Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:29

Terrorda gumon qilingan o‘zbek AQShda ushlandi


Jamshid Muxtorovni taniganlar, u AQShdan siyosiy boshpana olgunga qadar diniy qarashlari zaif bo‘lganini aytmoqda.
Jamshid Muxtorovni taniganlar, u AQShdan siyosiy boshpana olgunga qadar diniy qarashlari zaif bo‘lganini aytmoqda.
O‘zbekiston fuqarosi 35 yoshli Jamshid Muxtorov 23 yanvar kuni AQShda diniy-ekstremistik tashkilotga a‘zolikda gumon qilinib, qo‘lga olindi.

Muxtorov AQShning Kolorado shtatidagi Avrora shahrida yashab kelgan.

Bu haqda ma‘lumot bergan AQSh mulozimlariga ko‘ra, Muxtorov Chikago Xalqaro aeroportida Turkiyaga uchayotgan paytda qo‘lga olingan.

AQSh Adliya vazirligi mulozimi Din Boydning matbuotga bildirishicha, qo‘lga olish chog‘ida Muxtorov qarshilik ko‘rsatmagan.

Adliya vazirligi tarqatgan bayonotga ko‘ra, Abdumo‘min Turkistoniy¸ Abu Mo‘min taxalluslari bilan maktublashib turgan Muxtorov qarorgohi Pokistonda bo‘lgan Islomiy Jihod Ittifoqi ekstremistik tashkiloti safida jangari bo‘lishga hozirlangan.

Bu tashkilotning O‘zbekistondagi rejimni ag‘darib, islomiy davlat qurishga chaqirib kelishi aytiladi.

Jamshid Muxtorov AQShda yashagan payti dinga mukkasidan berilgani aytilmoqda.
Jamshid Muxtorov AQShda yashagan payti dinga mukkasidan berilgani aytilmoqda.
Bayonotda Muxtorovning AQSh hududida terror amaliyoti o‘tkazish niyati bo‘lmagani ham ta‘kidlangan.

Dushanba kuni ertalab Jamshid Muxtorov Chikago mahkamasiga olib kelingan.

Sud hakami Morton Denlov Muxtorov ishini Denver sudi ko‘rishi lozim, deya ajrim chiqargan.

Ayni paytda tergovchilar Jamshid yashagan uyni tintish va unga oid kompyuter hamda Blackberry telefonini taftish qilish uchun order olgan.

Dushanba kuni Muxtorov yashagan uy qo‘ng‘irog‘i bosilganida hech kim javob bermagan, uyning yonida Muxtorovga oid yuk mashinasi turgan.

Bu haqdagi tafsilotlarga o‘rin bergan The Huffington Post internet nashri jurnalistlari Muxtorovning qo‘shnilari bilan suhbatlashishgan.

Jamshid Muxtorovning yon qo‘shnisi uning AQShda yuk mashina haydovchisi bo‘lib ishlagani¸ xotini va uch farzandi bilan tez-tez hovlida kabob (barbekyu) pishirib turganini aytgan.

Qo‘shniga ko‘ra, Muxtorovning 6 yashar qizchasi va 3-4 yosh atrofidagi ikki o‘g‘li bo‘lgan.

The Huffington Post internet nashri¸ rasmiylarga tayangan holda¸ Muxtorovning telefon so‘zlashuvlari va internetdagi yozishmalari o‘tgan yil bahoridan beri AQSh maxsus xizmatlari nazoratida bo‘lganini yozadi.

Bu yozuvlarda Muxtorov “tashkilot bergan vazifani uddalash uchun o‘limga hozir” ekanini shartli ishora bilan bildirgan.

AQShdagi aybsizlik prezumptsiyasiga ko‘ra, Jamshid Muxtorovning aybdor ekanini faqat sud aniqlashi mumkin.

Muxtorovning aybi tasdiqlangan taqdirda, u 15 yillik qamoq jazosi va 250 ming dollar jarimaga tortilishi mumkin.

Jamshid Muxtorov aslida o‘zbekistonlik huquq himoyachisi bo‘lgan va u o‘z vaqtida “Ezgulik” jamiyatining Jizzax viloyati bo‘limi rahbari bo‘lgan.

U ilk bor 2005 yilda tazyiqqa uchragan, kaltaklab ketilgan va buning ortidan boshlangan tazyiqlar natijasida O‘zbekistonni tark etib, Qozog‘istonga o‘tgan edi.

O‘z vaqtida “Ezgulik” jamiyati uning Qozog‘istonda ham kaltaklangani haqida xabar bergan edi. Keyinchalik u AQShdan boshpana oldi.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisasi Vasila Inoyatova bu borada Ozodlikka bergan intervyusida: “Hozir AQShdan boshpana olgan Jamshid Muxtorov jamiyatimizning Jizzax viloyati bo‘limi raisi bo‘lgan, juda faol edi. U juda katta tazyiqlarga duchor bo‘lgan”, degan edi V.Inoyatova.

Endilikda AQSh rasmiylari terrorchilikda gumon qilayotgan O‘zbekiston fuqarosi bilan shaxsan tanish bo‘lgan, ayni paytda AQSh da istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik siyosiy qochqin Ahmadjon Rahimovning aytishicha, asli jizzaxlik Jamshid Muxtorov AQShga keguniga qadar diniy qarashlari kuchli bo‘lmagan.

XS
SM
MD
LG