Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:07

Blog: Ma‘murjon Uzoqov choyxonada aroq ichganmi?


O‘zbekistonlik rassom Viktor Ufimtsev kartinasi (fragment).
O‘zbekistonlik rassom Viktor Ufimtsev kartinasi (fragment).

Islom Karimovning Qozog‘istonga safari to‘g‘risidagi xabar ketidan qozoq dashtidan boshqa bir xabar yetib keldi: bu mamlakatdagi dizaynerlar o‘zbekistonlik aroqpazlarga yangi brend yasab berishibdi. “Chayxana” ekan, yangi brend nomi.

Suratini ham ko‘rdim yangi brendning: chillashir o‘smirdek naynov shisha; shishaning tubidan boshlanib bo‘g‘zigacha yetadigan yorliq; yorliqqa o‘zbekning tarixiy imoratlari peshtoqidagi naqshlarni eslatuvchi naqsh tushirilgan; “Chayxana” so‘zi ostida inglizcha Uzbek Vodka, degan bitik; bitik ostida aroqqa omuxta qilingan ta‘mga ishora – biri “Limonnaya”, ikkinchisi “Osobaya”, uchinchisi “Pertsovaya”.

He attang, dedim o‘zbek aroqpazlarining yangi brendi o‘zbekcha emas, o‘rischa-inglizcha bo‘lib qolganini ko‘rib.

Mana mendan iltimos qilishmaydimi, men yasab bermaymanmi brendni, men yasagan brendli arog‘i suvday ketmasa, istikonni choyxona o‘chog‘iga urib sindirmaymanmi?!

Agar aroqpazlar brend nomi “Chayxana”, bo‘luvi shart, deb turib olishsa, avvalo, o‘zbekcha qilaylik, deb ko‘ndirardim ularni.

Ko‘navermasalar davlat tili to‘g‘risidagi qonunni ustallarining ustiga tap etib tashlardim.

Ko‘nganlaridan keyin bonus sifatida “Choyxona”ning tagiga, mavzudan chetlamay, sof o‘zbekcha bozorbop tagxatlar yozib berardim.

Birinchisi: “Choyxona – Qozon Qo‘rqitdi“. Aroqning bu turi choyxona palovi boshlanayotgan paytda ichiladi. Dumba yog‘ning jizzasi gazak qilinadi. Piyozu tandirdan endigina uzilgan non yoddan chiqmasin.

Ikkinchisi: “Choyxona – Mehr Tomchisi“. Aroqning bu turi “Choyxona – Qozon Qo‘rqitdi“ni sal ko‘proq no‘sh qilib qo‘ygan, oshga ishtaha saqlab, “bo‘ldi, ichmayman”, deb tarang qila boshlgan ulfatga taklif qilinadi.

Uchinchisi: “Choyxona – Oshdan Keyin Ketmaydi“. Bunday yorliq yopishtirilgan shisha dasturxonga osh kelganda ochiladi. Bu paytda “Choyxona – Qozon Qo‘rqitdi“ning shishasi o‘choqboshida qolgan, “Choyxona – Mehr Tomchisi“ning shishasi esa, ulfatlar o‘tirgan choyxona so‘risi tagiga dumalab ketgan bo‘ladi.

Va nihoyat “Choyxona” arog‘ining men taklif qilayotgan to‘rtinchi turi - “Choyxona – Ot Oyoq“. Ulfatlar oshni paqqos urib, laganga choy quyib ichib, yog‘li qo‘llarni choyxonaning bir vaqtlar oq bo‘lgan lungisigami, ketlari tagidagi yog‘ bosgan to‘shakkami artib bo‘lgach, o‘rnilaridan alpang-talpang turganlaridan so‘ng, uy-uylariga tarqalishlari oldidan ichiladi “Choyxona – Ot Oyoq“.

Hazil shu yerda tugadi.

Endi jiddiy gap: aroqni “Choyxona”, deb nomlash o‘zini, o‘zbekligini hurmat qilgan odam uchun haqorat, demasak-da, nomaqbul bir ishdir.

Choyxona madaniyati tarixi asrlar qa‘riga borib taqaluvchi bir vodiylik sifatida aytamanki, choyxona o‘tmishda o‘zbek uchun “umumiy ovqatlanish muassasasi”gina bo‘lgan emas.

Choyxona o‘zbek uchun, zamonaviy istiloh ishlatsak, klub bo‘lgan – erlar klubi.

Gazeta bo‘lgan choyxona, radioyu televizor bo‘lgan o‘zbek uchun choyxona.

Teatrusi bo‘lgan choyxona o‘zbekning. Ikki yonma-yon choyxona sohiblari bir-biri bilan choyxo‘rlarni jalb etish uchun raqobatga kirishar ekan, taniqli xofizlarni taklif qilishgan: O‘shning Beshko‘prigidagi choyxonada Ma‘murjon Uzoqovni ko‘p marta eshitgan o‘shlik oqsoqol bilan gaplashganimga ikki oy ham bo‘lmadi.

Endi Ma‘murjon Uzoqov bilan aroqqa bo‘kkan mast-alastni bitta choyxonada tasavvur qiling!

Qildingizmi? Dahshatmi?

Choyxonachilar yuqorining buyrug‘isiz ham katta qilib "Bu yerda spirtli ichimliklar ichilmaydi!", deb yozib qo‘yishardi bir vaqtlar.

Lekin, afsuski, ayni paytda, choyxonada aroq ichish ham yillardan beri g‘ayritabiiy amal bo‘lmay qoldi (Qozon Qo‘rqitdi, Mehr Tomchisi, Oshdan Keyin Ketmaydi, Ot Oyoq...)

Ildizi aroq “mashru‘” bo‘lgan Sovet davriga taqaladigan bu amal o‘zbekka “katta og‘asi”dan yuqqan edi.

Aftidan, o‘zbek hanuz “uka”lik maqomida qolmoqda.

Boz ustiga, endilikda, choyxona “Chayxana”ga – aroqqa aylandi...

XS
SM
MD
LG