Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:27

Eron kinochilari o‘z xalqiga va dunyoga birdek yoqadigan kino oldi


"Oskar"ga sazovor bo‘lgan "Sotuvchi" filmidan parcha
"Oskar"ga sazovor bo‘lgan "Sotuvchi" filmidan parcha

Eronlik rejissyor Asqar Farhodiyning (Asghar Farhadi) "Sotuvchi" ("Furushanda") filmi Amerika kinoakademiyasining eng yaxshi xorijiy film kategoriyasida "Oskar" mukofotiga loyiq topildi.

Farhodiy suratga olgan “Nodirning Simindan judoligi” ("Judoii Nodir az Simin") filmi ham 2011 yili Amerika kinoakademiyasining bosh mukofoti "Oskar"ni qozongan ilk musulmon filmi bo‘lgan edi.

Farhodiy va boshqa Eron kinochilarning filmlari dunyoning 60 dan ortiq kinofestivallarida qatnashib “Oltin ayiq”¸ “Oltin globus” kabi obro‘li sovrinlarga loyiq topilgan edi.

Zamonaviy Eron kinosi haqida gap ketar ekan¸ munaqqidlar bu hodisa totalitar Eronning “g‘arb uchun vitrinasi” ekaniga diqqat qaratishadi.

Oliy rutbadagi festivallarning tashrif qog‘oziga aylanayotgan Eron filmlari aslida “tashqariga eksport qilinadigan va totalitarizm ustiga yopilgan yaltiroq parda”mi?

Art-xaus janridagi bu festival kinolarining Eron ichkarisida tomoshabini bormi?

Bobak G‘afuriy Ozariy
Bobak G‘afuriy Ozariy

Bu savolga javob bergan eronlik kinomunaqqid Bobak G‘ofuriy Eron kinochilari o‘z xalqiga va dunyoga birdek yoqadigan kino olishni uddalashganini ta’kidladi:

- Sof artxaus kinolar yoki faqat mahalliy aholi ko‘radigan odmi kinolar Eronda mavjud. Ammo ketma-ket "Oskar" olgan Asqar Farhodiy suratga olgan kinolar o‘rta tabaqaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini aks ettiradi va bu tabaqa tarafidan sevib tomosha qilinadi.

Ozodlik: Eron kinosi Madaniyat va islomiy qadriyatlar vazirligi tarafidan yuz foiz moliyalanadi. Erondagi totalitar rejim mohiyatini fosh qilgan filmlar ayni rejim tarafidan moliyalanishi mantiqqa zid emasmi?

Bobak G‘ofuriy Ozar: To‘g‘ri, Eron Islom Jumhuriyati kino uchun pul beradi, ammo jamiyat ichida “nega bizga qora chaplaydiganlarga” pul berishimiz kerak, degan e’tiroz ham mavjud. Boshqa tarafdan siyosatchilar orasida bu filmlar “Eronni dunyoga tanitadi”, deya xayrihoh kayfiyat ham bor. Agar kinochilar tanqidni kuchaytirishsa bunga chek qo‘yishadi. Og‘aiy Farhodiy esa kinoni shunday mahorat bilan oladi¸ tanqidni dialoglar tagiga edirib yuboradi. Butun muammoni Ezop tilida doston qiladi. Shu bois mulozimlar e’tiroziga o‘rin qolmaydi. Six ham, kabob ham kuymaydi.

Ozodlik: Eronning festivallarda sovrin olayotgan kinolari haqida tasavvurimiz bor. Eronning ichida tomosha qilinib, ostona hatlamagan kinolar haqida gapirib bersangiz.

Bobak G‘ofuriy Ozar: So‘nggi yillarda Eron kinosi qiziq bir jarayondan o‘tmoqda. Farhodiy liderligidagi kinochilar oddiy xalq va chet el festivallarining hakamlari birdek sevib tomosha qiladigan kinolarni yaratmoqda. Masalan Farhodiyning "Sotuvchi" filmi Eronda eng ko‘p tomoshabin to‘pladi. Lekin Rustamiy degan kinochining asarlari istisno. Rustamiy olgan kinolar Eron ichkarisida ommaviy tomosha qilinmaydi. Uning kinolari asaosan chet elda mashxur va qadrli. Rustamiy rus kinochisi Tarskovskiyga yaqin uslubda kino oladi.

Ozodlik: Eronda 10 million kishi turk tilida gaplashadi. Ular uchun bu filmlar turkchaga dublyaj qilinadimi?

Bobak G‘ofuriy Ozar: Eronda ozariy turkchasida ko‘rsatuv beradigan bir televidenie bor. O‘sha yerda kinolar dublyaj qilinib turkiyzabon aholiga namoyish qilinadi. Ayni paytda dunyoga dong‘i chiqqan kinolar mamlakat tashqarisidagi dublyaj shirkatlari tarafidan tarjima qilinish xolatlari bor.

Ozodlik: Sovet Ittifoqida etishgan va Eron kinochilari uchun namuna bo‘lgan kinochilar (Tarkovskiy¸ Parajanov¸ Klimov) ayni paytda rejim tanqidchisi ham bo‘lishgan. Shu ma’noda Eron kinochisining dunyoqarashi bizga qiziq?

Bobak G‘ofuriy Ozar: Eron kinochilari saylovlar paytida islohotchilar tarafida bo‘lishadi. Ularni mo‘’tadil qarashdagi muxolifat desak ham bo‘ladi. Keskin tanqid qiluvchi kinochilar ham bor. Ammo ular qamoqda yoki chetga chiqib ketgan¸ deydi eronlik kino munaqqid Bobak G‘ofuriy Ozar.

XS
SM
MD
LG