Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:37

Gulnora bilan kelishuv shvedlarga qimmatga tushishi mumkin


TeliaSonera yuzlab million dollar pul o‘tkazgan offshordagi Takilant shirkati egasi sifatida Gulnora Karimovaning yaqin gumashtasi Gayane Avakiyan qayd etilgan.
TeliaSonera yuzlab million dollar pul o‘tkazgan offshordagi Takilant shirkati egasi sifatida Gulnora Karimovaning yaqin gumashtasi Gayane Avakiyan qayd etilgan.

Uchdan bir qism aktsiyalari Shvetsiya hukumatiga qarashli TeliaSonera shirkati O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoriga kirish uchun prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimovaga 320 million dollar pora berganlikda ayblanmoqda. Bu ayblov ortidan Shvetsiyada yuzaga chiqqan janjal shirkat rahbarlari iste‘fosi va uning O‘zbekistondan chiqib ketishi bilan tugashi mumkin.

TeliaSonera O‘zbekistondan chiqib ketishi mumkin


O‘zbekistondagi yirik mobil aloqa operatori UCell egasi Shvetsiyaning TeliaSonera prezidenti shirkatning O‘zbekistonda davomli qolishi uchun tijoriy va boshqa sharoitlarning qanchalik rag‘batli ekani muntazam o‘rganilayotgani va bu sharoit maqsadga muvofiq deb topilmasa¸ shirkat O‘zbekistonni tark etishi mumkinligini bildirdi.

TeliaSonera prezidenti Lars Nyubergning bu bayonoti 20 sentyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida yangradi.

Ayni shu anjumanda TeliaSonera prezidenti 2007 yilda O‘zbekiston hukumatidan litsenziya olish uchun rejim¸ aniqrog‘i Gulnora Karimovaga millionlab dollar pora berganlik ayblari yuzasidan javob berishga majbur bo‘ldi.

Shvetsiya jamoatchilik televideniyesining 19 sentyabr kungi “Vazifa:Tekshirish” deb nomlangan ko‘rsatuvida namoyish etilgan "TeliaSonera - o‘zbek ishi" deb nomlangan hujjatli filmda uchdan bir qism aktsiyalari Stokholm hukumatiga qarashli bo‘lgan TeliaSonera sha‘niga o‘ta jiddiy ayb qo‘yildi.

Filmda shved shirkati 2007 yilda o‘zbek mobil aloqa bozoriga kirib¸ UCell korxonasini ochish uchun Gulnora Karimovaga 337 million AQSh dollari miqdorida “otkat” berganlikda ayblanmoqda.

TeliaSonera ayblovlarni rad qildi


20 sentyabr kungi matbuot anjumanida TeliaSonera prezidenti Lars Nyuberg hujjatli filmdagi ayblovlarini keskin rad etdi.




Ayni paytda¸ TeliaSonera bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida shirkatdan mustaqil odamlar yollanishi¸ agar shirkatning O‘zbekistonda g‘ayriqonuniy va g‘ayriaxloqiy ishlarga aralashgani isbotlansa¸ o‘zining iste‘foga ketajagini e‘lon qildi.

Stokholmdagi matbuot anjumani tugashi bilan Ozodlik savollariga javob bergan TeliaSonera shirkati vitse-prezidenti Sisiliya Edstrom ham o‘z boshlig‘i bayonotini so‘zma-so‘z takrorladi:

- Bizning nuqtai nazarimizdan¸ hech kimga pora bermaganimiz¸ hech qanday pul yuvish operatsiyasiga aralashmaganimiz borasida ishonchimiz komil. Ammo bu jurnalistlar bizga qarshi o‘ta jiddiy ayblov qo‘ymoqda. Biz pul o‘tkazgan shirkat risoladagiday ro‘yxatdan o‘tgan va biz sotib olgan chastota va litsenziyaning egasi sifatida huquqiy maqomga ega edi. Biz shartnoma tuzgan shaxsning bu shirkat nomidan ish ko‘rish vakolati bor edi. Biz o‘tkazgan surishtiruvdan shular aniqlandi va bundan boshqa narsa chiqmadi¸ deydi 20 sentyabr kuni TeliaSonera prezidenti bilan matbuot anjumani o‘tkazgan shirkat vitse-prezidenti Sisiliya Edstrom xonim.

Shvetsiyada mojaro pishib yetilmoqda


19 sentyabr kuni Shvetsiyaning SVT jamoatchilik televideniyesi namoyish qilgan hujjatli film¸ shu kuniyoq mamlakatda shov-shuvga sabab bo‘ldi va hukumat va TeliaSonera koridorlarida jiddiy mojaro boshlanishiga asos bo‘ldi.

