Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:56

Blog: “Bilayn” mijozlarni shilishning yangi usulini amalga kiritdi


20 noyabrdan “Bilayn” uyali aloqa kompaniyasi Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatidagi mijozlari uchun “Ovozli pochta” xizmatini amalga kiritdi. Aslida qo‘shimcha xizmat turi sanalgan va ma‘lum to‘lov evaziga ishlaydigan ovozli pochta he yo‘q, be yo‘q - hamma mijozlar uyali telefonida azza-bazza ishlab ketdi deng. Majburiy tarzda!

Xizmatning ishlash tartibi shunday: kimgadir qo‘ng‘iroq qilayotgan bo‘lsangiz, beshinchi gudokdan keyin avtomatik ravishda ovozli pochta ishga tushadi. Ya‘ni beshinchi gudokkacha go‘shakni ko‘tarmagan – qo‘ng‘irog‘ingizga javob bermagan tanishingizga ovozli xabar qoldirish imkoniga ega bo‘lasiz. Albatta, ovozli xabar qoldirish xizmati joriy qilingani yaxshi. Ammo mushuk bekorga oftobga chiqmaganidek, har bir xabar 3 sent turadi-da. Buni esa hamma mijozning ham cho‘ntagi ko‘taravermaydi.

“Signaldan keyin xabaringizni qoldiring” degan mazmundagi xabar tugar-tugamas hisobingizdan 3 sent yechib olinadi. Deylik, xayol bilan bo‘lib chaqiruvni to‘xtatmasangiz, “falon qiling, pismadon qiling” deb uqtirayotgan robot-maslahatchi gapiga mahliyo bo‘lib qolsangiz, tamom, 3 sent qulog‘ini ushlab ketdi!

Telefon funktsiyalarini unchalik tushunmaydigan, “texnologiyabexabar” mijozlarni aytmang, har bir javobsiz qolgan chaqiruvdan bekordan-bekorga 3 sentyutqizadi. Garchi ovozli pochta xizmatidan foydalanmasa ham!

3 sentni minglab mijozlarga ko‘paytirib ko‘ring, bir kunda kompaniya qancha mablag‘ yutishini taxminan tasavvur qilasiz!

Eng qizig‘i, majburiy tarzda joriy qilingan pullik xizmatni SMS yuborib ham o‘chirtirolmaysiz. Xizmatdan qutulish uchun “Bilayn” Sall markaziga telefon qilasiz. Ammo sadoqatli mijozlarga otning qashqasidek ma‘lumki, Sall markaziga qo‘ng‘iroq qilib bog‘lanishdan ko‘ra Xorazmdan “Bilayn”ning bosh ofisiga kelib ishni bitirish osonroq.

O‘zimdan misol, ming bir urinishdan keyin Sall markaziga tushdim ham. Qo‘ng‘iroqdek ovozli qizdan ovozli pochta xizmatini o‘chirishni so‘rasam, “Sistema hozircha ishlamayapti, keyinroq o‘chiramiz” dedi, ketidan quyuqqina uzr ham aytdi.

“Bilayn” kompaniyasining o‘zi ovozli pochtani “Betakror xizmat” deb jar soldi! “Bari mijozlar uchun” deb mahobat qildi. Agar bu xizmat tekin bo‘lganida edi, bu alvon shiorlarga ishonsa bo‘lardi.

Birinchidan, pullik xizmatlarni har bir abonent o‘zi xohlab yoqtirishi kerak. Uni hammaga tiqishtirish to‘g‘ri emas.

Ikkinchidan, xo‘p, mayli, xizmat ommaga majburiy joriy qilinibdi. Endi jilla qursa, uni SMS orqali o‘chirish imkoniyatini yaratib qo‘yish kerak.

Uchinchidan esa, “Bilayn” qo‘shimcha xizmatlar haqidagi ohanjama gaplarni yig‘ishtirib, telefon orqali oddiy so‘zlashuvni sifatli qilib qo‘ygani yaxshi edi! Shunda mijozlar: “E otangga rahmat!” deb, ovozli pochtami, videoli pochtami - bariga o‘zi ulanaveradi.

Toshkentlik abonent
XS
SM
MD
LG