Линклар

logo-print

Yangi yildan kirakashlar ishsiz qolishi mumkin


Hukumat qaroriga ko‘ra, mamlakatda taksilar ranglari bir xilligi bilan ajralib turadigan bo‘lishi kerak.

Hukumat qaroriga ko‘ra, mamlakatda taksilar ranglari bir xilligi bilan ajralib turadigan bo‘lishi kerak.

Taksilar Toshkent shahrida qaymoq rang, viloyatlarda sariq bo‘lishi shart. Bu talab O‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Liniyadagi taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilab qo‘yilgan.

Gazeta.uz saytining 30 may kuni xabar qilishicha, hukumatning 18 mayda qabul qilingan qarori kelasi yilning 1 yanvaridan kuchga kiradi. Muxbirimiz oddiy kirakashlar hamda aholiga taksi xizmati ko‘rsatuvchi xususiy shirkatlar boshliqlarining O‘zbekistonda kutilayotgan taksi islohoti to‘g‘risida fikrlarini o‘rgandi.

Vazirlar Mahkamasining qarorida O‘zbekiston shahar-qishloqlarida aholiga transport xizmati ko‘rsatadigan yengil mashinalarning umumiy rangidan tortib, peshonasidagi chiroq rangigacha belgilab berilgan.

Bir qarashda, hukumat qarori aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, rangi bir xil taksilar bilan shahar-qishloqlar ko‘rkini ochish uchun qabul qilinganday.

Lekin ba‘zi suhbatdoshlarimiz fikricha, hukumat transport xizmati bozorini qandaydir yangi o‘yinchilar uchun bo‘shatib bermoqchi bo‘layapti.

Soliq to‘lashga tayyor nolegal kirakashlar

Shu kunda, deb yozdi Gazeta.uz, Toshkent shahrida aholiga taksi xizmati ko‘rsatuvchi 100 dan ziyod shirkat va ular ixtiyorida 1200 tadan ortiq avtomashina mavjud.

Ayni paytda O‘zbekiston poytaxtida 35 ming nafargacha nolegal taksichi bor.

Roppa-rosa bir yil oldin paydo bo‘lgan ma‘lumotga qaraganda, birgina Toshkent shahri byudjetiga kirakashlardan yiliga 12 milliard so‘m tushishi mumkin edi. Biroq haydovchilar nolegal ishlagani uchun shahar o‘sha puldan quruq qolayapti.

Toshkentlik Jahongir o‘sha nolegallardan biri.

Ozodlik: Nima uchun firmalarga birikmagansiz? Borib ishga kirib olmagansiz?

- To‘g‘ri, biriksangiz ham bo‘ladi. Ozgina 200-300 ming nima qilinadida, boshida litsenziya olish uchun pul to‘laysiz. Keyin har oy qanchadir miqdorda o‘sha biriktirilgan firmaga pul to‘lab turasiz. Mening mashinam xususiy. Bir kun bunaqa ishlaymiz, bir kun umuman chiqqan kelmaydi.

Ozodlik: Shu kunda taksichilik qilganingiz uchun davlatga qandaydir pul to‘laysizmi?

- Yo‘q, hech qanaqa pul to‘lamayman.

Ozodlik: Agar sir bo‘lmasa, bir kunda necha pul topasiz taksidan?

- 50-60 ming.

Ozodlik: Kamidami o‘rtachami?

- O‘rtachada. Bir xillar 40 ming bo‘lib qoladi, bir xillar 70 ming bo‘lib qoladi. O‘rtacha 40-50 mning.

Ozodlik: Avtomobil nazoratimi ëki soliqchilarmi sizlarni ta‘qib qiladimi qilmaydimi?

- Xudo saqlasin, meni qilgani yo‘qku, lekin soliq xodimlari ta‘qib qilib shtraf solganini eshitdim lekin.

Ozodlik: Demak, shunaqa xavf bor ekan. Xavfsiz ishlash uchun davlatning ham haqini berib ishlayman degan niyatda bo‘lsangiz, davlat sizga oyiga qancha soliq solsa, xo‘p deb to‘lab ishlayvyerasiz?

- Balki 100 ming bo‘lsindir. Endi boshda litsenziyasiga xarajati ko‘proq. Shunisi menga ëqmay turibdi, deydi Jahongir.

Demak, toshkentlik kirakash Jahongir davlatga oyiga 100 ming so‘m soliq to‘lashga rozi.

Qizig‘i shuki, namanganlik kirakash Foziljon akadan ham shunga o‘xshash raqamni eshitdik.

Foziljon aka bilan ham gaplashdik.

Ozodlik: Siz birorta tashkilotga birikkanmisiz ëki o‘zingiz ishlaysizmi?

- Men o‘zim ëlg‘iz ishlayman. Mashina o‘zimniki. GAIlardan qochib ishlaymanda.

