Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:27

XVJ rahbari Rikers-Aylend qamog‘iga ko‘chiriladi


XVJ rahbari D.Stross-Kan (o‘ngda) va advokat B. Brafman Manxettandagi jinoiy sudida, 16 may 2011 yil
XVJ rahbari D.Stross-Kan (o‘ngda) va advokat B. Brafman Manxettandagi jinoiy sudida, 16 may 2011 yil
Nyu York sudi Dominik Stross-Kanni garovga pul qo‘yish evaziga qamoqdan ozod qilishni rad qildi.

Nyu Yorkdagi mehmonxona xodimasini zo‘rlashga uringanlikda gumonlanib hibsga olingan Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbari Dominik Stross-Kan Manxettendagi vaqtinchalik saqlash markazidan taniqli Rikers-Aylend qamoqxonasiga ko‘chiriladi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘tgan asrning 30-yillarda qurilgan bu qamoqxonada hozir 11 mingdan ortiq mahbus saqlanmoqda.

16 may kuni Nyu York sudi hakamlari garovga bir million dollar qo‘yish evaziga Stross-Kanni hibsdan ozod qilishni rad qildi.

- Sud qarori xafsalamizni pir qildi. Menimcha, kurash endi boshlanganini hamma tushunishi muhim. Biz janob Stross-Kan aybdor emasligiga ishonamiz va buni isbotlaymiz, - deya bayonot berdi Stross-Kanning advokatlaridan biri Benjamin Brafman.

Sudda advokat Brafman o‘z himoyasi ostidagi Dominik Stross-Kan jinsiy tajovuz qilishga uringanlik iddaosi bo‘yicha sudmedekspertiza tekshiruvdan o‘tishga rozi bo‘lganini urg‘uladi.

Prokurorlar AQSh va Fransiya o‘rtasida ekstraditsiya haqida shartnoma imzolanmagani bois Stross-Kan ozodlikka chiqsa, u Fransiyaga qochib ketishi mumkinligidan xavotir bildirdi.

AQSh federal prokurori yordamchisi Jon MakKonnel sudda Stross-Kan mehmonxona xodimasini uning xohishiga qarshi zo‘rlashga uringanini bayon qildi.

Mak Konnel so‘zlariga ko‘ra, mehmonxona xodimasi qarshilik ko‘rsatganidan keyin Stross-Kann uni oral jinsiy aloqa qilishga majburlagan.

Politsiya xodimlari Stross-Kanni shanba kuni Nyu Yorkning Kennedi aeroportida Parijga uchib ketishiga sanoqli daqiqa qolganda qo‘lga olgan edi.

Keyinroq mehmonxona xodimasi politsiya idorasida o‘ziga ko‘rsatilgan bir necha odam orasidan Stross-Kanni tanigan.

62 yoshli Stros-Kann o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni rad qilmoqda.

Agar mehmonxona xodimasining iddaolari isbotlansa, Stross-Kan 20 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mumkinligi aytilmoqda.

Fransiyada 2012 yilda o‘tkaziladigan saylovda Dominik Stross-Kanni prezidentlikka o‘z nomzodi sifatida ko‘rsatmoqchi bo‘lgan Sotsialistlar partiya rahbarlari bo‘hronni muhokama qilish uchun 17 may kuni favqulodda majlis o‘tkazishni rejalagan.

Ayni paytda Xalqaro valyuta jamg‘armasi direktorlar kengashi a‘zolariga Dominik Stross-Kanga qanday ayblovlar qo‘yilayotgani haqida axborot berildi. E‘lon qilingan bayonotda tashkilot voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib borishi ma‘lum qilingan.
XS
SM
MD
LG