Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:29

YeI vakillari O‘zbekistondagi inson huquqi masalasini o‘rganyapti


23 iyun kuni Yevropa Ittifoqi vakillarining O‘zbekiston hukumati bilan inson huquqlari borasida ikki kunlik so‘zlashuvlari boshlandi.

Bugun Toshkentda Yevropa Ittifoqining to‘rt nafar vakili O‘zbekiston rasmiylari bilan uchrashuvdan avval mahalliy huquq faollari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda qatnashgan O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromovga ko‘ra, YeI vakillari mamlakatdagi diniy e‘tiqod bilan qamalgan mahbuslar, qamoqxonalardagi qiynoqlar, so‘z erkinligi va bolalar mehnati muammolari bilan qiziqqanlar.

- Biz qiynoqlar, dindorlar, so‘z erkinligi va bolalar mehnati borasida o‘zimizga ma‘lum faktlar bilan gapirdik. Keyin ulardan Qozog‘istondan ekstraditsiya qilingan 28 qochqin bilan bog‘liq vaziyatga ham e‘tibor qaratishlarini so‘radik,- dedi Sur‘at Ikromov.

YeI vakillarining bugun O‘zbekiston Ombudsmeni Sayëra Rashidova, O‘zbekiston Inson huquqlari milliy markazi rahbari Akmal Saidov hamda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari bilan uchrashishi kutilmoqda.

Kecha Human Rights Watch tashkiloti Yevropa Ittifoqi vakillari 23-24 iyun kunlari Toshkentda O‘zbekiston hukumati bilan inson huquqlari borasida o‘tkazadigan so‘zlashuvlarida qamoqda qolayotgan huquq faoli Norboy Xoljigitovning taqdirini kun tartibidagi asosiy masala sifatida ko‘tarishi lozimligini ta‘kidlagan edi.
XS
SM
MD
LG