Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:05

Savdogarlar 1 martdan terminal bilan bog‘liq muammolar ko‘payishidan cho‘chiyapti


1 martdan boshlab O‘zbekistonda chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi barcha tadbirkorlik sub’ektlarida kassa terminalisiz savdo qilish taqiqlanadi. Ayni paytda terminal o‘rnatayotgan tadbirkorlar naqd pulga ham savdo qilishi mumkin. Savdogarlarga ko‘ra, tovarning plastik kartochkaga qimmatga tushishi, kartochkadagi pulni bankdan naqdlashtirib olish imkonsizligi va kartaga sotilgan tovarni almashtirish yoki qaytarish bilan bog‘liq muammolar bois tadbirkorlar naqd pulga savdo qilishni ma’qul ko‘radi.

Kassa terminallari savdosi avjida

Kecha Sirdarayoning Sayxunobod tumanida yashovchi tadbirkor yigit do‘koniga o‘rnatish uchun Gulistondan terminal xarid qildi.

"Elektr bilan ishlaydigan terminal oldim. Batareyka bilan ishlaydigani yo‘q ekan. Shunga ertaga tekshirib qolmasin, deb olaverdim. Lekin bizning qishloqda tez-tez svet o‘chadi. Bu paytda tekshiruvchilar kelsa, nima qilaman bilmadim", deydi sirdaryolik tadbirkor.

Prezident qaroriga ko‘ra, 1 martdan O‘zbekistondagi chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi barcha tadbirkorlik sub’ektlarida terminallar bo‘lishi majburiydir.

Ozodlik mamlakatning turli hududlaridagi tadbirkorlar bilan bog‘lanib, terminal o‘rnatish jarayoni deyarli yakunlayotganini aniqladi.

Terminali yo‘q tadbirkorlar uchun 28 fevral so‘nggi muddat va 1 martdan boshlab, ular soliqchilarning "nazorat xaridi" payti qo‘lga tushmaslik uchun terminal o‘rnatish harakatida.

"Terminal afzal"

Chirchiqlik tadbirkorning aytishicha, uning firmasi 2004 yildan buyon terminal bilan ishlaydi. Tadbirkor yigit terminal bilan ishlash qulayligini aytadi:

- Chirchiqdagi ishchilarning barchasi plastik kartochkaga o‘tgan. Shuning uchun bizning naqd pulda savdomiz yo‘q. Faqat terminalda savdo qilamiz. Bizlar uchun bu qulay, - deydi chirchiqlik tadbirkor.

"Terminal bilan bog‘liq muammolar ko‘p"

Ayni paytda Ozodlik suhbatlashgan aksar tadbirkorlar terminal bilan bog‘liq muammolardan shikoyat qilishdi.

Andijonlik tadbirkor yigit terminal orqali savdo qilingan pulni bankdan naqdlashtirib olish qiyinligini aytadi:

- Bankka kelsangiz, pul bermayman deyapti. Virtual qabulxonaga yozsangiz, shahar hokimiyatiga qog‘ozlar berayapti, «bank qilib beradi» deb. Tadbirkor nima qilishi kerak? Terminalni majburan qo‘ydirayapti. Qo‘ydirgandan keyin savdo qilgan pulni bank berishi kerakda. Ming qaror, farmon chiqargani bilan banklar umuman ishlamayapti, - deydi andijonlik tadbirkor.

2009 yildan buyon terminaldan foydalanadigan qurilish do‘konlaridan birining egasi esa terminal orqali sotilgan tovarni qaytarish va almashtirish qiyinligini aytadi:

- Onlayn kartalar puli bankka tushadi. Qanaqa qilib pulni yechishni ham bilmaymiz. Bir marta bittasi taxta olgan. U taxtani qaytarmoqchi bo‘lganida, unga taxta pulini qaytarish uchun bankdan ruxsatnoma olib, 2-3 xil akt tuzilgan -, deydi tadbirkor.

Tadbirkorlar bilan suhbatlardan ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda terminal orqali savdo qilayotgan shoxobchalarda naqd pul savdosi 30 foizni tashkil qiladi.

Qarorni bajarmagan jazolanadi

Prezident qarorida chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari naqd yoki karta orqali hisob-kitob qilish shakliga qarab narxlarni sun’iy ravishda oshirsa yoki tushirsa, buning uchun eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida jarima qo‘llanishi aytilgan.

Shuningdek, chek qog‘ozini mijozga berishdan bosh tortgan tadbirkorlar huquqbuzar sifatida jarimaga tortiladi.

O‘tgan haftada Mirziyoev "Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorga imzo chekkan.

Mazkur hujjat naqd pul va plastik kartalar vositasida to‘lov tizimidagi muammolarni bartaraf qilishga qaratilgani aytilgan edi.

XS
SM
MD
LG