пайшанба, апрел 24, 2014 маҳаллий вақт 23:41

"Yosh to‘lqin" yoshlar sahifasi

Putin Toshkentni chetlab Bishkek bilan kelishuv tuzmoqchi

Prezidentlikka saylangach¸ xorijga ilk safarini Toshkentdan boshlashni an‘anaga aylantirgan Vladimir Putin¸ uchinchi bor prezidentlikka qaytganidan so‘ng O‘zbekiston emas¸ balki Qozog‘iston va Qirg‘izistonga alohida e‘tibor ko‘rsatishni lozim topdi.

x
Матн катталиги - +
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 20 sentyabr kuni Qirg‘izistonga safari kutilmoqda. Bishkekdagi so‘zlashuvlar yakunida Qirg‘iziston va Rossiya hukumatlari o‘rtasida Yuqori Norin va Qambarota - 1 gidroelektrostantsiyalarini birgalikda qurish hamda harbiy sohada hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Bu voqea O‘zbekiston rahbarining 7 sentyabr kungi bayonotidan paydo bo‘lgan intrigani kuchaytirishi mumkin.

Prezident Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuvdan so‘ng Ostonada o‘tkazilgan matbuot anjumanida Islom Karimov Tojikistondagi Rog‘un GESi va Qirg‘izistondagi Qambarota GESi qurilishi haqida gapirar ekan: "Vaziyat shu darajada keskinlashib ketishi mumkinki, bu holat shunchaki diniy qarama-qarshilik emas, urushlarni keltirib chiqarishi mumkin", deya ta‘kidlagan edi.

Moskva bilan Bishkek o‘rtasida GESlarga oid hujjatlar imzolanishi Toshkent – Bishkek munosabatlari qanday ta‘sir qiladi?

Toshkentlik siyosatshunos Farhod Tolipovning fikricha, Moskva bilan Bishkek o‘rtasida GESlar qurishga oid hujjatlarning imzolanishi, shubhasiz, Toshkent –Bishkek munosabatlariga salbiy ta‘sir ko‘rsatadi.

- Mening nazarimda¸ muammo chigallashib boradi va munosabatlarga salbiy ta‘sir ko‘rsatadi bunday qarorlar¸ agar ular qabul qilinsa. Albatta¸ Rossiya-O‘zbekiston, O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlariga putur yetkazadi. Bu shak-shubhasiz. Chunki bunday qaror, agar u qabul qilinsa, avvalo¸ haqiqatan ham qabul qilinib ishlar boshlansa, O‘zbekistonning manfaatlari, talablari, chaqiriqlari umuman hisobga olinmaganligidan, O‘zbekiston pozitsiyasi pisand qilinmaganligidan dalolat beradi. Bunga O‘zbekiston qanday qarashi mumkin? Faqatgina salbiy reaktsiya berishi mumkin xolos. Chunki hech bo‘lmaganda¸ bunday qarorlarni qabul qilishdan oldin qandaydir oldindan¸ deylik Rossiya va O‘zbekiston orasida qandaydir boshlang‘ich muzokaralarmi, kelishuvlar, muvofiqlashtirish ishlari olib borilsa bo‘lardi. Xuddi shunday ishlarni O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston orasida kelishuv yoki muzokaralar olib borilsa bo‘lardi, deydi toshkentlik siyosatshunos Farhod Tolipov.

Savolimizni Qirg‘iziston respublikasi Xavfsizlik kengashining sobiq rahbari, hozirda mustaqil ekspert Miroslav Niyozovga ham berdik.

U ham Moskva bilan Bishkek o‘rtasida GESlar qurishga oid hujjatlar imzolanishi Toshkent –Bishkek munosabatlariga salbiy ta‘sir qiladi, degan fikrda.

Biroq shunga qaramay, Niyozov shartnomalarning imzolanishi, GESlar qurilishi tarafdori.

- Karimovning xohish-istaklari qanday bo‘lishidan qat‘iy nazar, tabiiy resurslar mavjud qoidalar asosida taqsimlanaveradi. Yangi qoidalar o‘ylab topishning keragi yo‘q. Toshkent – Bishkek munosabatlari esa, Karimov o‘zining ortodoksal g‘oyalaridan voz kechmagunicha yomonlashib boraveradi. Uning mintaqada o‘zi xohlagan tartibni o‘rnatib olishga intilishi ziddiyatlarni keltirib chiqaradi, xolos, dedi qirg‘izistonlik ekspert.

Masala muhokamasiga qozog‘istonlik siyosatshunos Do‘sim Satpayevni ham jalb etdik. Mana uning fikri:

- Keskinlik darajasi jihatidan Toshkent – Bishkek munosabatlari Toshkent - Dushanbe munosabatlaridan keyin turadi. GES qurmoqchi ekan, Qirg‘iziston rahbariyati o‘zining iqtisodiy manfaatlaridan kelib chiqmoqda. Va Bishkek bu masalada Toshkentga quloq solmoqchi emas , dedi Do‘sim Satpayev.

Uchala ekspert ham Moskva bilan Bishkek o‘rtasida GESlar qurishga oid hujjatlar imzolanishi Toshkent –Bishkek munosabatlariga salbiy ta‘sir qiladi, degan fikrni bildirdi.

Xo‘sh, bu yomonlashuv darajasi qanday bo‘ladi? Nahotki, prezident Karimov tilidan yangragan “urush” so‘zini eslatadigan darajaga borib yetadi?

Toshkentlik siyosatshunos Farhod Tolipov:

- Yo‘q, menimcha bunday demagan Karimov. Uni to‘g‘ri tushunish kerak. Avvalo u ogohlantiruvchi bayonotda aytganki, daryolarning yuqori oqimida joylashgan Tojikiston va Qirg‘izistonga qarata ogohlantiruvchi yoki quruq ma‘noda aytilgan gaplari shu bo‘ldiki, har qanday inshootlarni, gidroinshootlarni qurishdan oldin xalqaro ekspertiza natijalari kutilsin, natijalari e‘lon qilinsin, o‘shandan keyingina qarorlar qabul qilinsin, aks holda bu mojaroviy masala chigallashib ketishi mumkin va hokazo gaplar. To‘g‘ri ma‘noda urush olib borilishi, urush boshlanishi degan ma‘noda emas. Bunday holatga munosabatlar va vaziyat yetib bormasa kerak deb o‘ylayman, deydi toshkentlik siyosatshunos Farhod Tolipov.

Qirg‘iziston respublikasi Xavfsizlik kengashining sobiq rahbari, hozirda mustaqil ekspert Miroslav Niyozov esa, urush ehtimoli to‘g‘risidagi savolimizga javoban mana bunday dedi.

- O‘zbekiston o‘zining urush tahdidini mustaqil amalga oshira olmaydi. Bu ishni faqat G‘arbga tayanib qilishi mumkin. Bu holda Rossiya aralashadi. Va shundan kelib chiqib aytish mumkinki, mintaqaga xavf solib turgan urush tahdidi G‘arb bilan Sharq o‘rtasidagi mojaro bo‘ladi. Shuning uchun Qirg‘iziston Rossiya bilan bir alyansga kirishi lozim. Agar bu mojaro gij-gijlanguday bo‘lsa, biz nomini aytishga ham qo‘rqayotganimiz voqea yuz beradi. Ya‘ni keng miqyosli urush darajasidagi qurolli to‘qnashuv yuz berishi mumkin, dedi qirg‘izistonlik ekspert.

Qozog‘istonlik siyosatshunos Do‘sim Satpayevni ham o‘rganayotganimiz masalada o‘ta optimist deyish qiyin.

- Rossiyaning Qambarota GESi loyihasiga qo‘shilishi darhol harbiy to‘qnashuvga sabab bo‘ladi, demagan bo‘lardim. Lekin Toshkent bu masaladagi o‘zining qat‘iy pozitsiyasi to‘g‘risida yana bir bor bayonot berajagi aniq. Harbiy harakatlar boshlanib ketishini kutishga hojat yo‘q. Lekin teatrga oid iborani ham esdan chiqarmaslik kerak: agar spektaklning birinchi ko‘rinishida devorga miltiq osib qo‘yilgan bo‘lsa, oxirgi ko‘rinishga borib u albatta otiladi, dedi Do‘sim Satpayev.
Ўзбекистонда "Озодлик"ка DOVON.INFO прокси сайти орқали киринг.
Бу адресни яқинларингизга юборинг!
ПРОКСИГА ҲАМ ТЎСИҚ ҚЎЙИЛСА ЯНГИСИНИ ШУ ЕРДА ЭЪЛОН ҚИЛАМИЗ.
ОЗОДЛИК радиоси билан ҳар қачон скайп орқали боғланинг! OzodOvoz + OzodSkype
WhatsApp +420 724 971 539
Бу форум ёпилган
Шарҳлар
     
Бу форумда ҳозирча шарҳ йўқ. Сиз биринчи бўлиб ёзишингиз мумкин
.

Ozodlik Odnoklassnikida