U yerdan propiskadan chiqarib olib keldim. O‘tkaza olmasdan qolgan edik. Endi hozir dokument to‘g‘rilashga ketdi. Tekshirib kelishadi. Aytamizda. Kitobda bor. Qaramog‘imda deymiz. Lekin haqiqiy uchëtga qo‘yilgani yo‘qda o‘zimizga. Mana shunga almashtirgani qaytarib berib yubordim,- deydi Rahmattilla aka.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 500 mingga yaqin "fuqaroligi yo‘q shaxslar" yashaydi.

O‘zbekistonda 2005 yilgacha faoliyat yuritgan BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarligi vakolatxonasining o‘sha paytda bergan ma‘lumotiga ko‘ra, Tojikistondagi fuqarolik urushi davrida O‘zbekistonga 130 ming nafardan ziyod odam ko‘chib kelgan. Ularning asosiy qismini tarixiy vatanlari O‘zbekiston bo‘lgan o‘zbeklar tashkil etadi.

Shuningdek, farg‘ona vodiysida qirg‘izistondan kelin bo‘lib tushganlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi, biroq ularning aniq soni haqida biror bir rasmiy ma‘lumot yo‘q.

Keyingi 19 yil davomida O‘zbekistonga doimiy yashash uchun ko‘chib kelganlarning birortasi mamlakat fuqaroligini olgani haqida ham ma‘lumot yo‘q. Har holda Ozodlik manbalarida bunday ma‘lumot yo‘q. Rasmiylar esa bu haqdagi ma‘lumotlarni odatda oshkor qilmaslikni ma‘qul ko‘radilar.

"O‘zbekiston respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida"gi qonunning 17-moddasiga ko‘ra, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘z iltimosnomalariga ko‘ra, kelib chiqishidan, irqi va millatidan, jinsi, ma‘lumoti, tilidan, dinga munosabatidan, siyosiy va boshqa e‘tiqodlaridan qat‘i nazar, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinishi mumkin.

Faqat ulardan chet el fuqaroligidan voz kechish va so‘nggi besh yil davomida O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashashi talab qilinadi.

Biroq O‘zbekistonda yashayotgan yillar davomida yashab kelayotgan xorijliklar qonunda belgilangan talablarni bajarsa-da, davlat tomonidan qonun ijrosining ta‘minlanmasligini hamon tushunmaydi. Ularga berilgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxs ekani to‘g‘risidagi hujjati har besh yilda yangilab beriladi, xolos.

Sirdaryolik Zumrad opa 1991 yili Tojikistondan kelin bo‘lib tushgan edi. U o‘sha paytda hech bir muammosiz O‘zbekiston fuqaroligini oldi. Biroq Zumrad opaga ko‘ra, 1993 yildan keyin kelgan opasi bilan singlisi haligicha "fuqaroligi yo‘q shaxslar"dir.

- Menda muammo bo‘lmagan. Lekin opam bilan singlim qiynalayapti. Shuncha yildan beri berishmayapti. Faqat qo‘lidagi vaqtinchalik hujjatini yangilab berishadi. Hayronmiz nima qilishga,-deydi Zumrad opa.

O‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi Iskandar Xudayberganov xorijliklarga O‘zbekiston fuqaroligi berilmayotgani ortida siyosiy sabablar yashiringanini aytadi.

- Fuqarolikni olgandan keyin davlat albatta ularni himoya qilishi kerak iqtisodiy tarafdan, sotsial tarafdan. Sotsial tarafdan himoyaga olishi shart bo‘lgandan keyin shunga pul ajratish kerak. O‘zbekistonga albatta eng qulayi bu odamlar bizlarga qaramaydi, shuning uchun bizlar himoya qilmaymiz degan yo‘li nihoyat darajada oson. Ikkinchidan, shu odamlarni bu yerdan chiqib ketishga turtish usuli. Kamroq bo‘lsin degani. Ko‘paygan sari bunaqa odamlar albatta o‘sha siësiy notinchlikni keltirib chiqarishi mumkin, albatta stabilizatsiyaga ërdam bermaydi. Bu totalitar rejimning olib borayotgan siësati,-dedi Iskandar Xudayberganov.

O‘tgan oyda Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonga nota yuborib, mamlakatdan 30 ga yaqin qirg‘izistonlik ayollarning chiqarib yuborilishi yuzasidan izoh berishni iltimos qildi.
XS
SM
MD
LG