Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:29

IIV: Chiqish vizasining bekor qilinishi haqidagi xabarlar hozircha asossiz!


Hukumat 2011 yilda boshlangan biometrik pasportga o‘tish jarayonini hozirga qadar tugallay olmadi.
Hukumat 2011 yilda boshlangan biometrik pasportga o‘tish jarayonini hozirga qadar tugallay olmadi.

20 yanvar kuni O‘zbekiston hukumati rasmiy portalida pasport tizimini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar loyihasi e’lon qilindi. Takliflar orasida “ichki va xorijga chiqish pasportlarini berish tartibini joriy qilgan holda xorijga chiqish uchun ruxsatnoma (stiker) rasmiylashtirish tartibini bekor qilish” ham bor. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ bu loyihani “chiqish vizasi bekor qilinishi mumkin” qabilida talqin etgan mahalliy nashrlarga dakki berilgan va ular bu haqdagi xabarlarini olib tashlashga majbur bo‘lgan. Ichki ishlar vazirligi¸ xususan Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining Ozodlik gaplashgan rasmiylari bu loyihaning qonunga aylanish ehtimoli juda zaif ekanini ta’kidladi.

"O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida" O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasining 20 yanvar kuni muhokamaga taqdim etilgan 2.2. moddasi “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlash” deb ataladi.

Shu maqsadda 2017 yilning 9 oyi davomida IIV,TIV,MXX, DBQ, Bosh prokuratura, Oliy sud, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga “pasport-viza, xorijga chiqish va kirish tizimini takomillashtirish” chora-tadbirlarini ishlab chiqish topshirilgan.

Muhokama qilish taklif etilgan chora-tadbirlar orasida “ichki va xorijga chiqish pasportlarini berish tartibini joriy qilgan holda xorijga chiqish uchun ruxsatnoma (stiker) rasmiylashtirish tartibini bekor qilish va alohida asoslar bo‘yicha xorijga chiqish huquqini sud tomonidan cheklash tartibini kiritish” ham bor.

Bu farmon loyihasi hukumat portalida e’lon qilinishi ortidan ham mahalliy¸ ham xorij matbuoti uni Mirziëev O‘zbekistonda ikki xil pasport tizimi yo‘lga qo‘yib¸ chiqish vizasini bekor qiladi¸ degan mazmunda taqdim etdi.

23 yanvar kuni IIVning Ozodlik suhbatlashgan rasmiysi¸ vazirlik “chiqish vizasi bekor qilinadi” deb xabar tarqatgan O‘zbekistondagi internet nashrlariga dakki bergani ortidan¸ ular bu haqdagi xabarlarni olib tashlaganini bildirdi.

“Chiqish vizasi bekor bo‘ladimi-yo‘qmi?”

Bu savol bilan Ozodlik muxbiri 23 yanvar kuni O‘zbekiston IIV markaziy apparati¸ vazirlik qoshidagi Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi xodimlari¸ shuningdek Toshkent shahar va bir necha viloyatdagi ayni boshqarma vakillari bilan bog‘landi.

Ozodlik suhbatlashgan rasmiylarning aksariyati bu farmon loyihasining hukumat portalida e’lon qilingani va jamoatchilik muhokamasi boshlanganidan mutlaq bexabarligini bildirdi.

“Bizga bu haqda ish boshlashga asos bo‘ladigan birorta rasmiy ko‘rsatma kelmadi”¸ degan gapni aytdi viloyat va Toshkent shahar pasport tizimining Ozodlik gaplashgan rasmiylari.

Yana bir guruh rasmiylar¸ bu takliflar shunchaki muhokamaga tashlangani¸ chiqish vizasi bekor qilinadimi-yo‘qmi¸ ichki va tashqi pasport tizimi qanday bo‘ladi¸ degan savollarga javob berish uchun hech qanday huquqiy asos yo‘qligini aytdilar.

Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish respublika boshqarmasi rasmiylaridan biri¸ jarayonga sal bo‘lsa-da oydinlik kiritishga harakat qildi.

Bu narsa hali taklif¸ xolos. U qabul qilinadimi-yo‘qmi¸ bunisi ham qorong‘u hali. Qabul qilingan taqdirda ham ancha uzoq jaraën bo‘ladi bu. Ichki pasport joriy qilish deganda¸ pasport nazarda tutilmayapti. Gap ID kartalar (shaxsni tasdiqlovchi hujjat - tahr.) haqida borayapti. Hozir fuqarolarning qo‘lidagi biometrik pasport o‘zi aslida zagranpasport ( xorijga chiqish pasporti). Bu taklif hozirgi pasport yo‘q bo‘ladi¸ degani emas. Faqat ID karta kiritilishi mumkin. Buyam hali aniqmas. Bu loyiha 9 oy ichida har tomonlama ko‘rib chiqiladi¸ nomi keltirilgan vazirlik va idoralar o‘z takliflarini o‘rtaga tashlaydi. Bu loyihaligicha qolib ketishi ham mumkin. Chunki qaysidir bir vazirlik qulay degan narsa¸ boshqasiga noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Shuning uchun odamlar hovliqib ketadigan narsa yo‘q bu erda. Stiker ham bekor bo‘lgani yo‘q¸ bekor bo‘lmasa ham kerak. Chiqish vizasi bekor qilinadi degan gaplarda hech qanday huquqiy asos yo‘q hozircha¸ dedi Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish respublika boshqarmasi rasmiylaridan biri.

Ozodlik suhbatlashgan rasmiylar¸ bu takliflarni muhokama qilish uchun to‘qqizta davlat idorasiga berilgan muhlat to‘qqiz oy ekanidan kelib chiqib¸ 2017 yil davomida pasport tizimi¸ xususan¸ xorijga chiqish ruxsatini beruvchi stikerlarning bekor qilinmasligini komil ishonch bilan ta’kidladilar.

2011 yil yanvarida pasport tizimini takomillashtirish maqsadida O‘zbekistonda biometrik pasportga o‘tish jaraëni boshlangan va bu jarayon 2015 yilning 31 dekabriga qadar tugallanishi ko‘zda tutilgan edi.

Ammo o‘zbekistonliklarni biometrik pasport bilan ta’minlashdagi surunkali uzilish va boshqa murakkabliklar tufayli bu jaraën belgilangan muhlatda tugallanmadi va hukumat uni 2018 yil 1 iyuliga qadar uzaytirishga majbur bo‘ldi.

O‘zbekiston o‘z fuqarolari turli tekshiruv va suhbatlardan so‘ng oladigan fuqarolik pasporti bilan xorijga chiqish uchun alohida ruxsatnoma talab qiladigan dunyodagi ikki davlatning biri hisoblanadi.

Chiqish viza tizimi saqlanib qolayotgan ikkinchi davlat Shimoliy Koreyadir.

XS
SM
MD
LG