Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:17

Qodirjon Botirov: Bizni qo‘rquv tufayli ta‘qib qilishmoqda


Qirg‘izistonlik o‘zbek liderlaridan biri Qodirjon Botirov iyun oyida O‘sh va Jalolobodda bo‘lib o‘tgan qirg‘inda o‘zini aybdor his qilmasligini aytadi.
Qirg‘izistonlik o‘zbek liderlaridan biri Qodirjon Botirov iyun oyida O‘sh va Jalolobodda bo‘lib o‘tgan qirg‘inda o‘zini aybdor his qilmasligini aytadi.

Qirg‘iz siyosatchilarining ko‘pchiligi joriy yil iyunida O‘sh va Jalolobodda yuz bergan fojea uchun mas‘uliyatni o‘zbeklar va ularning liderlari zimmasiga yuklashga urinib kelmoqda. Asosiy aybdor sifatida esa Respublika o‘zbek milliy-madaniy markazi rais muovini Qodirjon Botirov tilga olinmoqda.


(Birinchi qism. Ikkinchi qismni bu erda o`qing)

Qirg‘iziston parlamentining sobiq deputati, jalolobodlik taniqli tadbirkor Qodirjon Botirov, o‘zining aytishicha, Qirg‘izistonni iyun voqealari boshlangunga qadar tashlab chiqib ketishga majbur bo‘lgandi.

Suhbatning audiosini eshiting:


Shu kunda vatandan tashqarida yashayotgan Botirov Ozodlikka bergan suhbati chog‘ida tashqariga Qirg‘iziston rahbariyatining iltimosiga binoan chiqib ketganini ham aytib o‘tadi.


“Hukumatdagilar bizning uyushqoqligimizdan qo‘rqib ketdi”

Ozodlik: Birinchi savolni ikki kun avval paydo bo‘lgan bir xabardan kelib chiqib bersam. 30 sentabr kuni Qirg‘iziston respublikasi Bosh prokuraturasi sizning qayerdaligingiz haqida xabar tarqatdi, qidiruvga berilganingiz va sizni turgan mamlakatingizdan qaytarish bo‘yicha Bosh prokuratura so‘rov tayyorlayotgani to‘g‘risida bayonot tarqatdi. Demak, Bosh prokuratura sizni jinoyatchi sifatida ko‘rayapti. Bunday bayonotga sizning munosabatingiz qanday?

Qodirjon Botirov: Albatta, Qirg‘izistonda bo‘layotgan ahvolni hammamiz yaqqol ko‘rib turibmiz. Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan voqealarning asosiy sababchilari bugungi hukumat tomonidan iloji boricha himoyalanib, asosan o‘zbeklar ustidan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilib, o‘zbeklar ichidan chiqqan liderlarning hammasini bir chekkadan qamash vazifasi bajarilayapti. Bu - tepadan bo‘layotgan ustanovka, siyosiy buyurtma. Bu – siyosiy ta‘qib.

Aprel inqilobidan keyin o‘zbeklar qancha miqdordaligini, ular qanday kuchga egaligi, ularning rahbarlari, ularning liderlari nimalarga qodirligini juda yaxshi bilib qolishdi. Ayniqsa bir qator tashkiliy ishlarimizdan keyin. Biz, umuman muvaqqat hukumatni qo‘lladik, ayniqsa revolyutsiya davomida doimiy ravishda qo‘llab kelganmiz. Lekin hukumatdagilar bizning kuchimiz, qudratimiz, uyushqoqligimizni ko‘rib qo‘rqib ketdi. Ta‘qiblarni o‘sha qo‘rquv oqibati, deb bilaman.

“Biz muxtoriyat talab qilgan emasmiz”

Ozodlik: Qodirjon aka, birinchi savolimga javobingizdan kamida ikkita savol paydo bo‘ldi. Ularni ham o‘rni kelib beraman. “Asosiy sababchilar” dedingiz, keyin “yuqoridan siyosiy buyurtma” dedingiz, “yuqori” deganda kimni nazarda tutayotganingiz haqida keyinroq so‘rayman. Qirg‘iziston siyosatchilari va jurnalistlari sizni ayblashar ekan, birinchi navbatda 7 apreldan keyin Jalolobodda bo‘lgan mitinglaru o‘sha mitingda ishtirokchilar va siz tomondan ilgari surilgan shiorlarni aytishadi va sizni “Avtonomiya talab qildi o‘zbeklar uchun” deb ayblashadi. Ayblovlarning asosiysi - shu. Shuning uchun konkret aytsangiz - o‘sha mitinglarda siz va sizning tarafdorlaringiz qanaqa talablarni ilgari surgan? O‘sha talablarning orasida avtonomiya talabi bormidi?

Qodirjon Botirov: Avvalambor, bizning mitinglarimiz respublikada bo‘lib o‘tgan revolyutsiyaga xos ish deb bilaman. 7 aprelda davlat to‘ntarilib, janubga Bakiyev qochgandan keyin, buning butun qarindosh-urug‘i, klani, aka-ukalari Jalolobodning yaqinidagi Teyit qishlog‘ida ekanligini bilasiz, shu yerga kelib, otasining uyida shtab tuzib, shunday holatni yaratgan ediki, ularning maqsadi holatni milliy janjalga aylantirish edi. Qirg‘iziston janubida o‘zbek bilan qirg‘iz orasida katta janjal chiqarish planlarini amalga oshirish yo‘lida bir qator provokatsiyalar qilishdi. Shu nuqtai nazardan o‘zbek xalqi shuni bilib, tushunib turib, hammasi, xabaringiz bor, Xalqlar Do‘stligi univyersitetining territoriyasida har kun to‘planib turdi. Xalq o‘zaro maslahatlashdi. Maqsad ana shu provokatsiyalarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘ldi. Revolyutsiyadan keyin Muvaqqat hukumat Bakiyev masalasini qanday qilib oxirigacha hal qilishi katta muammo bo‘lib turgani hech kimga sir emas. Meni bir necha marta Bishkekka chaqirishdi...

Ozodlik: Qodirjon aka, Bishkekka chaqirilganingiz va muvaqqat hukumat rahbarlari, a‘zolari bilan qilgan hamkorligingiz to‘g‘risida alohida gaplashamiz. Men Cizdan: “O‘sha mitinglarda qanaqa talablar qo‘yilgan edi, o‘sha talablar orasida avtonomiya talabi bormidi-yo‘qmidi?”, deb so‘radim.

Qodirjon Botirov
: Birinchidan, mitingda asosiy talab tez orada Bakiyevni va aka-ukalarini, atrofida yurgan komandasini va ko‘chada yurgan prestupniklarni tez orada qo‘lga olish va ularni el oldida jazoga tortish talabi qo‘yilgan.

Ikkinchi masala xalqni yangi Konstitutsiya loyihasi muhokamasiga aktiv qatnashishga chaqirish. Har bitta grajdanin uni o‘rganib chiqqan holda o‘zining o‘y-fikrini ochiq-oydin aytsin va ularni jamlab oxirida bir Qurultoy o‘tkazaylik, Qurultoyda o‘zimizning fikrlarimizni o‘zlarimizning vakillarimiz orqali konstitutsionniy sovyeshaniyega yetkazaylik, dedik. Shu masala qo‘yilgan. Lekin avtonomiya bo‘yicha men esimni taniganimning bu yog‘iga, hattoki nafaqat men - 20 yildan beri Jalolobod viloyat O‘zbek milliy madaniy markazini boshqarib kelayapman, respublika markazini muovin qatori boshqarib kelayapman - nafaqat men, mendan boshqa o‘zbek liderlari ham avtonomiya to‘g‘risida og‘iz ochgan emas. Avtonomiyani hech kim talab qilgan emas. Necha marta jurnalistlar savol bergan bo‘lsa, men “Bizga avtonomiyadan ko‘ra bugun dunyo talabiga javob beradigan, insonniong huquqini himoya qilib, yaxshi sharoitini ta‘minlab beradigan asosiy zakon – Konstitutsiyani qabul qilaylik. Bizga boshqa avtonomiyaning keragi yo‘q” deb o‘zimizning fikrimizni ochiq bayon etganmiz.

Ozodlik: Mitinglarda qo‘yilgan talablarning hammasini aytdingiz-a?

Qodirjon Botirov: Asosiy yo‘nalishlarimizni men aytib o‘tdim.


“O‘zimni aybdor his qilmayman”

Ozodlik: O‘shandan beri mana siz va boshqa boshqa o‘zbek liderlari ayblanayapsizlar. Suhbatimiz boshida Bosh prokuratura sizni aybdor deb qidiruvga berganini aytib o‘tdik. Siz o‘zingizni aybdor deb his qilasizmi?

Qodirjon Botirov: Yo‘q. Men o‘zimni aybdor his qilmayman. Sababi men fuqarolik vazifamni bajardim. Mmen obshestvyenniy ishlarni necha yil davomida boshqarib kelayotgan bo‘lsam, el bilan ishlashib keldim. El bilan ishlagandan keyin elning ichidagi jamiki to‘plangan narsalarni men rahbar qatorida muhokama qilib, Muvaqqat hukumat bilan yaqindan turib ish olib borishga to‘g‘ri keldi.

Ozodlik: Jinoyatchi bo‘lish u yoqda tursin, oddiy ayb ham qilganim yo‘q, deyapsiz. Agar shunday bo‘lsa, unda siz nima uchun may oyida televideniye orqali qirg‘iz xalqidan kechirim so‘ragansiz?

Qodirjon Botirov: Men kechirim so‘raganim yo‘q. O‘sha zapisni diqqat bilan yana bir ko‘rsangiz bo‘larkan. Men afsuslandim. Men ofitsialno birortasidan kechirim so‘raganim yo‘q. Aybim bor bo‘lsa, “Mana shu aybni men qildim, mana shu aybim uchun kechiringlar” deb yaqqol aytardim. Men “ming afsuslanaman”, deb aytdim.

Ozodlik: Vaqt o‘tgandan keyin sizning televideniyedagi chiqishingiz aybingizni tan olganingiz sifatida talqin etilayapti. Iyul oyida O‘sh shahar hokimi Mirzaqmatov bilan suhbatda bo‘lganman va o‘shanda u: “O‘zi kechirim so‘radi-ku qirg‘iz xalqidan, aybini tan olganida!” degandi.

Qodirjon Botirov: Menga aytishdi. Uni ochiq aytishdi. Televizorda ko‘rsatib, mening ovozimni bermasdan o‘zlari kommentariy berib aytishdi. Menda imkon bo‘lmadi chiqib aslida nima gap bo‘lganligi to‘g‘risida aytishga. Sababi men respublikadan tashqarida edim.


“Qirg‘izistondan muvaqqat hukumat vakillari iltimosi bilan ketganman”

Ozodlik: O‘sha chiqishingiz o‘zingizning shaxsiy tashabbusingiz bilan bo‘lganmi yoki o‘sha kunlardagi vaziyatdan chiqish uchun Qirg‘iziston rahbariyati bilan, balki general Isaqov bilan o‘zaro bo‘lgan savdomidi?

Qodirjon Botirov: Bu savdo emas. 19 mayda Jalolobod yaqinidagi ippodromda Bakiyev tarafdorlari, Usen Siddiqovich tarafdorlari va ko‘chadagi prestupniklar va shu bilan birga Bakiyevni qo‘llagan militsiya xodimlari – hammasi bo‘lib 2000-3000 ga yaqin qirg‘izlar to‘plandi va bizning univyersitetga hujum qilishdi. Ana shu kuni 30 mingdan ziyod o‘zbek turgan atrofda. Ana shu kuni ular vyertolyotda aylanib, o‘zbeklar qayerlarda, qaysi napravleniyeda ketayapti - hammasini fotos‘yomka qilib yurishdi. Agar biz yomonlikni o‘ylaganimizda edi, boshqacha bo‘lgan bo‘lardi. O‘sha kuni bolalar bir necha marta “Rozilik beringlar, biz shuni hozir boshlaylik”, dedi. Biz rozilik bermadik kuch ishlatishga. Hujum qilganlar 2000-3000 kishi edi, xolos. Biz tomonda esa 30-40 ming odam to‘plangan edi. O‘sha kuni univyersitetga o‘t qo‘yishdi, talon-taroj qilishdi, lekin biz ularga qarshi qo‘l ko‘tarmadik ana shu yerda. Buni bilgan general Isaqov 20 may kuni ertalab, sahar soat 5 bilan 6 ning orasida Baqit Alimbekov bilan (uni bilasiz - Jalolobod komendanti bo‘lgan, Ichki ishlar vazirining birinchi muovini) bizning univyersitetga kelib, men bilan uchrashdi. Bu uchrashuvda univyersitet rektori ham qatnashdi. Bo‘lgan ishlarning hammasini videos‘yomka qilgan edik. Shuni biz televizorga qo‘yib, hammasini ko‘rsatib berdik. Bo‘lib o‘tgan ishlarni ko‘rib, o‘zi juda qattiq afsuslandi va muvaqqat hukumatning kuchi yetmayotganligi, Bakiyev va Usen Siddiqovlar millatlararo mojaro qo‘zg‘ashga urinayotganini, buning uchun qirg‘izlarning boshini biriktirishga harakat qilishayotganini, ular hatto kerak bo‘lsa muvaqqat hukumatga qarshi ish olib borishi aniqligini aytib o‘tdi. Shuning uchun mendan iltimos qilishdi. Bunda Alisher Sobirov ham qatnashdi, Umaroxunov Tohir ham qatnashdi kak sotrudnik qatorida, bularni o‘zbek deb taklif qilishgan ekan, “Bizni tushuning: hozir biz agar bularning oldini olib, qirg‘iz xalqini bo‘lib olmasak, hamma Bakiyev va Usen Siddiqov tomonga o‘tib ketadi. Shuning uchun respublikadan tashqariga chiqib turing, sizdan iltimos. Biz ungacha qirg‘izlarimizni bir yoqqa bo‘lib, to‘g‘ri yo‘lga solib olamiz. Bizga ozgina muhlat bermasangiz, “Bu o‘zbeklar mana bu yerda to‘planayapti ekan, Botirov uni qilayapti ekan, Botirov buni qilayapti ekan” degan har xil bo‘lgan-bo‘lmagan, yolg‘on-yashiqni tarqatishib, bizni shoshtirib qo‘yayapti. Shuning uchun muvaqqat hukumat nomidan, shaxsan o‘zining nomidan so‘ranib, mendan respublikadan uch-to‘rt kunga chiqib ketishni iltimos qildi.

Ozodlik: Kim iltimos qildi?

Qodirjon Botirov: Ismoil Isaqov. Ana endi siz aytgan intervyuni ham mana shu Ismoil Isakov spesialno jurnalist jo‘natib, iltimos qildiki, “Ozgina bo‘lsa ham napryajeniyeni tushirish uchun kerak bo‘layapti. Bizning iltimosimizni yetkazing. Qodirjon bo‘lgan ishlarni elning ichida aytib, o‘zining fikrini bildirib qo‘ysin. Napryajeniyeni ana shu yo‘nalish bilan pasaytira olsak, bizning katta yutug‘imiz bo‘ladi” deb so‘randi. Shundan keyin men ochiq o‘zimning intervyuimni zapis qilib, ularga berib yubordim.


“Muvaqqat hukumatdagilar bizga hamkorlik taklif qilgan”

Ozodlik: Tushunarli. Aprel voqealaridan keyin mamlakatdan chiqib ketguningizcha deymizmi, mayli iyun voqealarigacha deb olaylik, siz general Isaqov bilan hamkorlik qilibsiz. Yana kimlar bilan hamkorlik qilgansiz? Bekorga bermayapman bu savolni. Fojeadan keyin “Biz Qodirjon Botirov bilan hech qanday hamkorlik qilganimiz yo‘q” deb muvaqqat hukumat a‘zolari Siz bilan aloqa qilganlarini inkor etishdi. Kimlar bilan qaysi masalada hamkorlik qilgansiz? Tafsiloti kerak emas. Familiyalarni va qaysi masalada hamkorlik qilganingizni aytsangiz bo‘ladi.

Qodirjon Botirov: Birinchidan, meni Bishkekka bir necha bor chaqirishdi, taklif qilishdi. Men oxiri bordim Bishkekka. Emil Kaptagayev rukovoditel apparata ekan, kutib oldi.

Ozodlik: Aprel voqealaridan keyingi kunlardagi, hukumat tepasida muvaqqat hukumat o‘tirgan paytdagi gaplarni aytayapsiz?

Qodirjon Botirov: Ha. Keyin Almaz Atambayev bilan uchrashdik, Tekebayev bilan uchrashdik, Roza Isaqovna bilan uchrashdik. Ular bilan gaplashganda, “O‘zbeklar yashayotgan joylarda ularning o‘ziga xos liderlari bor. Ularning hammasini to‘plab, birgalikda gaplashaylik, chunki masala xalqimizga tegishli. Shuning uchun ruxsat berasizlar, men chaqiraman. Bolalar bilan birga uchrashamiz” dedim. Liderlarni chaqirdik. O‘shdan kelishdi bolalar. Men Qirg‘iziston janubidagi o‘zbeklarimizning bir qanchasini chaqirtirdim. Muhammadrasul Abaqjonovni O‘zgandan, Abdurasulov Inomjonni Qorasuvdan, Salohiddinov Jaloliddinni O‘shdan chaqirdik, Kamolov Shuhratni Botkendan chaqirdik, Qizilqiyadan Muxtorjonni chaqirdik, Jaloloboddan Abdusalomov Ulug‘bek, Akbarov A‘zamjon, Ergashev Vohidjon va yana bir qancha kishini chaqirib, Bishkekda ochiq-oydin gaplashdik. Bugungi kunda revolyutsionerlarning qilayotgan ishlarini bizning xalq qo‘llab-quvvatlashini aytdik. Faqat konstitutsionniy reforma bo‘lsin, sizlar Akayev davridagi, Bakiyev davrida bo‘lganiday, endi elni bo‘lishni to‘xtatinglar, dedik. Agar hamma teng ko‘riladigan bo‘lsa, biz hamkorlik qilishga tayyorligimizni ochiq aytdik. Ular shunga va‘da berishdi.

Ozodlik: “Ular”ning familiyalarini yana bir marta qaytarsangiz.

Qodirjon Botirov: Misol, O‘murbek Tekebayev saylovga va konstitutsiyaning yangi proyektini qilish uchun spesialno komissiya tuzdi. Shaxsan Tekebayev Davron Sobirovni shunga qo‘shdi, A‘zamjon Akbarovni va Abdusalomov Ulug‘bek akani qo‘shdi. Abdumo‘min Sentrizbirkomga a‘zo qilindi. Bizning takliflarimiz inobatga olindi. Shaharlarga hokimlar o‘rinbosarligiga o‘zbeklardan qo‘ydik. Buni shaxsan Roza Isaqovnaning o‘zi hal qildi. Zamlarga o‘zbek bolalarni qo‘yish kerakligini biz ochiq-oydin aytdik. Menga ochiq-oydin: “Muvaqqat hukumatga a‘zo bo‘lib keling, shu yerda ishlang” degan taklif bo‘ldi. Men: “Bugungi kunda janubda Bakiyev turibdi, provokatsiyalar bo‘layapti. Elimiz har kun xavfda yashayapti. Shu bir yoqqa surilmaguncha, reformalar bir yoqqa o‘tmaguncha, biz Jalolobodda bo‘lamiz. Hozir esa bizning bu yerdagi vakilimiz A‘zamjon Akbarov bo‘lib turadi. Biz borib ishimizni qilaylik” deb janubga qaytib, o‘zimizning ishimizni davom ettirdik.

Ozodlik: Muvaqqat hukumat a‘zolari bilan, uning raisi Roza O‘tunbayeva bilan, Tekebayev bilan munosabatlaringiz yaxshi bo‘lgan ekan. Boya Ismoil Isaqov bilan og‘ir kunlarda hamkorlik qilganingizni aytdingiz. O‘sha yaxshi munosabatlar qaysi sanagacha davom etdi?

Qodirjon Botirov: Ismoil Isaqovni, Beknazarovni 13-14 chislogacha ko‘rgan emasman.

Ozodlik: Qaysi oy bu?

Qodirjon Botirov: May oyi. Bilasiz, o‘sha kunlarda Botken, O‘sh, Jalolobod viloyatlarini Usen Siddiqov va Bakiyevning tarafdorlari egallagan edi. Oblastnoy sentrlarni va ularning administrativ zdaniyelarini egallab, quvib chiqarishgan gubernatorlarni. Mana shunga qadar birortasi elning oldiga ochiq-oydin chiqib, o‘zini ko‘rsata olgan emas.


“Bularning hammasi dvoynoy standartda ishlashdi”

Ozodlik: Kimlarni aytayapsiz?

Qodirjon Botirov: Isaqov, Beknazarov va o‘sha yerga qo‘yilgan javobgar shaxslarni. Ularning birortasi betma-bet chiqib, ularning oldida o‘zining ochiq-oydin so‘zini ayta olgan emas. Ular Bakiyev va Usen Siddiqovning storonniklaridan qo‘rqqan. Bilasiz, mana Bakiyev o‘zining otasining uyida -Teyitda turganda bularning hammasining qo‘lida telefonlari ikkitadan edi. Kunduzi hukumatga bitta telefonda javrashadi, kechqurun ikkinchi telefonda Bakiyev “yugurib kel” desa, borib, o‘shaning xizmatida bo‘lishdi. Bular hammasi dvoynoy standartda ishlashdi.

Ozodlik: Bular deganda kimni nazarda tutayapsiz?

Qodirjon Botirov: Hokimiyatda o‘tirganlar, ayniqsa janubdagi merlar, gubernatorlar, militsiyalar, SNBlar, prokuratura va sud xodimlari, ayrim qishloq hukumatlarining boshliqlari va korxonalarning direktorlari Bakiyevning uyidan uzilgan emas. Doimiy ravishda uning shtabida birga bo‘lishgan va juda qattiq tayyorgarlik ko‘rishgan. Shuning uchun ham Isaqov, Beknazarov va boshqa qo‘yilgan komendantlar elning oldiga biror marta chiqa olgan emas. Menga shaxsan Almaz Atambayev aytdi, “Qodirjon, sizning oldingizga shaxsan men Ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baqit Alimbekovni jo‘natayapman, u bilan maslahat qiling, militsiyalarning qanday holatdaligini biz bilamiz, narodniy opolcheniye tuzinglar, dejurstvo uyushtiringlar, joy-joylarda shtabni tuzinglar. Univyersitetga yaxshi odamlarni to‘plab, o‘sha yerda qattiq turmaydigan bo‘lsanglar, boy berib qo‘yamiz”, dedi. Uch marta gaplashdik. Biror marta kelgani yo‘q Baqit Alimbekov. Kelolgani yo‘q. Kelish uchun ularda yurak yo‘q edi-da. Bakiyev va Usen Siddiqovning tarafdorlari hamma yoqni qo‘lga olib, zirqiratib qo‘ygan edi. Bular bekinishib yurgan edi u paytda.


Millatlararo mojaro nimadan boshlandi?

Ozodlik: Qodirjon aka, men munosabatlar qaysi sanagacha davom etdi, deb so‘radim. Keling, savolni boshqacha qo‘yay. Nima uchun aprel inqilobidan keyin yaxshi bo‘lgan munosabatlar birdan, o‘zgarib urushga aylanib ketdi? Sababi nima?

Qodirjon Botirov: Sababi, menimcha, juda chuqurroq bo‘lsa kerak. Bakiyev va Usen Siddiqovning tarafdorlari ko‘payib, ular militsiya xodimlari tarafidan, SNB tarafidan, mestniy vlast tarafidan qo‘llangandan keyin bularning qo‘ltig‘idan tarvuzi tushdi. Ochiq tarzda “Narodniy opolcheniye qilmasak bo‘lmaydi. Narodniy opolcheniyega o‘zbekdan, qirg‘izdan tengma-teng olib, ularning ichidan yaxshi ishlagan bolalarni militsiya, prokuratura, SNBga olib, bu idoralarni internatsionalniy qilmasak bo‘lmaydi” deb, meni shaxsan Beknazarov chaqirdi, Jalolobodda gaplashdik. Gubernator qatnashdi, janub bo‘yicha zamgeneralniy prokurorlar qatnashdi. Jalolobodda Mo‘lmo‘l degan gostinitsa bor. “Mo‘lmo‘l Bakiyevning quyruqlariga tegishli narsa. Davay, sanksiya qo‘y, arestovat qil. Gubernator xat yozadi. Shuni kazarma qilasan. Kruglosutochno shu yerda o‘zbek va qirg‘izlardan tashkil qilingan narodniy opolcheniye bo‘ladi” deb ochiq ustanovka berdi. Biz tayyorladik, lekin men bitta narsaga keyinroq e‘tibor berib qolibman, aslini olganda, qirg‘iz xalqining ichida o‘zini hurmat qilgan va qonun asosida yashagan qirg‘izlar Beknazarov, Ismoil Isaqovning birortasiga ishonmasligi yaqqol ko‘rindi-da shunda. Ular kelmay qo‘ydi narodniy opolcheniyega. Bular o‘zining kimligini bildi o‘sha yerda. Bilgandan keyin Ismoil Isakov O‘shga borib, Melis Mirzaqmatov bilan, Suyun O‘murzaqov bilan, Qursan Asanov degani bor - nachalnik UVD, Gaipqulov Iskandar deganlari bor - mana shunga o‘xshaganlar va ko‘chadagi prestupniklar bilan uchrashgandan keyin “Qirg‘izning ichida haqiqiy patriotlari ham bor ekan, biz o‘zimiznikilarga ishonishimiz kerak ekan” deb, ular Bakiyev davrida imenno o‘zbeklarga tayyorlagan jinoyatni O‘shda boshlashdi.
XS
SM
MD
LG