Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:09

Arosatlik Avans hoji aksini yo‘qotib qo‘ydi


Baroq qoshlariga oq oralagan yoshi elliklardagi kishi Arosat qishlog‘i choyxonasi hujrasi eshigini tortib, etiklardan ilashgan loy qotib qolgan ostonani hatladi.

Eshik ochilishi bilanoq dimoqqa urilgan tamakiyu aroq, piyozu turp, kir sochig‘u chang, paytava-paypoqning qo‘y yog‘i hidiga omuxta qo‘lansa hididan ostonani xatlagan kishi burun jiyirmadi.

Baroqqosh baroq qoshlarini chimirib, ostona xatlayotgan soniyada hujradagi so‘ri to‘risida o‘tirgan odam shang‘i ovoz bilan poygakda etigini qo‘lantayoq kiyayotgan jikkakkina kishiga gap uqtirayotgan edi:

- Ey, Obid, gazakka kolbasaning halolidan ol, tuzukmi? Ustiga halol, deb yozib qo‘ygan bo‘ladi. O‘qiyolmasang, sotuvchiga ayt. Anavundan bir shisha olib tur, kerak bo‘lsa, keyin yana zing‘illab borib kelovrasan...

Shang‘ining gapi tugab-tugamay, Obid Baroqqoshga qo‘l uzatgan-ko‘rishgan bo‘ldiyu o‘q urganday chiqdi-ketdi.

- Ha, keldingmi, Avans hoji...

Baroqqosh javob qildi: “Omonmisan, Qo‘rs?”

Avans hoji so‘riga chiqib, Qo‘rsning yoniga cho‘kdi, qo‘l ochib, duo qildi. Qo‘rs telefon ushlab turgan ikki qo‘lidan birini jag‘iga tegizib qo‘ydi - duoga qo‘shilgan bo‘ldi.

- Qalaysan, Avaz?

Qo‘rsning savoli ohangidan u chindan ham Avazning ahvoli qanday ekanligiga qiziqayapti, deb bo‘lmasdi. Kishi bu ohangdagi savolni oyna oldida soqol olayotib, o‘z aksiga ham berishi mumkin.

- Anuv ish nima bo‘layapti?

Mana bu endi anchayin konkret savol: qachongacha seni Avans hoji deymiz, qachon Avaz hojiga aylanasan, navbating 5 yildan beri kelmaydi, kelasi yilgi ro‘yxatga kiribsanmi, degan bir arava savolni Qo‘rs bitta jumlaga joyladi:

- Anuv ish nima bo‘layapti?

- Kecha borib keldim idoraga, va‘da berishdiyu, - degan bo‘ldi Avaz.

- Trimay kishenyu shirshe! - deb qo‘ydi Qo‘rs.

Harbiyni xoxollar yurtida o‘tagan Qo‘rsning shunaqa xoxolchayu o‘rischa gaplari ko‘p edi. Ma‘nosini o‘zi tushuntirmas, bolalik o‘rtoqlari-ulfatlari esa, so‘ramas, nima demoqchiligini u aytgan notanish gap-so‘zning ohangidan tushunib olaverardilar.

Qo‘rs bu gal “Xomtama bo‘lma”, dedi go‘yo - Trimay kishenyu shirshe!

Avans hoji Qo‘rsning xoxolcha luqmasi ma‘nosini o‘zicha tushunishga urinib turarkan, ukkiko‘z, pakana Obid bir qo‘lida shisha, ikkinchi qo‘lida kolbasayu ikkita non bilan; yonida ozg‘in, naynov kishi bilan kirib keldi.

- Kel, Cho‘t, - dedi Qo‘rs, - chiq bu yoqqa, o‘tir.

Cho‘t so‘riga chiqib, uzun-qotma gavdasini ikki joyidan bukdi-da, Qo‘rsning bu yoniga joylandi.

Duo qilgan bo‘ldilar.