Ozodlik: Nima uchun GAIdan qochib ishlaysiz?

- Bizniki Namanganda jarima qilib qo‘yganda bir million qanchayam.

Ozodlik: Patentmi, litsenziyami olib ishlasangiz bo‘lmaydimi?

- Bo‘ladi. Shahar ichiga mumkin emas ekan. Rayonlarda mumkin ekan. Hokimning qarori bor ekan.

Ozodlik: Shahar ichida kim ishlashi kerak ekan taksi bo‘lib?

- Taksoparkning 40ta taksisi bor. Avtobazaning 40tami 50tami taksisi bor. Faqat o‘shalar yurarkan.

Ozodlik: Chastniylarga mumkinmas-a?

- Yo‘q, mumkinmas.

Ozodlik: Siz topgan pulingizdan davlatga soliq to‘laysizmi?

- O‘zi dokument yo‘qku. Men ham endi har kuni ishlamaymanda. Haftada bir-ikki kun ishlayman.

Ozodlik: Birorta tashkilotga biriksangizda, mashinangizni sariqqa bo‘yab ishlab yursangiz, soliq qancha bo‘lishi kerak deb o‘ylaysiz?

- Kuniga 3000 qilib bersa rozimiz. Oyiga 90 ming to‘lab ishlanavyeradi, dedi namanganlik kirakash Foziljon aka.

Toshkentlik kirakash ham, uning namanganlik hamkasbi ham oyiga to‘lashi mumkin bo‘lgan summani bir-biridan mustaqil holda deyarli bir xil aytdi.

Davlat topolmagan pulni topdik?

Yuqorida Toshkent shahri 35 ming atrofidagi nolegal taksichidan yiliga 12 milliard so‘m ololmayotgani to‘g‘risida ma‘lumot borligini aytgan edik.

Qo‘shni Turkmaniston taksi mashinalarini bir xil rangga bo‘yab bo‘lgan. U yerda ham taksilar sariq.

Balki, davlat kirakashlardan talab qilayotgan pul miqdori optimal emasdir?

Jahongir o‘zi rozi bo‘lib har oyda to‘lashi mumkin bo‘lgan 100 ming so‘mni 35 ming nolegal haydovchiga ko‘paytirsak, bir yilda 42 mlrd so‘m bo‘ladi.

Mayli, hammasidan undirishning iloji bo‘lmasin. Yarmidan undirsin. O‘shandayam 21 mlrd so‘m bo‘ladiku?!

Yo biz hisobdan adashayapmizmi?

Balki hukumat adashayotgandir?

Agar hukumat o‘z qarori ijrosini ta‘minlash uchun 1 yanvardan boshlab barcha kuchini ishga solsa, nafaqat puldan quruq qoladi, balki mamlakat bo‘ylab kirakashlik qilayotgan 200-300 ming kishini ishsiz qo‘ymaydimi?

Xususiy shirkatlar bozorni monopolist egallab olishidan xavotirda

Nolegal taksichilarning aholiga transport xizmati ko‘rsatish bozoridan siqib chiqarilishi, bir qarashda, bu ish bilan shug‘ullanayotgan kichik shirkatlarni xursand qilishi kerakday.

Biroq hukumat qaroridan shirkatlar ham xursand emas. Har holda Toshkentdagi taksi shirkatlaridan birining o‘zini Vladislav Ivanov, deb tanishtirgan boshlig‘i bunday dedi:

- Men qarordan ko‘zda tutilgan maqsadlarni qo‘llab-quvvatlayman. Lekin, mashinalarni qayta bo‘yash bizning zimmamizga tushmasligi kerak. Agar shahar ko‘rki taksilar hisobiga ochilsin desangiz, marhamat qilib imtiyozli kreditlar, qo‘shimcha huquqlar bering, toki biz yangi avtomobillar sotib olish imkoniga ega bo‘laylik. Davlat taklif qilayotgan narxlarda mashina sotib olishga esa qurbimiz yetmaydi, deydi Vladislav Ivanov.

Qarorning umumiy ruhidan kelib chiqib Vladislav bunday dedi.

- Mazkur qaror “Tadbirkorlikni himoya qilish yili”, deb e‘lon qilingan yil ruhiga ziddir, deydi Vladislav.

Chunki Vladislavning fikricha, qaror talablari toqatdan tashqarida.

- Qaror talablari yozilganiday qat‘iyligicha qolavyersa, men ishimni yig‘ishtirib qo‘yishga majbur bo‘laman, dedi Vladislav.
Va nihoyat, Toshkentdagi xususiy taksi shirkatlaridan birining sohibi Vladislav Ivanov mana bu fikrni bildirdi:

- Chog‘roq shirkatlarga zarar yetkazuvchi mazkur qaror bu bozorda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan monopolist kompaniyalar foydasini ko‘zlab chiqarilgan bo‘lishi mumkin, dedi Vladislav Ivanov.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG