Линклар

logo-print
18 iyun kuni taniqli Sovyet dissidenti Yelena Bonner olamdan o‘tdi. U Vladimir Putinning tanqidchisi va demokratiya himoyachisi edi.

Sovyet Ittifoqi davridagi taniqli dissident Yelena Georgiyevna Bonner 18 iyun kuni 88 yoshida olamdan o‘tdi.

Inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi Moskva Xelsinki guruhining asoschilaridan biri bo‘lgan Bonner Rossiya rahbari Vladimir Putinning tanqidchisi va mamlakatdagi demokratiyaning himoyachisi edi.

Uning qizi Tatyana Yankelevich onasi Massachusset shtatining Boston shahridagi o‘z uyida vafot etganini aytib, o‘lim sababini ma‘lum qilmadi.

Yelena Bonner 1923 yil 15 fevralda Turkmanistonda partiya xodimi oilasida tug‘ilgan.

Uning ota-onasi Sovyet rejimi tomonidan qatag‘on qilingan.

Ikkinchi jahon urushi boshlanganidan so‘ng Yelena Bonner 18 yoshida hamshira bo‘lib frontga ketgan.

Urushdan keyin Bonner tez fursatda Sovyet Ittifoqidagi yetakchi dissidentlardan biriga aylangan.

1972 yilda Yelena Bonner yadro-fizikasi bo‘yicha taniqli olim va inson huquqlari himoyachisi Andrey Saxarovga turmushga chiqqan.

1984 yilda Bonner Gorkiy viloyat sudi tomonidan Sovyet Ittifoqiga qarshi faoliyat olib borganlikda aybdor deb topilib qamoq jazosiga hukm qilgan. U jazo muddatini Gorkiy shahrida o‘tagan.

1986 yil dekabrida Yelena Bonner turmush o‘rtog‘i Andrey Saxarov bilan birga Moskvaga qaytgan.

Keyinroq Bonnerning AQShga sayohat qilishiga ruxsat berilgan.

1975 yil Andrey Saxarovga berilgan Nobel tinchlik mukofotini Bonner Oslo shahrida turmush o‘rtog‘i nomidan qabul qilib olgan. Saxarov 1989 yilda vafot etgan.

Yelena Bonner 1994 yil 28 dekabrga qadar RF Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha komissiya a‘zosi bo‘lgan.

Chechenistonda urush olib borayotgan siyosiy rejim bilan muloqotda bo‘lishni istamagan Bonner komissiyani tark etgan.

O‘sha vaqtdan beri A.Saxarov Jamg‘armasiga rahbarlik qilib kelgan Yelena Bonner so‘nggi yillarda AQShda yashayotgan edi.

Rossiya muxolifatining "Putin ketishi kerakligi" haqida 2010 yil 10 martda xallqa qilgan murojaatiga Yelena Bonner birinchi bo‘lib imzo chekkan edi.

“O‘tyuraklar klubi” inson huquqlari tashkiloti rahbari Mo‘‘tabar Tojiboyeva Yelena Bonnerning vafoti inson huquqlari himoyachilari uchun katta yo‘qotish bo‘lganini aytdi.

- Yelena Bonnerni Andrey Dmitriyevich Saharovning ayoli sifatida tanir edim. Ikkinchidan, Yelena Bonner aynan inson huquqlari himoyachisi sifatida, biz huquq himoyachilari uchun namunali shaxs bo‘lib tanilgan inson edi. Uning hayoti sobiq Sovyet Ittifoqi davriga to‘g‘ri keldi. Unga va Saxarovga qilingan turli xil ta‘qiblar, boismlarni o‘qib, bu rejimning Yelena Bonner, Andrey Saxarov kabi insonlarga nisbatan munosabati qanday ekanini yoshligimdan o‘qib o‘rganganman. Shuning uchun Yelena Bonnerning vafoti men uchun, nafaqat men uchun balki uning izdoshlari bo‘lgan boshqa huquq himoyachilari uchun ham katta yo‘qotish deb aytsam bo‘ladi.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov Yelena Bonnerning huquq himoyachilik faoliyati Rossiya Federatsiyasi uchun katta foyda keltirganini aytdi.

- Sobiq Sovyet Ittifoqi davrida Yelena Bonner katta faoliyat olib borganini yaxshi eslayman. Har bir chiqishida chiroyli so‘zlardi va huquq himoyachisi sifatida juda qattiq tanqid qila olardi. Yelena Bonner Memorial kabi bir nechta tashkilot tuzilishida tashabbuskor bo‘lgan. Boner faol bo‘lgan paytda inson huquqlari tashkilotlari ham juda aktiv faoliyat yuritgan. Rossiya Federatsiyasi Yelena Bonnerdan juda katta foyda ko‘rdi. Hozirgi inson huquqlari tashkilotlari va faollarini Yelena Bonnerning shogirdlari, desak bo‘ladi.

Yelena Bonner juma kuni Moskvaning Vostryakovskiy qabristoniga dafn qilinadi.
XS
SM
MD
LG