Obid opkelgan narsalarini dasturxonga tuzay boshladi.

- Nojo‘ya sebe?! - devordi Qo‘rs qo‘lida o‘ynab o‘tirgani telefonidan ko‘z uzmay, qo‘shni viloyatda quyosh elektrostantsiyasi qurishibdi.

- Yaxshi, - deb qo‘ydi Obid katta-kichik uchta uchuq piyolaga aroq quyarkan.

Qo‘rs birpas jim bo‘pqoldi – telefonning "ichiga tushib ketdi".

- Nojo‘ya sebe, a cho tak dorogo?! Nojo‘ya nujna takaya dorogaya stantsiya?

Avans hoji biladiki, Qo‘rs o‘rischaga o‘tdimi, demak, gap jiddiy.

- Kattaykanmi, nechipulga qurishibdi? - boyadan beri bir so‘z aytmagan Cho‘t qo‘shildi gapga.

- 700 ming ko‘kiga qurilgan stantsiyani to‘ki 14 oilaga yetarkan, xolos, - dedi o‘zbekchaga qaytgan Qo‘rs.

- Taak, bitta oilada o‘rtacha 5 kishi. 1 oilaga stantsiyaning 50 ming dollari to‘g‘ri kepti. 30 million kishi - 6 million oila, - der ekan, Cho‘tning dami ichiga tushib ketdi. O‘zicha pichirlab bir narsalar degan bo‘ldi. Hisobi chiqmadi shekilli, “Cho‘rt”, dediyu boshqalarga qaramay, bitta piyoladagi aroqni dast ko‘tarib, o‘raday og‘ziga quyvordiyu aroq kirib ketgan teshikdan “huff”, deb dam chiqarib, ketidan dedi:

- 300 milliard. Dollarda. Butun mamlakatga quyosh stantsiyalari to‘kini yetkazishga shuncha pul kerak bo‘larkan...

- Nojo‘ya sebe?! - yana o‘rischaga o‘tdi Qo‘rs. Cho‘tning birpasda shuncha pulning hisobini chiqarib qo‘yganidanmi yo pulning kattaligidanmi, har qalay hayratini qayerga sig‘dirishni bilmay qoldi: ti smotri, vo dayut a...

Cho‘t yana jimib ketdi – Avans hoji unga razm solib o‘tirarkan, miyig‘ida kulib qo‘ydi: mitirig‘i mit etmaydiya bu Cho‘tning, go‘yo bu dunyoning hisob-kitobini chiqarib berish uchungina kelgan olamga. O‘zi aytgan raqamning kattaligigayam hayron bo‘lmadi. Yo‘lidan bir sumka dollar chiqib qolsayam, sanab, taxlab, ustiga necha pulligini yozib qo‘yib, ketaversa kerak.

- Halol bo‘larkanmi unaqa stantsiyani to‘kida pishgan ovqat? - so‘radi Obid Avans hojidan bo‘shab qolgan uchta piyolaga aroq quyib, kolbasaning “...lol” qismini kesarkan. Kolbasaning “Ha..”gacha bo‘lagi gazakka yeyilib bo‘lgan edi.

Qo‘rs Obidga yer ostidan qarab, miyig‘ida kulib qo‘ydi.

- Buni bilmadimu lekin quyosh nurida isigan suv haromligini bilaman, - dedi Avans hoji va joyidan biroz qo‘zg‘alib, qaddini rostlabroq o‘tirib oldi.

- Nojo‘ya sebe?! - bu gal Qo‘rs diliga kelgan bu isyon-savolni tiliga chiqarmadi. Diniy masalada u Avans hoji bilan tortishishdan biroz hayiqardi.

Lekin Qo‘rsda bor andisha Obidda yo‘q, shuning uchun u tishlar to‘kilib bitgan og‘zida bir kesim kolbasani kavshay-kavshay Avans hojidan so‘radi:

- Sen qayerdan bilasan?