- Bu hozirda Shvetsiyadagi juda-juda katta voqeaga aylandi. Kecha film namoyish qilinishi ortidan Jamoatchilik holdinglari bo‘yicha davlat vaziri televideniyeda chiqish qilib¸ qo‘yilayotgan ayblovlarning nihoyatda jiddiy ekani va bu savollarga aniq javob berilishi lozimligi haqida bayonot berdi. Ayni paytda¸ Shvetsiyada jiddiy moliyaviy firibgarliklarni taftish qiluvchi maxsus davlat idorasi bor. Bu idora ham vaziyatni yaqindan kuzatmoqda va tez orada TeliaSoneraning O‘zbekiston hukumatidan qanday qilib chastota va lizentsiyani sotib olgani yuzasidan rasmiy jinoiy ish ochilsa kerak¸ deydi hujjatli film mualliflaridan biri Fredrik Laurin Ozodlik bilan suhbatda.

“TeliaSonera - o‘zbek ishi” xulosalari


Fredrik Lauringa ko‘ra¸ uchdan bir qismi Shvetsiya hukumatiga qarashli bo‘lgan va o‘z biznes etikasi bilan muntazam maqtanib keladigan TeliaSonera shirkati qanday qilib O‘zbekiston kabi siyosiy korruptsiya botqog‘iga botgan diktatorlik davlatiga kirib¸ bu davlatda “toza” biznes qilayotgani borasida tug‘ilgan savollar¸ olti oy muqaddam o‘zi va ikki hamkasbini keng ko‘lamli surishtiruv o‘tkazishga undaydi.

Film mualliflari bilan suhbatda Markaziy Osiyo bo‘yicha shved tahlilchilari¸ O‘zbekistonda pora bermasdan biznes qilishning deyarli imkonsiz holat ekanini aytadilar.

Mustaqil hisobotlarda¸ dunyoning eng korruptsiyalashgan rejimi deb kelinadigan O‘zbekiston hukumati bilan TeliaSoneraning ilk kelishuvi 2007 yilda amalga oshirilgan.

TeliaSoneradan chiqqan millionlab dollar pul¸ hujjatli film egalari ta‘kidicha¸ oxir-oqibat Gulnora Karimovaga qarashli qo‘g‘irchoq shirkatlar hisobiga birib tushmoqda.
TeliaSoneradan chiqqan millionlab dollar pul¸ hujjatli film egalari ta‘kidicha¸ oxir-oqibat Gulnora Karimovaga qarashli qo‘g‘irchoq shirkatlar hisobiga birib tushmoqda.
Ammo shved hukumati uchdan bir qism mulkdori bo‘lgan TeliaSoneraning O‘zbekiston bozoriga kirishga yo‘l ochgan bu kelishuv Toshkent yoki Stokholmda emas¸ O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi va TeliaSonera o‘rtasida emas¸ balki Toshkentdan 6300 kilometr uzoqlikda joylashgan Gibraltardagi Takilant Ltd. shirkati bilan imzolanadi.

Gibraltar kabi offshor hududlar esa soliqdan qochish yoxud haqiqiy egalari kimligini yashirishni maqsad qilganlar uchun jannatmakon yerdir¸ deydi Takilant tagiga yetish uchun u ro‘yxatdan o‘tgan Gibraltarga sayohat qilgan shved jurnalistlari.

Registratsiya qog‘ozlarida manzili 26 Main Street deb ko‘rsatilgan Takilantni bu manzildan topa olmagan muxbirlar¸ Gibraltarda shirkatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish idorasiga borib¸ Takilantga oid bir necha varaqlik qog‘ozlarni oladi. Bu qog‘ozlarda Takilant egasi sifatida birgina shaxs – 1985 yilda tug‘ilgan Gayane Avakiyan ko‘rsatilgan.

Gulnora Karimova o‘z gumashtasi Gayane Avakiyan bilan Parijdagi Dior modalar kollektsiyasi namoyishida. 2011 yil.
Gulnora Karimova o‘z gumashtasi Gayane Avakiyan bilan Parijdagi Dior modalar kollektsiyasi namoyishida. 2011 yil.
27 yashar Gayane Avakiyan esa¸ O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ichi Gulnora Karimovaning yaqin odamlaridan biri va u o‘tkazib keladigan turli moda loyihalari direktori hamdir.

Ayni Gayaan Avakiyan¸ hozirda Shveytsariya Bosh prokuraturasi boshlagan o‘zbek pullarining yuvilishiga oid keng ko‘lamli jinoiy ishdagi asosiy shaxs va Shveytsariya tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan.

To‘rt O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan ochilgan bu jinoiy ish figurantlari yuzlab million dollarni o‘z ichiga oluvchi yirik pul yuvish operatsiyalarini amalga oshirganlikda ayblanmoqda va ular hisobidagi bu pullar hozirda Shveytsariya Bosh prokurori buyrug‘i bilan muzlatib qo‘yildi. Shveytsar tergovchilari taxminicha¸ bu to‘rtala shaxs bank hisoblari orqali harakatlangan yuzlab millionning asl egasi Gulnora Karimova bo‘lishi mumkin.

Izlar Gulnora Karimovaga yetganda yo‘qolmoqda

Shunday qilib bir-biridan mustaqil surishtiruv va tekshiruv o‘tkazayotgan shved jurnalistlari va Shveytsariya tergovchilari ixtiyoridagi ma‘lumot va hujjatlar bir shaxs - O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova kelib taqalmoqda.

