Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:08

Fohishaxonalar 4 yarim milliard so‘m jarima to‘lashi mumkin (Blog)


Har qanday yangilik, odatda, jo‘n o‘qib qo‘yiladi.

Yangilikni sinchiklab o‘qish ham mumkin va bunday yondoshuv, o‘qilayotgan yangilikdan olinadigan javoblardan ko‘ra, savollarni ko‘paytirib yuboradi.

Savol esa, tish og‘riqday bema‘ni narsa – boridan yo‘g‘i yaxshi.

Shunday esa-da bugun bir yangilikni sinchiklab o‘qiymiz.

Mana o‘sha xabar va uni avval jo‘n o‘qing:

O‘zbekiston Internet nashrlarining Ichki ishlar vazirligiga tayanib xabar qilishicha¸ o‘tkazilgan reydlar natijasida butun mamlakat bo‘ylab 842 ta fohishaxona borligi aniqlangan.

Fohishaxonalarning eng ko‘pi Toshkentda qayd etilgan: 334 ta.

Rasmiylarga ko‘ra¸respublika bo‘ylab o‘tkazilgan tadbirlar davomida Toshkent viloyatida 69 ta, Samarqandda 50 ta, Sirdaryo va Jizzaxda 22 ta, Buxoroda 46 ta, Navoiyda 19 ta, Farg‘onada 47 ta, Andijonda 30 ta, Namanganda 74 ta va Qoraqalpog‘istonda 40 ta ishratxona aniqlangan.

IIV ma‘lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘ylab jami 842 ta fohishaxona fosh etilgan¸ fohishalik bilan shug‘ullanib kelgan 1097 nafar shaxs qo‘lga olingan.

Xabar qilinishicha, aniqlangan holatlar yuzasidan mamlakat Jinoyat Kodeksining 131-moddasiga binoan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, mamlakatning 14 mintaqasida o‘tkazilgan reydlar davomida fohishalik bilan shug‘ullanuvchi 1097 shaxs qo‘lga olingan.

Jinoyat kodeksining 131-moddasida fohishaxona tashkil qilish yoki saqlash, shuningdek g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qo‘shmachilik qilish eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Yuqoridagi yangilikni endi sinchiklab o‘qiymiz.

Jo‘n o‘qilgan yangilikdan parcha raqam 1:

“...o‘tkazilgan reydlar natijasida butun mamlakat bo‘ylab 842 ta fohishaxona borligi aniqlangan”.

Savol: Reyd o‘tkazilgunicha fohishaxona bor mahalla va domlarni nazorat qilgan uchastka nozirlari va ularning aholi orasidagi xufyalari qayerga qaragan?

Jo‘n o‘qilgan yangilikdan parcha raqam 2:

"Toshkent shahrida 334 ta, Toshkent viloyatida 69 ta, Samarqandda 50 ta, Sirdaryo va Jizzaxda 22 ta, Buxoroda 46 ta, Navoiyda 19 ta, Farg‘onada 47 ta, Andijonda 30 ta, Namanganda 74 ta va Qoraqalpog‘istonda 40 ta ishratxona aniqlangan".

Demak, fohishaxonaning eng ko‘pi Toshkentda, eng ozi Navoiy viloyatida aniqlangan.

Chalarasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, poytaxtda 2 352 900 kishi (2014), Navoiy viloyatida 873 000 kishi (2011) yashaydi.

Demak, Toshkentda 7044 kishiga, Navoiy viloyatida 45947 kishiga 1 ta fohishaxona to‘g‘ri keladi, ya‘ni Toshkent shahridagi fohishaxonalar soni Navoiy viloyatidagi fohishaxonalar sonidan qariyb 7 baravar ko‘p.

Savollar: Toshkentliklar navoiyliklardan ahloqsizroqmi?

Balki Toshkent militsiyasi reydni yaxshiroq, Navoiy militsiyasi yomonroq o‘tkazgandir?

Jo‘n o‘qilgan yangilikdan parcha raqam 3:

“IIV ma‘lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘ylab jami 842 ta fohishaxona fosh etilgan, fohishalik bilan shug‘ullanib kelgan 1097 nafar shaxs qo‘lga olingan”.

Demak, o‘rta hisobda 587 ta fohishaxonada 1, qolgan 255 ta fohishaxonada 2 nafardan fohisha bo‘lgani aniqlangan. Bu – o‘rta hisobda.

Hayotda esa, bunday bo‘lmaydi: bir fohishaxonada 5, boshqasida 10, yana birida 15 fohisha bo‘ladi. Bas, shunday ekan, fohishaxona, deb qayd etilgan joylarning ko‘pchiligida bitta ham fohisha bo‘lmagan.

Savollar: Fohisha topilmagan uyni nima asosda fohishaxona, deb qayd etdilar?

Nima uchun 842 ta fohishaxonadan 1097 nafargina fohisha topiladi? Yoki fohishaxona “xizmatchilari”ni reyd o‘tkazilishi arafasida kimdir ogohlantirib qo‘yganmi?

Jo‘n o‘qilgan yangilikdan parcha raqam 4:

“…fohishaxona tashkil qilish yoki saqlash, shuningdek g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qo‘shmachilik qilish eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi”.

Shu kunda O‘zbekistonda eng kam ish haqi 107635 so‘m.

Qayd etilgan 842 fohishaxona egalari uch yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb etilmay, yoppasiga jarimaga tortilsa, davlat byudjetiga yo 2 265 716 750 (Ikki milliard ikki yuz oltmish besh million yetti yuz o‘n olti ming yetti yuz ellik) so‘m (agar jarima eng kam ish haqining 25 baravari miqdorida solinsa) yoki 4 531 433 500 (To‘rt milliard besh yuz o‘ttiz bir million to‘rt yuz o‘ttiz uch ming besh yuz) so‘m (agar jarima eng kam ish haqining 50 baravari miqdorida solinsa) pul tushadi.

O‘zbek jamiyati eshitishniyam or biladigan savol:

kriminal strukturalar va ba‘zi nopok militsiya xodimlariga cho‘tal berish evaziga oylab, yillab bemalol ishlaydigan, ba‘zan-ba‘zan el ko‘ziga o‘tkaziladigan reydlarda qo‘lga tushib, milliardlab so‘m jarima to‘lattiriladigan fohishaxonalarni ishxona sifatida rasman qayddan o‘tkazib, o‘sha jarimani soliq sifatida olsa bo‘lmaydimi?

XS
SM
MD
LG