- Shayx Muhammad Muhammadning saytida o‘tgan yili o‘qiganman. Shayx hazratlari shu mazmundagi savolga "Quyoshda isigan suv bilan tahorat va g‘usl qilish makruh", deb javob berganlar.

- Hujjat keltirganmi shayxing?

Obidning bu savolidan endi toshday beun o‘tirgan Cho‘t ham bir qo‘zg‘alib qo‘ydi.

- Yo‘q, - dedi Avans hoji. Javobidan o‘zining ko‘ngli to‘lmadi, shekilli, qo‘shib qo‘ydi:

- Shayx hazratlarining o‘zlari hujjatlar!

- Unda vikipediyadagi gap nima bo‘ladi? - Cho‘tning qo‘zg‘alishi besabab emas ekanligi shu savolidan bilinib qoldi.

Qo‘rs uchun yangilik bo‘ldi Cho‘tdan vikipediya, degan so‘zni eshitish:

- Nu, nu, nima depti vikipediyang?

- "Quyosh nuri har qanday kir suvni tozalaydi, dezinfektsiya qiladi", degan.

Avans hoji bo‘sh kelsa, yutqizib qo‘yishi mumkinligini his qildi. Yutqiziq nafaqat uning, balki shayx hazratlarining ham yutqizig‘i bo‘ladi-ya! Ana, Obid ham lablarini cho‘chchaytira boshladi: hozir bir narsa devoradiganday bo‘lib o‘tiribdi.

- Ey, sen Cho‘t toza bilan halolni adashtirma, bu ikkalasi boshqa-boshqa narsalar, agar bilsang...

Shunday qilib, Arosatda tug‘ilgan, bolalikdan "bitta ko‘rpada tepishib" o‘sgan, bitta sinfda o‘qib, bir-birovini uylantirgan, o‘g‘illari Rossiyadan jo‘natadigan pulning bir qismini choy puliga maydalab, bahorni yozga, kuzni qishga ulab vaqt o‘tkazayotgan, bir-biroviga suyanib qolgan to‘rt ulfatga bugungi oqshom bahsiga yetarli mavzu, Obidning esa guzardagi do‘konga yana bir marta chiqib kelishiga bahona topildi...

Avans hoji choyxonadan qaytib kelayotib, butun Arosatda yana chiroq yo‘qligini bilgan bo‘lsa-da, uyga kirib, beixtiyor yoqib ko‘rdi. Yonmadi. Shamni doimgi joyidan qiynalmay topdi. Yoqdi. Qo‘lida sham bilan dahlizdan katta uyga mo‘raladi: xotini gumbazday qornini qappaytirib, xurrakni vadavang qo‘yib, uxlab yotibdi.

G‘iyqillatmaslikka qanchalik tirishmasin, eshikni yopayotuvdi, ovoz chiqdi. Keyin ichkarida bir narsa “to‘p” etdi – xotini yonboshiga ag‘darilgan bo‘lsa kerak. Uch-to‘rt kesim kolbasayu bir-ikki burda nondan boshqa hech narsa yemagani uchun ochiqqan Hoji ovqat yemoqchi bo‘ldi. Qarasa, o‘ti o‘chib qolayozgan pechka chetida usti likob bilan yopilgan chinni kosa turibdi. Kosani qo‘liga olib qaradi, mastava suvi tortilib, suyuq shavlaga aylanib qopti. Bir-ikki kavladiyu yegisi kelmadi.

Echindi. Tahoratini yangilab keldi. Xuftanni boshladi.

Namozni boshladiyu xayolida boya choyxonada o‘rtoqlari bilan pishitib, “bellariga tugib” olganlari gap – shaharga tushib, bittadan quyosh batareykasi olish to‘g‘risidagi gap lip etib boshqa tomoni bilan aylana boshladi.

Allohu akbar...