Takilantni bevosita ro‘yxatga olgan agent Jonatan Stagnetto shved muxbirlari bilan suhbatda¸ offshor qoidasiga ko‘ra¸ shirkatlarning nima bilan shug‘ullanishiyu¸ ularning asl egalari kimligini surishtirish o‘z ishiga kirmasligini aytadi.

Ayni paytda¸ bu sohada 23 yillik tajribaga ega Stagnetto Takilant egasi deb qayddan o‘tkazilgan Avakiyan kabi shaxslarning shunchaki qo‘g‘irchoq ekani¸ bu shirkatlar va ular orqali qilinadigan moliyaviy operatsiyalarning asl egasi¸ ayniqsa O‘zbekiston sharoitida¸ boshqalar bo‘lishi haqiqatga juda yaqin ekanini aytadi.

Jurnalistik surishtiruv davomida¸ TeliaSoneraning Takilantga to‘lagani aytilgan 2 milliard 200 million kronning Takilant kirim-chiqim daftarida mutlaq qayd etilmagani aniqlanadi.

Takilantning izi Gibraltardan Rossiyaga eltgani¸ ammo Rossiyada izsiz yo‘qolganini o‘rgangan film mualliflari qo‘lga kiritganlari moliyaviy hujjatlarni sharhlashni so‘rab Shvetsiyadagi moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish borasidagi eng nufuzli mutaxassis Lars Hammarga murojaat qiladilar.

- Bu yerda gap yo pul yuvish yoki otkat to‘lash haqida bormoqda. Bu qog‘ozlar Takilantga to‘langan pullarning amalda prezidentning qiziga berilganini ko‘rsatishi mumkin. Bu kelishuvning toza emasligini aytayotgan yagona shved men bo‘lmasam kerak. Bu kelishuvning sassig‘i chiqayotir¸ deydi Takilant bilan TeliaSonera kelishuvini o‘rgangach Hammar.

Shveytsariyadagi bank hisoblaridan ham qo‘lansa hid chiqmoqda


- Iyul oyida ikki o‘zbek fuqarosi Jenevada qamoqqa olindi va shundan so‘ng Shveytsariya adliya tizimlari nihoyatda keng ko‘lamli tergov jarayonini boshladi. Bu yerda gap yuzlab million dollar pul haqida bormoqda va buning ko‘lami “arab bahori” davrida shveytsar hukumati muzlatgan pullar bilan aynidir¸ deydi Shveytsariya surishtiruv jurnalistikasi namoyandasi Yves Steiner.

Bu jurnalistga ko‘ra¸ hozirda Shveytsariya Bosh prokuraturasi olib borayotgan bu tergov jarayoniga xalqaro maydondagi yirik telekommunikatsiya shirkatlari va bir necha davlat moliyaviy tizimlari tortilgan.

- Bu hozirga kelib Frantsiya¸ O‘zbekiston¸ Rossiya¸ Buyuk Britaniya va Shvetsiyani o‘z ichiga olgan xalqaro tergovga aylandi. Bu tergovdagi markaziy figuralardan biri Gayaane Avakiyandir. Shvetsiya Adliya vazirligi va TeliaSonera ham bu tergovda bor. Ammo bu tergov o‘ta maxfiy bo‘lgani bois¸ hozircha unga oid tafsilotlarni olish qiyin¸ deydi Shveytsariya bank tizimlari faoliyatini yaqindan o‘rganib kelayotgan Steiner.

Toshkent "aybdor"ni topdi


Hozircha na Toshkent hukumati va na Gulnora Karimova Shvetsiya va Shveytsariyadan chiqayotgan ayblovlarga munosabat bildirganicha yo‘q.

Shvetsiya jurnalistlari¸ Shveytsariyada esa¸ tergovchilar Gulnora Karimovaning yuzlab million dollarlik pul yuvish operatsiyalariga aloqadorligini sinchkovlik bilan o‘rganib¸ undan bu borada javob kutayotgan bir paytda¸ prezidentning erkasi Toshkentda g‘arblik zodagon dugonalari uchun navbatdagi ko‘ngilxushlik uyushtirishga hozirlanmoqda. Shu kunlarda 4-9 oktyabrda Toshkentda o‘tkaziladigan ArtWeekStyle.uz moda haftaligiga keladigan mehmonlar ro‘yxati ustida qizg‘in ish bormoqda.

Ayni paytda¸ bu janjal sasi Toshkentda ham bilvosita ask-sado berdi - 20 sentyabr kuni O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligining sobiq direktori va O‘zbekiston telekommunikatsiya bozorining uzoq yillar rasmiy egasi bo‘lib kelgan Abdulla Oripovga qarshi jinoiy ish ochilgani ma‘lum bo‘ldi.

Toshkent MTS¸ ayni paytda¸ TeliaSonera bilan bog‘liq mojarolar uchun Abdulla Oripovni balogardon qildi.

Kuzatuvchilar fikricha¸ pul yuvish va otkat uchun butun aybni telekommunikatsiya sohasidagi rasmiy vakolatlar egasi Abdulla Oripovga to‘nkash bilan Gulnora Karimova yana suvdan quruq chiqishga urinayotgan bo‘lishi mumkin.
XS
SM
MD
LG