Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:46

Katta Raqqos Epo‘xasi to‘g‘risida epo‘xal blog


Katta Raqqos yana 7 yil tursa yaxshi bo‘ladi – birato‘la 30 yil bo‘ladi, dum-dumaloq raqam bo‘ladi, hisobga to‘g‘ri bo‘ladi – epo‘xa bo‘ladi – Katta Raqqos Epo‘xasi. Muhimi, Ginnesga kiradi millatning bu Epo‘xasi. Yanayam muhimrog‘i, YuNESKO tan olishi mumkin millatning Katta Raqsini, bundan bir necha yil oldin Katta Ashulani tan olganday.

Tong otadi, kun botadi - kun o‘tadi.

Sovuq qishu issiq yoz, bahor bilan kuz o‘tadi – yil o‘tadi.

Qor eriydi, yer quriydi – Navro‘z bayram:

vot-vot,

g‘at-g‘at,

taka-tuka,

tuka-tam.

O‘rtada Raqqos gir-gir tushar raqs,

Maydondagi xos kaftlardan potrab chiqar qars.

“Otaxon tetik, otaxon yetuk”, deydi xos tillar.

Tong otadi, kun botadi - kun o‘tadi.

Sovuq qishu issiq yoz, bahor bilan kuz o‘tadi – yil o‘tadi.

Erga chigit tikilar – boshlanib ketar:

qatqaloq, qatqaloq, qatqaloq,

yagana, yagana, yagana,

chopiq, chopiq, chopiq,

o‘toq, o‘toq, o‘toq,

pilla ham bor orada,

g‘alla ham bor orada,

g‘o‘za chilpish-chekankadan chiqar bilan - Istiqlol-bayram:

vot-vot,

g‘at-g‘at,

taka-tuka,

tuka-tam.

O‘rtada Raqqos gir-gir tushar raqs,

Maydondagi xos kaftlardan potrab chiqar qars.

“Otaxon tetik, otaxon yetuk”, deydi xos tillar.

Tong otadi, kun botadi - kun o‘tadi.

Sovuq qishu issiq yoz, bahor bilan kuz o‘tadi – yil o‘tadi.

Bayram bilan boshlanar millatning kuzi,

Daladadir millatning qo‘l-oyoq, ko‘zi,

Tillarda bitta so‘z, bitta kalima:

paxta, paxta, paxta,

paxta, paxta, paxta,

paxta, paxta, paxta,

paxta, paxta, paxta...

Millat paxtadan qaytgach – yana bir bayram – Qonun bayrami:

vot-vot,

g‘at-g‘at,

taka-tuka,

tuka-tam.

Minbarda Raqqos, so‘zdan yasar raqs,

Oldindagi xos kaftlardan potrab chiqar qars.

“Otaxon tetik, otaxon yetuk”, deydi xos tillar.

Bir yilning tasviri bilan tanishdingiz.

Erinmasangiz, yuqoridagi satrlarni 23 marta o‘qing – 23 yilning tasviri bo‘ladi.

Katta Raqqosning juma kungi (2014 ning 5 dekabri) gaplaridan kelib chiqilsa, g‘ayrat qilishingizga, yuqoridagi satrlarni yana kamida 7 marta o‘qishingizga to‘g‘ri keladi: Katta Raqqos uqtirdilarki, kishining yoshi uning pasportidagi raqam bilan o‘lchanmasligi kerak.

- Odamning yoshi albatta pasportda yozilgan yili bilan o‘lchanmaydi. Shu yerda o‘tirgan 100 foiz odamlar shuni yaxshi biladi. Yuragi yosh bo‘lsa, qalbi yosh bo‘lsa, intilishi yosh bo‘lsa, dunyoga qarashi yosh bo‘lsa va umuman aytganda, mana hozir shunday o‘zgarishlar bo‘lyapti, yaxshi niyat qiladigan man koshki ayni shu hozir reja qo‘yayotgan marralarga qani endi man ham xudo bersa yetib shularni ko‘rsam deb degan mana shunday niyat bilan yashashimiz kerak baraka topgurlar va shuni albatta amalga oshirishimiz kerak, dedi Katta Raqqos va qarsaklar guldurosi gulduradi. (so‘zlar qanday irod etilgan bo‘lsa, shunday ko‘chirildi)

Shama tushunildimi?

Katta Raqqos yana 7 yil tursa yaxshi bo‘ladi – birato‘la 30 yil bo‘ladi, dum-dumaloq raqam bo‘ladi, hisobga to‘g‘ri bo‘ladi – epo‘xa bo‘ladi – Katta Raqqos Epo‘xasi.

Muhimi, Ginnesga kiradi millatning bu Epo‘xasi.

Yanayam muhimrog‘i, YuNESKO tan olishi mumkin millatning Katta Raqsini, bundan bir necha yil oldin Katta Ashulani tan olganday.

Ishqilib, charchab qolmasa bo‘lgani Katta Raqqos.

To‘g‘ri, kishi pasportdagi raqamga qaramasligi mumkin.

Lekin, pasportdagi Raqam kishiga Ko‘z Tikib, Poylab turadi...

Tong otadi, kun botadi - kun o‘tadi.

Sovuq qishu issiq yoz, bahor bilan kuz o‘tadi – yil o‘tadi...

XS
SM
MD
LG