Линклар

logo-print
1 iyun kuni Toshkent shahri bolalar bilan gavjum bo‘ldi. Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari istirohat bog‘larida karusellar ishladi, muzqaymoqlar sotildi.

Toshkent shahridagi maktablarning biridagi 5-sinf o‘quvchisi Maftuna ular uchun maktabda tadbir uyushtirilgani va ularga qo‘g‘irchoqlar teatri tomosha ko‘rastilgani haqida faxr bilan gapirib berdi:

- Teatr qo‘yib berishdi, qizlar chiqdi, qo‘g‘irchoqlar chiqib o‘ynashdi. Mazza qilib tomosha qildik,- deydi Maftuna.

Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanidagi maktablarning biridagi 9 sinfda o‘qiyotgan Ziyodaxon ham maktabda bolalar kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tganini aytadi:

- O‘qituvchilar bolalarni bayram bilan tabrikladi, dasturxon bezashdi, bolalarga bayram qilib berdi,-deydi Ziyoda.

Biroq, bu bolalarning bir kunlik bayrami bir yilga tatigulik bayram bo‘ladi, deydi jarqo‘rg‘onlik O‘rol aka. Suhbatdosh fikricha, qishloq bolalari faqat bolalar kunida bir bor yodga olinadi va qolgan payt esa ular qishloq xo‘jaligi ishlarining beminnat hasharchilaridir:

- Hozirgi O‘zbekiston sharoitida bolalalarning baxtini to‘la-to‘kis ta‘minlashning imkoni yo‘q. Bolalarning bir kun xursand bo‘lgani bu ularning butun yil davomida xursand bo‘lib yuradi degani emas. Mana narx-navoni qarang, osmonda. Bolangizga u istagan yaxshi narsani olib berolmaysiz.

To‘g‘ri, boylarning bolalari yaxshi yashayapti, deb aytish mumkin. Kambag‘alning bolalari esa yil o‘n ikki oy dala ishlariga jalb qilinadi. Mana, hozir butun Surxondaryo vilotyai kollej va litseylarning o‘quvchilari paxta yaganasi va chopig‘igiga olib chiqilgan. Buni baxtli bolalik deb aytib bo‘ladimi?,- deydi jarqo‘rg‘onlik O‘rol aka.

O‘zbekiston hukumati bola mehnatidan foydalanmaslik haqidagi bir qancha xalqaro konvyensiyalarga imzo chekgan, biroq har yili qishloq xo‘jaligi ishlarida bolalar mehnatidan majburan foydalanilayotgani haqida inson huquqi himoyachilari bong urib keladilar. Xorazm viloyatining Xonqa tumanidagi maktablardan birining 5-sinf o‘quvchisi Jamshid kam paxta tergani uchun o‘qituvchi tomonidan jazolangani haqida Ozodlikka gapirgan edi:

- Ustozim kam paxta terding deb, qulog‘imni cho‘zaveradi. Har kuni 25 kilo norma qo‘ygan, o‘zi paxta yo‘q. Terolmasak qulog‘imizni cho‘zaveradi,- deb shikoyat qilgan edi Jamshid.

Qashqadaryolik Anvar bobo ham qishloq bolalarining umri, paxta dalalarida o‘tib ketayotganini aytadi:

- Endi qishloq bolasi shuda. Fermerlar paxtasining yaganasi bormi, chopig‘i bormi shu bolalarning bo‘ynida. Endi shahardagi bolalarga bir muncha yengilroq. Ularga dala ishlari yo‘q. Qishloq bolalari uvol bo‘lyapti, –deydi Anvar bobo.
XS
SM
MD
LG