Линклар

logo-print

O‘tgan yilning 10 iyun kuni O‘shda zo‘rlangan ayollardan biri oradan bir yil o‘tganiga qaramay, o‘sha mudhish hodisalarni unuta olmayotganini aytadi.


Oila a‘zolari, yaqinlari O‘sh qirg‘ini paytida zo‘rlanganligini shu paytgacha bilishmagani bois suhbatdoshimiz bo‘lgan o‘shlik ayol ismini oshkor qilmaslikni ma‘qul ko‘rdik.

Ikki bolaning onasi bo‘lgan 34 yoshli bu ayol 10 iyun kuni tunda Cheremushki mavzesida bir necha shaxs tomonidan zo‘rlangan edi va bu haqda Ozodlik avval lavha tayyorlagandi.

Ayolning aytishicha, o‘shandan buyon uning ahvol ruhiyasi tobora yomonlashgan.



- Kasalim ko‘paygan sari ko‘paydi. Tanishim yuragidan hadya qilib, Rossiyaning Moskva shahriga olib borib, davolatib keldi. Orada gepatit bilan kasal bo‘lib qoldim. Vrachlarning aytishlari bo‘yicha, infeksiyadan chiqqan kasallik ekan. Borib davolanib kelgan bo‘lsam-da, nimagadir sog‘ emasman. Farzandlarimni onam tarbiya qilayapti.

Ozodlik: Siz bilan intervyu qilganimizdan keyin o‘zbek yigitlari "shu ayol rozi bo‘lsa, uylanamiz" deb chiqishgan edi.

- Yo‘q, nimagadir u narsaga rozi bo‘la olmayapman. Rahmat hammasiga, minnatdorchiligimni bildiraman. Nafaqat boshqa erkak, mening yaqinlarim, jigarlarim erkalab yaqinlashsa ham, shu narsani to‘g‘ri qabul qila olmayapman. Balki keyinroq, lekin hozir tayyor emasman, - dedi bir yil oldin zo‘rlangan ayollardan biri.

Suhbatdoshimiz oradan ancha vaqt o‘tganiga qaramay, boshidan kechirgan mudhish voqealarni unuta olmayotganini aytadi.

- Ruslar aytganidek, vaqt davolaydi. Meni vaqt davolay olmayapti. Men og‘irlashib ketayapman. Xayolimda doim u voqealar. Bilmadim, balki boshqacha davolari bordir. Yo bir ruhiy tomonidan ko‘rinishim kerakdir. Yo Ollohning o‘zi to‘xtatib qo‘yadimi bu narsani, o‘yimni, fikrimni. Lekin hozircha tayyor emasman.

Ozodlik: Sizga zo‘rlik ishlatgan odamlarni kechira oldingizmi?

- Yo‘q, hech qachon. Ular kelgan kunga ming la‘nat, ketgan kunini Olloh biladi. Nimaiki, qilsa hammasining jazosi bor. Men Ollohga topshirib qo‘yganman.

Suhbatdoshimiz zo‘rlash hodisasi bo‘yicha mahalliy huquq-tartibot idoralariga ham murojaat qilmagan ekan.

- Ularga militsiyadan qanday jazo bo‘lishi mumkin. Hech qanday jazo bo‘lmaydi. Ularning o‘zi boshchi-ku u narsalarga. Men faqat Ollohdan so‘rayman, - dedi o‘shlik zo‘rlangan ayol.

O‘shdagi ayollar tashabbus guruhi vakillari faqat O‘sh shahrining o‘zida 13 nafar zo‘rlangan ayol borligi haqida aniq ma‘lumotlarga ega ekanlarini bildirishdi. Guruh vakillariga ko‘ra, zo‘rlangan o‘zbek ayollarining aksariyati or-nomus vajidan o‘tgan yilning iyun oyida boshlaridan kechirgan mudhish voqealarni ommaga oshkor qilishdan cho‘chimoqdalar.
XS
SM
MD
LG