Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:31

Blog: Ozodbek Nazarbekov “ur kaltak, sur kaltak” qilindi


O‘zbekiston xalq artisti, taniqli xonanda Ozodbek Nazarbekovning shu yil bahorda berajak konserti xususida ijtimoiy tarmoqlar, xususan, Facebook tarmog‘ida qizib borayotgan bahslardan ilhomlangan bloggerdan biri Ozodlikka bitiklarini yo‘lladi.

Ozodbek Nazarbekov bahorda konsert berarkan, degan xabar tarqaldi-yu, ijtimoiy tarmoqlar, xususan, “Facebook” qirqquloqli qozondek biqirlab qaynab ketdi! Muxlislarning ko‘ngli to‘lib turgan ekan. Bahsu munozara avjiga chiqdi deng!

Sal tushuntiribroq gapiring, dahanaki tortishuvga nima sabab bo‘ldi o‘zi, deysizmi? E, o‘lmang!

Gap shundaki, xonanda 6-23 aprel kunlari Toshkentdagi muhtasham “Istiqlol” san‘at saroyida o‘tadigan konsertida barmoq bilan sanarli qo‘shiqlarnigina jonli aytarkan. Dasturning asosiy qismi esa paqqos fonogrammadan iborat ekan.

Asl shinavandalarni norozi qilgan jihat shu. O‘zbekiston xalq artisti degan unvonga ega dongdor san‘atkor nega jonli konsert bermaydi, deya jig‘ibiyron bo‘lmoqda aksar muxlislar. G‘ildiragi yog‘lanmagan aroba shovqinidan farqsiz badhazm nag‘malardan zada bo‘lgan san‘atsevarlar ko‘zbo‘yamachilikni bas qilishni talab etmoqda.

Alhosil, san‘atsevarlar ikki guruhga bo‘linib qolgan. Bir toifa Ozodbek Nazarbekov boshqa otarchilardek fonogrammaga yopishib olganidan, pul topishga berilib ketganidan xunob. Ikkinchi toifa esa Ozodbek jonli aytadimi, fonogrammadami, ishqilib, muxlislarni xushnud etayotganidan mamnun.

Gapiramang desak, gap ko‘p. Keling, yaxshisi, e‘tiboringizga o‘sha munozaralardan bir parcha havola etaylik. Ijtimoiy tarmoqlardagi bitiklar maktab o‘quvchisining diktantidan farq qiladi va ularda imloviy-uslubiy xatolar bo‘lishi tabiiy. Biz esa izohu munosabatlardagi ana shunday qusurlarni andak “andavaladik”.

Nazarbekovni tanqid qilganlarni shartli ravishda “muxolif”, uning yonini olganlarni esa “muxlis” deb atadik.

Muxolif: Ozodbek Nazarbekovga qoyil! Xalq artisti bo‘la turib kontsert afishasiga fonogrammada ijro etiladi, deb yozishga uyalmaganini qarang!

Muxlis: Hammasi fonogramma emas, orasida jonlisi ham bor. 18 kun to‘laligicha jonli aytish imkonsiz. Shundoq ham 8 ta qo‘shiq jonli aytiladi.

Muxolif: Nega imkonsiz bo‘larkan?! Ana, Yulduz Usmonova yigirma kunlab faqat jonli ijroda konsert berardi. O‘lmagan Yulduzning joni ekan-da! Xalq artistini “8 ta qo‘shiqni jonli ijro etadi-ku” deb oqlash kulgili emasmi?!

Muxlis: Ozodbek Samarqandda bergan jonli kontsertni ko‘rishni maslahat beraman sizga.

Muxolif: O‘sha jonli kontsertni bevosita ko‘rgan bo‘lsam-chi! Musiqani yaxshi tushunganingizda, bu konsertni ko‘rishni maslahat bermagan bo‘lardingiz.

Muxlis: Ozodbek Nazarbekov baribir Samarqandning Registonida to‘liq jonli ijroda kontsert bera olishini isbotlab qo‘ydi. Qolaversa, “Istiqlol” san‘at saroyida apparaturalar boshqacha, imkoniyatga ham qarash kerak. Jonli ijrodagi konsertlarda mikrofon o‘chib qolishi, apparatura ishlamasligi odatiy holga aylangan.

Muxolif: Fonogrammani apparaturalar ishlamasligi bilan xaspo‘shlash to‘g‘rimikan?! Bu gap negadir menga arpa uni haqidagi mashhur naqlni yodga soldi. Katta hofizlar mikrofonsiz, apparaturalarsiz ham jonli ijro etgan-ku! Uzoqqa bormaylik, o‘tgan yili Jahongir Otajonov o‘sha siz aytgan “apparaturalari ishlamaydigan” “Istiqlol” saroyida to‘laligicha jonli konsert berdi-ku!

Muxlis: O‘zbekistonni bilmadim-u, lekin Tojikistonda Ozodbekning avtoriteti bor. Fonogrammada aytsayam, hartugul, ovozi o‘ziniki-ku.

Muxolif: Xudo bu xonandaga “yorvoradigan” talant bermagan. Konservatoriyani 3 martalab o‘qib tugatsayam, jonli aytolmaydi. Lekin tan olish kerak, hofizning odamgarchiligi joyida.

Muxlis: Haqiqiy san‘atkor ekanligini isbotlab qo‘ygan. Shuncha kun kontsert bersayam chipta topa olmaganlar qancha?! Hatto falon pulga bo‘lsayam, chiptani qo‘ldan olib kiradigan muxlislar sonmingta! Hozirgi kunda O‘zbekistonni birinchi raqamli san‘atkori shu xonanda!

Muxolif: Ozodbek Nazarbekov mening do‘stim, lekin haqiqat undan ustun. Jonli ovozda yuragi baquvvat hofizlargina kuylay oladi. Fonogrammada “kuylovchi” yulduzlarimizning o‘z qo‘shiqlarining matnini yoddan bilishiga ham ishongim kelmaydi. Demak, bu ko‘rishga arzimaydigan tomosha. Har kim kuchi yetgan ishga unnasin, kuchi yetmaganiga chiranmoq chikora?!

Muxlis: Alloh aziz qilganni bandasi xor qilolmaydi. Bu gapda hikmat ko‘p.

Muxolif: Og‘abek Sobirov ham 2 yil ketma-ket 10 kundan 100 % jonli konsert berdi. Hatto “Istiqlol” san‘at saroyida bir-ikki juft ashulani mikrofonsiz tor va doira jo‘rligida ijro etdi, zalning eng orqa o‘rindig‘idagilar ham juda yaxshi eshitdi uning ovozini. Ozodbek Nazarbekov, mayli, 20 kunmas, atigi 5 kun jonli kuylasin!

Muxlis: Eng kamida 400 xo‘jalikni boqishning o‘zi bo‘ladimi? Nazarbekovning yonidagilarning aksariyati shu inson orqali rizq topishadi.

Muxolif: Ozodbek Nazarbekov Everest cho‘qqisiga chiqqan edi... Endi bo‘lsa, qulayapti, afsuski, buni u uchish deb hisoblayapti. Xalq artistiga qayerdagi bir she‘rbuzarlarning matnlaridan foydalanish yarashmayapti... Kuzatamiz: 18 kunlik kontsert davomida Yuraklilar – Usmon Azim, Shavkat Rahmon, Rauf Parfi ijodidan bir qatorgina bo‘lsa-da, kuylashiga umid qilib qolamiz...
XS
SM
MD
LG