Линклар

Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari 24 iyun kuni Rossiyaning Qozon shahrida Tog‘li Qorabog‘ mojarosi bo‘yicha muzokara o‘tkazdi.

Rossiyaning Qozon shahrida 24 iyun kuni o‘tkazilgan so‘zlashuvga uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan Tog‘li Qorabog‘ muammosiga yechim topish yo‘lidagi muhim qadam sifatida qaralayotgan edi.

Biroq Armaniston prezidenti Serj Sarkisyan va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev mojaroni hal etishga yo‘l ochishi mumkin bo‘lgan “asosiy prinsiplar” xususida kelishuvga erisha olmadi.

25 iyun kuni Armaniston Tashqi ishlar vaziri Eduard Nalbandyan nomidan e‘lon qilingan bayonotda Qozon shahridagi uchrashuv muammoni hal etish yo‘lidagi burilish nuqtasi bo‘la olmagani uchun Ozarbayjon tomoni ayblangan.

“Qozon uchrashuvi muammoni hal qilishda burilish nuqtasi bo‘la olmadi. Chunki Ozarbayjon tomoni asosiy prinsiplarning oxirgi variantini qabul qilishga tayyor emasdi”, deyiladi bayonotda.

Nalbadyanga ko‘ra, Ozarbayjon tomoni hujjatga “o‘nga yaqin” tuzatish kiritilishini xohlagan.

Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Elmar Mammadyarov Armaniston "yana ko‘p yon bosishni talab qilib", muzokaralarga putur yetkazganini aytdi.

Rossiya televideniyesi Armaniston va Ozarbayjon prezidentlari muzokara vositachisi bo‘lgan Rossiya rahbari Dmitriy Medvyedev hamrohligida Qozon shahrida yurganlarini ko‘rsatdi. Eslatish joizki, AQSh va Fransiya ham Qorabog‘ muammosini hal etishda vositachilik qilmoqda.

Tog‘li Qorabog‘ tinchlik muzokarasi juma kuni natijasiz tugaganidan keyin ikki davlat rahbarlari vositachilar tomonidan katta bosimga uchramoqda.

AQSh prezidenti Barak Obama payshanba kuni Ozarbayjon va Armaniston rahbarlariga qo‘ng‘iroq qilib, kelishuvga erishishga chaqirgan edi.

Rossiyadagi axborot vositalari muzokara muvaffaqiyatsizlikka uchraganini so‘zlashuvdagi so‘nggi turg‘unlik deya baholab, uning ahamiyatini pasaytirishga urindi.

Ayni paytda ham Ozarbayjon, ham Armaniston juma kungi so‘zlashuvda oldinga siljish bo‘lganini e‘tirof qildi.

Kreml e‘lon qilgan bayonotda tomonlar “yechimi asosiy prinsiplar tasdiqlanishi uchun sharoit yaratadigan qator masalalar xususida kelishuvga erishgani” bildirilgan.

Muammoni hal qilish doirasida ishlab chiqilgan rejaga ko‘ra, Armaniston Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi Ozarbayjon hududlaridan o‘z qo‘shinlarini olib chiqadi va mintaqaga “vaqtinchalik” maqom beriladi.
Yuz minglab qochqinning mintaqaga qaytishiga ruxsat beriladi.

O‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga amal qilinishi uchun mintaqaga xalqaro tinchlikparvar kuchlar kiritiladi hamda Tog‘li Qorabog‘ning maqomi keyingi yillarda hal etilishi nazarda tutilgan.

Ko‘p yillardan buyon muzokaralar davom etib kelayotganiga qaramay, ikki davlat rahbarlari mintaqa haqida hissiyotli bayonotlar berishda davom etmoqda. Shu bilan birga, yangi urush haqidagi xavotirlar kuchaymoqda.

Ozarbayjon o‘z harbiy xarajatlari uchun yiliga uch milliard AQSh dollari sarflamoqda.

Yangi mojaro yuz bersa, unga Turkiya, Eron, Rossiya va mintaqaning boshqa davlatlari tortilishi mumkin, degan xavotirlar bildirilmoqda.
XS
SM
MD
LG