Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:38

Blog: Googoosha yana qo‘shiq aytishga urinib ko‘rdi


Prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Buxoroning Eski shahrini bir necha kunga yoptirib qo‘yib suratga olgan "Round Run"("Girdikapalak") qo‘shig‘i klipi ayni kunlarda O‘zbekiston telekanallaridan tushmay qoldi.

Googooshaning "Round Run" qo‘shig‘iga olingan yangi klip - nisbatan chog‘roq bo‘lgan jamoamizda mana ikki kundirki, bahs-munozaralar ob‘ekti.

Ko‘p masalalarda tili chiqishadigan hamkasblarim shu klipga qolganda bir-birini tushunolmay garang.

- Chiroyli olinibdi, dedi klipni yoqtirganlar.

- Bema‘ni, dedi ularning hariflari.

Tomonlar bir-biroviga yon bermadi. Bahs avj oldi. Xona harorati ko‘tarilib ketdi. Derazalarni ochsak ham foydasi bo‘lmadi.

A‘zolari soni toq bo‘lgan jamoamiz 50 ka 50 bo‘lindi.

Chunki men xolis qoldim.

Xolis bo‘lmasam bo‘lmaydi. Chunki “Televizor”ning bugungi soni shu klip to‘g‘risida.

Bas, o‘zbekning Ozodlikdagi kichkina jamoasida shunchalik bahsga sabab bo‘lgan ekan, demak o‘zbekning katta jamoasi ham gapirayotgan bo‘lsa kerak Googooshaning klipi to‘g‘risida, deb o‘yladim.

Xo‘sh, klip to‘g‘risida kim nima degan, kim qanday yozgan bo‘lar edi?

Masalani shu taxlit qo‘yib, faraz qildik.

Farazlarimizga o‘tishdan oldin bir

Real sharh

bilan tanishing:

Youtubega joylashtirilgan klip tagidan mana bu pozitiv sharhni topdik:

“Qoyil zo'r chiqibdi bu O'zbekiston uchun juda katta natija”.

Klipni Internet orqali mamlakat tashqarisida ham ko‘rganlar ko‘p bo‘lishi, ular orasida

andijonlik qochqinlardan biri, 26 yashar novvoy yigit

ham bo‘lishi mumkin. Mana uning degani:

- Gunnoraxondi klipini ko‘rdim. Omalekin bola pachag‘ini chiqarip, teship-pishirip qo‘yipti. Haligi tomma-tom yugurip yurgan bolani aytyappan. Oldin o‘zimizi Valijon bo‘sa kerey debo‘yladim. O‘xshamadi. Valijon sal pachag‘raq. Ashinchun G‘ayrat bo‘sa kerey, dedim. Unaqa desam G‘ayratlaram ikkita. Bittasi qiziqchi, bittasi bokschi. Qiziqchisi bo‘sa kerey har holda. Bokschisi Amerkadaku. Har holda ertaga birodarlardan so‘rapko‘ramanda. Kimisi bo‘sayam mayli, o‘zimizzi anjanlik. Klip o‘zi yaxtiyu ko‘ribo‘tirip nastrenyam buzlip ketti. Anjandan qochkanimizdan beri Anjan bo‘shap qog‘andey tuyulo‘vrardi. Buxoroyam bo‘m-bo‘sha. Bitta Gunnoraxonu uni yigitini o‘ynagan G‘ayrattan boshqa hichkim ko‘rinmadi. Aytkancha, G‘ayratka nechipul berdiykin Gunnora?

O‘zTVning “Axborot” dasturi:

Jahon madaniyati durdonalaridan bahramand bo‘lish shaxs ma‘naviyatini boyitadi, o‘z mehnati mahsulini hamfikrlar va muxlislar bilan baham ko‘rish imkoniyati esa ijodkorga qanot bag‘ishlaydi.

