Линклар

YeI vakillari Toshkentda inson haqlarini muhokama qilmoqda


Prezident Karimov yil boshida Bryusselga qilgan safari chog‘ida o‘zbekistonliklar huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash va‘dasini bergan edi.

Prezident Karimov yil boshida Bryusselga qilgan safari chog‘ida o‘zbekistonliklar huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash va‘dasini bergan edi.

23 iyun kuni Yevropa Ittifoqi vakillarining O‘zbekiston hukumati bilan inson huquqlari borasida ikki kunlik so‘zlashuvlari boshlandi. Toshkentda Yevropa Ittifoqining to‘rt nafar vakili O‘zbekiston rasmiylari bilan uchrashuvdan avval mahalliy huquq faollari bilan uchrashdi.

Payshanba kuni Yevropa Ittifoqi vakillarining o‘zbekistonlik uch nafar huquq faoli bilan uchrashuvi 2 soatu 45 daqiqa davom etdi.

Uchrashuvda qatnashgan O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromovga ko‘ra, YeI vakillari diniy e‘tiqodi uchun qamalgan mahbuslar, qamoqxonalardagi qiynoqlar, so‘z erkinligi va bolalar mehnati muammolari bilan qiziqqanlar.

- Butun O‘zbekistondagi inson huquqlari borasidagi ahvolni bilishni istashdi. Asosan diniy e‘tiqod bilan qamalganlar, qiynoqlar masalasi bilan qiziqishdi. Bolalar mehnati, so‘z erkinligi va boshqa sotsial masalalarda savollar berdilar. 2 soatu 45 minut ichida iloji boricha hammasini birma-bir, galma-galdan gapirib berdik,- deydi huquq faoli.

S. Ikromovga ko‘ra, YeI vakillari O‘zbekistondagi vaziyatdan yaxshi xabardorligi, biroq qo‘shimcha ma‘lumotlar olish istagida ekani haqida gapirganlar.

- Bular faqat bizlarning bilganlarimizni aytishni so‘rashdi. Bu yerdagi ahvolni so‘radi. Ular hammasidan juda yaxshi xabardor. Bizlarning axborotlarni ko‘p eshitarkan internet orqali, boshqa orqali. O‘zi bilganini so‘radi, lekin bir xil savollariga biz javob bera olmadik. Masalan, bolalar kasalliklari borasida, meditsinaga oid mavzular. Biz to‘g‘risini aytdik, huquq himoyachisi, nodavlat tashkilotlarning a‘zolaridan hech kim bu narsani o‘rganmagan. Buni ochiq aytdik,- deydi S. Ikromov.

Shuningdek, huquq faollari YeI vakillaridan O‘zbekiston rasmiylari bilan uchrashuvida Qozog‘istondan ekstraditsiya qilingan 28 qochqin bilan bog‘liq vaziyatga ham e‘tibor qaratishlarini so‘raganlar.

- Oxirida bular “Mana hozir hukumat vakillari bilan uchrashamiz. Shu uchrashuvda nimalarni gapirishimizni istaysizlar?” deganda, men Qozog‘iston ekstraditsiya qilgan qochqinlar borasida gapirdim. “Biz ekstraditsiya qilingan 29 qochqin to‘g‘risida ma‘lumot ololmayapmiz. Hukumat bekitayapti, qayerda ushlab turganini. Bundan tashqari advokatlar qo‘yilmayapti. Sud ochiq bo‘lishiga shubhamiz bor. Ancha yildan beri bo‘layapti bunaqa narsa. Agar bularni aytib sudlarni ochiq qilib qo‘ysanglar, xursand bo‘lardik” dedim.

YeI vakillarining O‘zbekiston Ombudsmeni Sayyora Rashidova, O‘zbekiston Inson huquqlari milliy markazi rahbari Akmal Saidov hamda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari bilan uchrashishi rejalashtirilgan.

Kecha Human Rights Watch tashkiloti Yevropa Ittifoqi vakillari Toshkentda O‘zbekiston hukumati bilan inson huquqlari borasida o‘tkazadigan so‘zlashuvlarida qamoqda qolayotgan huquq faoli Norboy Xoljigitovning taqdirini kun tartibidagi asosiy masala sifatida ko‘tarishi lozimligini ta‘kidlagan edi.

HRW Yevropa Ittifoqini O‘zbekiston hukumati bilan inson huquqlari masalasida pritsipial bo‘lishga va qamoqda qolayotgan barcha huquq himoyachilarini ozod qilishda qat‘iy turishga chaqirdi.

HRW hozirgi paytda O‘zbekistonda o‘z kasbiy faoliyati uchun qamoq jazosini o‘tayotgan 13 nafar huquq himoyachisi (Solijon Abdurahmonov, A‘zamjon Farmonov, Nozim Isoqov, G‘aybullo Jalilov, Alisher Karomatov, Jamshid Karimov, Norboy Xoljigitov, Abdurasul Xudoynazarov, G‘anixon Mamatxonov, Habibullo Oqpo‘latov, Yo‘ldosh Rasulov, Dilmurod Saidov va A‘zamjon Turg‘unov) nomini keltirdi.

YeI vakillarining O‘zbekiston hukumati bilan inson huquqlari borasida ikki kunlik so‘zlashuvlari O‘zbekiston rasmiy matbuoti orqali yoritilganicha yo‘q.
XS
SM
MD
LG