Линклар

60 yashar Hamidjon Olchiboyev dushanba kuni Yamanning Shabva viloyatida mahalliy qabila vakillari tarafidan o‘g‘irlab ketildi. Qurolli shaxslar qo‘lida qolayotgan tojikistonlik o‘zbek jarrohi Ozodlik bilan suhbatda o‘z vaziyatining o‘ta jiddiy ekanini bildirdi.
28 fevral kuni o‘g‘irlab ketilgan Hamidjon Olchiboyev Rossiyaning "Texnostroyeksport" shirkati orqali tuzilgan shartnoma asosida 2007 yildan beri Yaman poytaxti Sanadan 250 kilometr sharqda joylashgan Shabva mintaqasida jarroh bo‘lib ishlab kelgan.
2 mart kuni Ozodlik hamkasblari orqali garovda qolayotgan Hamidjon Olchiboyev bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. 60 yashar o‘zbek vrachi o‘zini garovda ushlayotganlar qo‘l telefoni orqali amalga oshgan qisqa suhbat davomida o‘z vaziyatiga oydinlik kiritishga urindi.
- Men hozir shu nimalarning qo‘lidaman, haligi ov qiladiganlarning qo‘lida.
Ozodlik: Qanday muomala qilishayapti sizga?
- Juda yomon muomala qilishayapti.
Ozodlik: Nimaga olib qochib ketishdi sizni?
- Erta bilan “bittasi yaralangan” dediyu¸ mashinaga mindirib olib qochib ketishdi. Sahar 6da hech kim bilmay qoldi. Buni o‘zimizning bolnitsaga yangi kelganlar tashkil qilganda. Men hammasini bildim. Yangi kelgan doktorlarimiz tashkil qilgan. Akusher-ginekolog axmoq xotin bor. O‘sha tashkil qilgan bu ishning hammasini¸ menimcha. O‘zi olti yildan beri hech gap yo‘q edi. Shular keldi¸ boshlandi hammasi.
Ozodlik: Sizni olib ketishlari qanaqa bo‘ldi?
- Erta bilan soat 6da bitta mashina keldi. Menga telefon qildi. Telefonimni oldim. “Abduhamid aka chiqing tezgina. O‘q yegan kasal keldi” dedi. Keyin yugurib chiqdim men. Yugurib chiqsam, bitta yengil mashina, usti yopiq “Land Cruiser” keldiyu “mashinaning ichida kasal, kirib ko‘ring” dedi. Hech kim yo‘q edi. Shart mashinaga kirdim, shu bilan olib ketishdi meni. Boshqa hech narsa bilmayman.
Ozodlik: Qanaqa ahvolda yashayapsiz hozir u yerda?
- Hozir yotibman adyolda.
Ozodlik: Ochiqdamisiz?
- Ha, ahvolim juda og‘ir. Hozir hal bo‘ladi masalang¸ deyishayapti. Bilmadim endi.
Ozodlik: Ovqat berishayaptimi?
- Muomalalari og‘ir juda. “Bugun masala hal bo‘ladi” deyapti. Bilmayman men.
Ozodlik: Qo‘yib yuboramiz¸ deyishayaptimi ular?
- Endi noma‘lum.
Ozodlik: Qanaqa odam ular? Nimalarni ko‘rdingiz?
- Tanimayman men bularni. Bir qabila ekan. Umuman tushunmadim. Gapirishmaydi men bilan yaxshi.
Ozodlik: Dindorlarmi, Al-Qoidami kim ular?
- Dindorlar. Al-Qoidamasmiz, deydi.
Ozodlik: Diniymi? Juda an‘anaviy odamlarmi?
- Bilmayman endi kim ekan ular. Lekin Al-Qoidamasmiz deyapti.
Ozodlik: Qurollanganmi ular?
- Hammasining quroli bor. Hammasi qurollangan.
Tojikistonlik o‘zbek jarrohi Hamidjon Olchiboyev bilan suhbat shu yerda uzilib qoldi. Aftidan¸ uni garovga olgan qabila vakillari¸ o‘zbekcha suhbatda Al-Qoida degan so‘z yangrashi bilan¸ hadiksirab¸ muloqotni to‘xtatishdi. Hamidjon aka bilan suhbatni davom ettirish uchun qayta-qayta qilgan urinishlarimiz bejavob qoldi.
"Texnostroyeksport" xodimlaridan biri Saidahmad Bekovning Ozodlikka bildirishicha¸ hozirda Olchiboyevni ishga olib kelgan shirkat rasmiylari uni ozod qilishga harakat qilmoqda.
- Hozir uni ozod qilish yo‘lida Yaman hukumat idoralari, Sog‘liqni saqlash vazirligi ishtirokida muzokaralar olib borilyapti, - deydi Saidahmad Bekov.
Xabarlarga ko‘ra, Shabvadagi qabila vakillari 2009 yili dekabr oyida hukumat kuchlari tomonidan amalga oshirilgan havo zarbalaridan halok bo‘lganlarning yaqinlariga hukumatdan tovon puli undirish va aybdorlarni javobgarlikka tortishga erishish maqsadida shifokorni o‘g‘irlaganlar.
Bu hujum oqibatida tinch aholi vakillaridan 45 odamning halok bo‘lgani aytiladi.
Yaman hukumati bir necha yillardan buyon AQSh bilan hamkorlikda Yamandagi Al-Qoida guruhlariga qarshi amaliyotlarni amalga oshirib keladi.
Yamanda xorij fuqarolarini o‘g‘irlab ketilishi va ularni ozod etilishi evaziga turli talablarni qo‘yilishi tez-tez ro‘y berib turadi.
Yamanda faoliyat qilayotgan o‘zbekistonlik shifokorlardan biri avvalroq O‘zbekistonning o‘zidan taxminan 5000 vrach Yamanda ishlashini aytgan edi.
XS
SM
MD
LG