“Batareykada hosil bo‘lgan to‘kni elektrosetning simiga ulaysan, deb talab qilishmaydimi?”

Allohu akbar...

“Uni o‘rnatsam, soliqchi kelib boshimni qotirmasmikan?”

Allohu akbar...

“Qo‘rs baloniyam biladi, nega boya shularni gaplashmadig-a?”

Birdan quyosh batareykasining Cho‘t chizib ko‘rsatgan surati Hojining esiga tushdiyu xayoliga daf‘atan kelgan fikrdan tovonlarigacha muzlab ketdi.

“Quyosh batareykasi anuv tarelka antennaga o‘xshab ketarkanmi? Sen shuning yordamida chet eldagi ekstremistlar bilan aloqa qilib turasan, deb qamab qo‘yishsa, nima qilaman?”

Birdan paydo bo‘lgan vahima Hojini soqov qipqo‘ydi. O‘nlab yillardan beri har kun besh mahal o‘z-o‘zidan shirillab aytilaveradigan namoz oyatlari aytilmay qo‘ydi - go‘yo tili tutilib qoldi.

"Astag‘furillo", dedi Hoji.

Nechanchi rakaatni o‘qiyotganini eslashga urindi. Eslolmadi.

Namozni to‘xtatdi.

O‘rnidan turib choynakni qidirdi-topdi. Jo‘mragini og‘ziga soluvdi, achchiq shamadan boshqa narsa chiqmadi. Paqirga cho‘mich botirib, muzday suv ichdi. Bir cho‘michini ichib qo‘ydi.

Sovuq suv ko‘kragini yondirayotgan olovni o‘chirganday, g‘ovlab ketgan boshini tindirganday bo‘ldi.

Pechka yonidagi doimiy joyiga cho‘kdi. Do‘ppisini olib, boshini qashidi.

“Ke, nima qilaman shu batareykani, shusiz ham mana kunimiz o‘tayapti-ku?! Boshimga g‘alva oshirib nima qilaman?”

Xayoliga kelgan eng so‘nggi fikr masalani uzil-kesil hal qildi-qo‘ydi:

“Shu bitta batareykani deb, Hajga borish navbatim yana o‘tib ketmasin”.

Va birdan yengil bo‘pqoldi Hoji.

Engil turdi o‘rnidan.

Joynamozga turdi.

Takbir aytdi.

Namozni boshladi.

Engil o‘qiy boshladi.

Xushu‘ bilan o‘qiy boshladi.

Mazza qilib o‘qidi.

Salavotlarni aytdi.

Uzun duo qildi.

Namozni bitirdi.

Tanasi rohat oldi.

Ruhi orom oldi.

Qushday yengilladi.

Tanasi erib ketganday bo‘ldi.

Bu shu qadar favqulodda yangi his ediki, hatto qo‘rqib ketdi. Beixtiyor o‘ng qo‘li so‘lini ushlab qo‘ydi.

O‘zini shaffof sezdi.

Xayoliga kelgan g‘alati fikrdan kulgisi qistadi.

“Hozir shamni ko‘tarib, toshoyna oldiga borsam, o‘zimni ko‘rarmikanman?”

“Ko‘rinaman-ko‘raman, albatta”, dedi.

Aksini-jasadini oynada ko‘rib qolib, topib olgani yangi hisdan mosuvo qolishdan qo‘rqdi-qizg‘andi.

Shu taxlit ancha o‘tirdi-o‘tiraverdi.

G‘alati. G‘alati-ya?!

Nega bu yengillik, bu shaffoflik o‘tib ketmayapti?

Hojining ko‘ngliga yana vahm o‘rmalay boshladi.

O‘rnidan shahd turdiyu joynamozning o‘ng tomonida turgan shamni olib, toshoyna oldiga bordi.

Hoji ko‘zguda aksi-jasadini ko‘rmadi.

XS
SM
MD
LG