Линклар

logo-print

Blog: Zamonaviy "tozalik" haqida


Balki maktab bolalariga ko'cha tozalattirish bir ma‘noda o‘sib kelayotgan avlodni tozalik hissiga o‘rgatishdir?

Balki maktab bolalariga ko'cha tozalattirish bir ma‘noda o‘sib kelayotgan avlodni tozalik hissiga o‘rgatishdir?

"Yosh to'lqin" taxririyati: Bizning yana bir bloggerimiz bilan tanishing. Ismi Maysara, O'zbekiston poytaxti Toshkenti azimdan.

Toshkent ko‘chalarini hech kezganmisiz? O‘zingizni xuddi bu ko‘chalarda tug‘ilib o‘sgan, sho‘xligingiz ularning chang to'zoni bilan birga ko‘tarilib, birga tinggan kabi emas, balki bir sayyoh kabi aylanganmisiz? Bir o'ylab ko'ring-a, chetdan kelgan inson bizning shaharda, unda yashovchi odamlarda birinchilardan bo'lib nimasiga e'tibor beradi?

Chet ellik bo'lmasamda, shahardagi katta katta reklama lavhalariga qarar ekanman, ularning ostida qora qoplarga solib yo‘l chetida tezgina tashlab ketilgan axlat qopchalariga ko‘zim tushadi. Inson taraqqiyoti va qulay hayoti uchun o‘ylab topilgan kashfiyotlar shahar ko‘chalarida axlat qopchalar ko‘rinishida “chiroy” baxsh eta boshlaydi.

Avtobusda ketayotib esa qo‘lidagi po‘stloqni osonlik bilan ko‘chaga uloqtirgan yo'lovchilarga ko'zim tushadi. Uyimizdagi axlat qoplarini sekingina suqmoqning yoki ariqning bir chetida qoldirib ishga shoshamiz. Jamiyatimizdagi bunday voqealarni kuzatib, tozalikni ulug'lagan o'zbekchilik qayoqqa ketdi ekan, deb o'zimga o'zim savol beraman. Ahir o'z maqolu-matallarida biz kabi tozalikni ulug'lagan millat bo'lmasa kerak.

Chexovning “Pecheneg” asarini o‘qiganmisiz? Bir o‘qib ko‘rishni tavsiya qilaman. Chunki zamondoshlarimiz chiroyli gapu, falsafalarni yaxshi ko‘radi-yu, ammo amal qilish borasida biroz oqsaydi-da. Shahar ko‘chalarini toza tutish esa har doimgiday faqat supuruvchilarning vazifasi bo‘lib qolaveradi. Chunki ishonchimiz komilki, bizning axlat tashlamaslikni odat qilishimiz bilan hech narsa o‘zgarmaydi. Har birimiz shunday o‘ylaymiz. Biz o‘zimizni omma deya qabul qilamiz. Yagona inson sifatida ko‘ra olmaymiz. Shuning uchun ham hamma qilgan ishni qilishni afzal ko‘ramiz. O‘z individual fikrimizni aytishga, tabiatimizni ko‘rsatishga qo‘rqamiz.

Bu medalning bir tarafi. Endi ikkinchi tarafiga qiyo boqsak. Bu tarafi ko‘pchilikka ma‘qul kelmasov. Shahar ko‘chalarini tozalash o‘quvchi farzandlarimiz, maktab o‘qituvchilarimizning zimmasiga yuklatilgan. Bu balki yo‘q narsadan hikmat qidirish bo‘laru, ammo balki bu bir ma‘noda o‘sib kelayotgan avlodni tozalik hissiga o‘rgatish, o‘qituvchilarni esa shunday bolalarni tarbiyalashga undashdir?! Va yana otgan toshimiz o‘zimizga qaytmoqda.

Holva, holva deyish bilan og‘zimiz shirin bo‘lmasada, hech bo‘lmaganda chiroyli va turli ohangda holva deyishni o‘rganamiz-da, deb o‘zimni ovutib qo‘ydim. Axir, oxirgi paytlarda og‘iz bilan ish bitirishni o‘zimizga odat qilib oldik ku. Bizning to‘ti kabi holva deyishimiz, balki, boshqalarning joniga tegib o‘sha qurg‘ur holvani olib kelib qo‘yishar oldimizga.

Shunday qilib ko‘z o‘ngimizda 3D formatli medal hosil bo‘ldi. Ha, aygancha, bizda 3D format yo‘q, chunki 5D format yonida uchligi ip esholmay qolishi bizga xuddi o‘sha tepaga osilgan reklamalardan ma‘lum. Zamonaviy texnologiyalardan ham ortda qolmaymiz, oyog‘imiz ostiga esa biiir vaqt bo‘lganda qarab ko‘rarmiz! Albatta ungacha axlatlar ostida qolib ketmasang. Bobolarimiz, osilsang baland dorga osil, deb o‘git qoldirishgan, axir.

Siz nima deysiz, aziz mushtariy?

--
Siz ham "Yosh to'lqin" loyihasida blogger bo'lishni istaysizmi? Unda bu yerga kiring.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG