Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:23

Blog: Gulnora Karimovani sevib qoldim...


Gulnora Karimova Kann kinofestivali doirasidagi ziyofatlardan birida.
Gulnora Karimova Kann kinofestivali doirasidagi ziyofatlardan birida.

Qurbaqaning ishqi malikaga tushdi. Tuya hammomni orzu qildi. Bu maqollardagi dramaning yangi tamsili paydo bo‘ldi - Qozog‘iston qurilishlaridan birida mardikorlik qilaëtgan sho‘rlik yigit "o‘zbek malikasi"ga oshiqu beqaror bo‘lib qoldi...

Osilsang baland dorga osil yoxud maslahatli to‘y tarqamas

E yoronlar, yurakda bir dard bor menda. Hech kimga aytolmayman bu gaplarni. Yonimda bir hamdardim yo‘qki, yurakni yorib hasratlashadigan. Oh tortsam, o‘tli nafasimga burama mix qotiradigan drelim qizib ketib ishga yaramay qolayapti. A‘zoi badanim otashga aylangan, bochkadagi sovuq suvga boshimni tiqsam suv sharaqlab qaynab toshayapti.

Ishq dardiga mubtalo bo‘ldimu qoldim. Tushunyapsizmi, men sevib qoldim! Battar bo‘l deyapsizmi? Ne dojdetes! Chunki bundan battari bo‘lmaydi. Bo‘larim bo‘lgan allaqachon. Uyqusiz tunlaru, tomoqdan suv o‘tmay qolgani sabab, ko‘zlar kirtayib, gugurt cho‘pdek ozib ketdim.

Mavzudan biroz chekinaman, doim internetu gazetalarda sonsiz e‘lonlarni ko‘raman, bir oyda faloncha, bir yilda pistoncha ozdiraman degan. Hammasi bo‘lmagan gap ekan. Ozishni istagan odamlar sevib qolsin. Shunaqa sevsinki kuniga uch kilo, uch kilodan et tashlaganini o‘ziyam sezmay qolsin.

Bilmayin bosdim tikonni, birodarlar. Xullas sevib qoldim. Sevgandayam, o‘ngu so‘lga, yuqoriga, pastga, diagonaliga qaramay sevdim.

U parivash doim ko‘z oldimda, ko‘zimni yumsam u, ko‘zimni ochsam u. Kunu tun yurak o‘ynog‘i sabab validolxo‘rlik qilib yotibman.

Ha, yigit o‘lgur, aytmaysanmi, kimni sevib qolganingni deysizmi? Aytaman, aytaman, hozir bir krujka sovuq suv ichib olay. Yaqinroq keling ,qulog‘ingizga aytaman kimligini.

Hoy, nima bo‘ldi, unsiz qotib qoldingiz? Ko‘zingizni pirpiratmang, eshitganingiz aniq. Gulya xonimni sevib qoldim.

Ha da, o‘sha maloik, Gulnora Karimova.

E, boringe, qanaqa odamsiz o‘zi, sevgining s harfini tushunmaysiz. Xo‘sh nima qilishim kerak edi? Bu yurak qurg‘urga buyruq berib bo‘lmasa. Istaganini sevadida. Menga Alla Pugacheva yoqardi, lekin uning boshi ochiqmas. Maksimjon bor o‘rtada, oilasini buzmaymanku, uyam orzu havas ko‘rgisi keladi.

Men nimayam qila olardim, yurak qurg‘ur Gulyaxonga chopib tursa. Xullas, uzil-kesil qarorga keldim. Peshanada borini ko‘ramiz. Qaror qat‘iy, muhokamaga o‘rin yo‘q. Tavakkalning boshi kal¸ derlar. Boshga tushganni ko‘z ko‘rar.

Uylanaman shu qizga. Topsam molim , topmasam jonim fido shu malakka. Teng tengi bilan, tezak qopi bilan degan siyqasi chiqqan gaplarni aytmang menga. Bo‘ridan qo‘rqqan o‘rmonda o‘tin kesmas emush, chumchuqdan qo‘rqqan dalaga tariq sepmas emush.

Qolaversa men ham yerdan chiqqan qo‘ziqorin emasman. O‘zimga yarasha obro‘im bor. O‘rta Osiyo , Qozog‘iston va Rossiyada xizmat ko‘rsatgan Gastarbayter unvoni sohibi, Xalqaro Sargardon Sayyohlar Klubi Raisi, Dunyoda bor yo‘g‘i uch odam olgan Qizil G‘isht (Krasniy Kirpich) ordeni egalaridan biriman.

To‘y masalasiniyam deyarli pishitib qo‘ydim. O‘zbekmiz har holda, sovchi qo‘yaman udum bo‘yicha. Sovchilarniyam topdim. Hurmati ulug‘ insonlar. Muhammad Solih, Abduraim Po‘latov va Bahodir Choriyevlarni ko‘ndirmoqchiman o‘rtaga tushishga. Ularam bahonada O‘zbekistonni ko‘rib kelishadi. Ortiqcha savob hech kimga ziyon qilmas deb o‘ylayman. Qolaversa¸ bo‘lajak qaynotam bilan yarash oshini yeb kelishadi.

Buyuk kelajak sari Yurtboshimiz (bo‘lajak qaynotam) belgilab bergan yo‘ldan og‘ishmay borayotgan yurtga to‘ylar yarashadi. To‘yni isrofgarchiliklarsiz, ixchamgina o‘tkazmoqchiman. Barini o‘ylab pishitib qo‘yganman. Ko‘p narsadan tejaymiz ekan. To‘y ko‘ylaklariyu, taqinchoqlarni arendaga olishga hojat yo‘q. Hamma pulni shilib ketadigan otarchilar umuman kerakmas. Gulya xonim qo‘shiq aytsa, men qiziqchilik qilib to‘yni o‘tkazvolamiz. Bir xozyaystvenniy er bo‘lsa menchalik bo‘lar. Ichkilik masalasiniyam hal qildim. Qozog‘istondan o‘n, o‘n besh yashik aroq, besh olti bochka Chimkent pivosidan olib boraman.

Xorazmlik do‘stlarim guruchini, Surxonlik shogirdlarim go‘shtini, Vodiylik hamkasblar meva-sabzavotini ko‘taramiz deyishyapti. Qolaversa o‘zimning ham uncha muncha jamg‘arib qo‘yganim bor.

Agar Gulya xonimni ko‘ndirolsam to‘yni "Mingta to‘y" aktsiyasiga qo‘shib qo‘yamiz.

Eson-omon to‘yni o‘tkazib olsam, qaydasan Zomin tog‘lari deb asal oyiga jo‘nab ketamiz. Kelin bolaga o‘z qo‘llarim bilan archa bosib, tandir kaboblar tayyorlab beraman.

To‘yga marhamat azizlar!! To‘y xabarini eshitgan zahoti¸ Mustaqillik maydoniga kelaveringlar!!!

Muallif: Shavkat Muhammad
XS
SM
MD
LG