Davlatimiz rahbari Islom Karimov yetakchiligida olib borilayotgan islohotlar nafaqat yosh ijodkorlar, balki o‘rta yosh ijodkorlar uchun ham keng yo‘l ochib berdi.
O‘rta yosh avlod vakili, xushovoz xonanda Gugushaning yangi klipidan esa, Yurtboshimiz olib borayotgan oqilona siyosat tufayli ko‘hna va hamisha navqiron Buxoroday shahri azimning yo‘llari bo‘shatib ham berilganiga guvoh bo‘lamiz.

Shoir Shig‘irjavon Parvoniyning klip munosabati bilan yozgan dostoni zamonidan uzindi:

Gunnoraxon klipiz lek miravo‘y,
To‘g‘ri gap bu. Yo‘q tudavo‘y – sudavo‘y.
Bir narsani tushunmadim, aytingiz,
Bola muncha chopqillaydi? Delavo‘y?

Shig‘irjavon Parvoniyning o‘z she‘ri ostida bergan lug‘ati:

Miravo‘y – o‘richcha “mirovoy”dan, zo‘r degani.
Tudavo‘y – sudavo‘y – o‘richcha “tuda-syuda”dan. Har-xil dvijenya-pvijenyasiz, degani.
Delavo‘y – o‘richcha “delovoy”, so‘zidan, borzet qilyapti, degan ma‘noda.

Yirtiqyaktak mahalla guzaridagi Chegali Choynak choyxonasining kunda-shundasi, Arab bahori bo‘yicha ixtisoslashgan siyosatshunosning ulfatlariga shivirlab degani:

- Klippi ko‘rdilarizmi? Undagi yigitning tomma-tom yugurib yurishi ma‘nisini chaqinglar. Quruqparmidiyey, Poraxo‘rmidiye... ha esladim, parkur deyiladi uning yugurishi. To‘siqlarni oshib o‘tish degan bir o‘yin-da! Xo‘sh, bu bilan nima demoqchi prizidentti qizi? Pikir qilinglar. O‘ylanglar. Gulnora bu bilan xalqni isyonga chaqiryapti. Shunaqa qilib to‘siqlarni oshib o‘tmasalaring, nafaqat Buxoro, balki butun mamlakat klipimdagiday kimsasiz bo‘lib qoladi, shuning uchun harakatinglarni qilinglar, demoqchi. Taxtni tortib olmoqchida u. Tarixda bunaqa ishlar ko‘p bo‘gan...

Tarixiy yodgorliklarni himoya qilish jamiyati shikoyatining yuqori tashkilot chiqindi paqiridan topilgan parchasi:

“...biz komil ishonch bilan aytamizki, Gugusha - Gulnora Karimovaning qo‘shig‘iga klip olishda Buxoroning tarixiy va me‘moriy yodgorliklari tahdid ostida qolgan, ba‘zi inshootlar devorlari kamera o‘rnatish uchun teshilgan, ya‘ni YuNESKO talablari hamda mahalliy qonunlar qo‘pol ravishda buzilgan. Aytilganlardan kelib chiqib, Gugusha - Gulnora Karimovaga Buxoro va buxoroliklarga yetkazgan moddiy va ma‘naviy zararini qoplash uchun yirik miqdorda jarima solishni talab qilamiz. Undirilgan zarar Buxoro yodgorliklarini ta‘mirlash jamg‘armasiga o‘tkazib berilsin...”

(Shikoyatning boshi kabi oxiri ham yirtib tashlangani uchun imzolarni keltira olmadik)

***

Mening fikrim

Ko‘rib turibsizki, aziz o‘quvchi, Googooshaning yangi klipi hech kimni befarq qoldirmadi.

Men ham xolisman, deb o‘tiraverishim to‘g‘ri emas.

Klip menga yoqdi. Umuman – yoqdi. Hatto xonandaning o‘ziyam. Ko‘hlikkina, to‘g‘rimi?

Faqat u kishi o‘zini biroz qiynab qo‘ygani chatoq bo‘pti. Qo‘shiq aytishga uringanini aytaman-da.

A tak, nichego...

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:51 0:00
Бевосита линк
XS
SM
MD
LG