Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:10

Jizzaxda sirli epidemiyaga chalingan minglab qo‘y o‘ldi


Mahalliy aholi vakillarining Ozodlikka ma‘lum qilishicha¸ Jizzax viloyatida chechak kasaliga qarshi vaktsina qilingan 40 mingga yaqin qo‘y sirli xastalikka chalinib, qirilib ketgan. Rasmiylar bu xabarni tasdiqladi.

Qo‘ylarning keyingi uch-to‘rt kun ichida yoppasiga qirilib borayotgani haqida Jizzax viloyatida istiqomat qiluvchi aholi vakillari va viloyat rasmiylaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, vaktsinadan tarqalgan noma‘lum kasallikning “quturish” yoki “qichima” kasalligi ekani taxmin qilinmoqda.

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida istiqomat qiluvchi Nabijon Jo‘raboyevning aytishicha, vaktsinatsiya 10 kunlar muqaddam – viloyatdagi qo‘ylar orasida chechak kasalligi tarqalayapti, degan sabab bilan boshlangan.

- Qo‘ylarda chechak chiqarkan. Shuni olish majbur ekanda. Butun viloyat bo‘yicha olib ukol qilib chiqilgan. Bu endi hozir chet eldan kelgan emish. Dori nimadir holda bo‘lgan. Endi zahari nimadan bo‘lganligini hozir 7 kunda laboratoriyada ko‘rib chiqadi, keyin aytadi. Lekin xalq yeb qirilib ketishi mumkinku 10-15 kundan keyin. Ukol qilgandan 7 kundan keyin qo‘ylarga ta‘sir qilgan ekan, deydi Nabijon Jo‘raboyev.

Muddati o‘tib ketgani taxmin qilinayotgan vaktsinadan chiqqan ofatning qanaqa kasallik ekani haqida hozircha xalqda hech bir ma‘lumot yo‘q, deydi bu suhbatdosh. Ammo kasallikning belgilari “quturish”ga o‘xshaydi¸ deydi Nabijon aka.

- Qo‘y temperaturasi ko‘tarilib ketib hamma joyini tishlab tashlayapti yara qilib. O‘pka, buyrak, jigar qurib qolib ichaklar tirishib qolayapti ekan. Mening o‘zimning og‘aynimning 300ta qo‘yi vafot etdi shunaqa qilib. Buni na doktorlar, na boshqa bir inson, na viloyatda boshqa bir nimalar, bilmadim¸ xalq menimcha eng e‘tiborsiz xalq bo‘lib qoldimi. Xalqni e‘tiborga olmay qo‘ydimi. Buni yesa qirilib ketishi mumkinku, deydi Nabijon Jo‘raboyev.

Bu sirli epidemiyadan xavotirga tushgan ko‘p oilalarning qo‘y go‘shti¸ umuman go‘sht iste‘molini to‘xtatgani aytilmoqda. Biroq yuzlab qo‘yidan bir necha kunda ayrilib qolayotgan ba‘zi chorvadorlarning harom o‘lgan qo‘ylar go‘shtini yashirin ravishda Toshkent va Samarqand viloyatlariga olib borib sotib kelayotgani kuzatilmoqda, deydi Nabijon aka.

- O‘lgan qo‘yni bir xillar yoqib tashlayapti ko‘mib. Bitta-ikkitasi sotib yuribdi yashirincha 7000-8000 dan. Hozir qo‘y go‘shti 17 ming. Shu yerda so‘yib Toshkentga yashirincha olib borib sotib kelayapti ekan, deydi Nabijon Jo‘raboyev.

Nabijon akaning bu gaplarini ismi sir qolishi sharti bilan tasdiqlagan jizzaxlik fermerlardan birining aytishicha, ushbu noma‘lum kasallikdan qirilib ketgan qo‘ylar soni 40 mingga yaqinlagan.

Ushbu manba 19 sentyabr kuni ayni masala bo‘yicha tuman hokimligidagi rasmiylar bilan suhbatlashgani va ayni kezda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bu ish yuzasidan tergov boshlaganini ma‘lum qildi.

Ozodlik muxbiri boshqarma bilan bog‘langanida, ichki ishlar xodimlari bu xabarni tasdiqlab¸ ayni damda Jinoyat qidiruv bo‘limi ushbu ish bilan shug‘ullanayotganini qo‘shimcha qildi.Jinoyat qidiruv bo‘limidan esa¸ ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Jizzax viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan rasmiysiga ko‘ra¸ uch kundan buyon boshqarma aholi punktlarida ogohlantiruv ishlarini olib bormoqda.

- Uch kundan berish ishlayapmiz. Chiqqan kasallikning nima ekani noma‘lum¸ lekin uchta kasallikni taxmin qilib turibmiz. Odamlarning hammasi sog‘-salomat, dedi bu rasmiysi mikrofonsiz suhbatda.

Sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakilining aytishicha, taxminiy ro‘yxatda turgan kasalliklar orasida quturish va qichima kasalliklari bor.

Ayni paytda rasmiy¸ aholiga ehtiyot chorasi o‘laroq qo‘y go‘shti yemaslik, kolbasa va boshqa go‘sht mahsulotlarini ham yemay turishlikni tavsiya qildi.
XS
SM
MD
LG