Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:00

Blog: “Artel”ni sudga beraman!..


Ko‘pdan beri Toshkentga yo‘lim tushmagandi. Katta idoralarga shikoyat tashlash vajidan poytaxt havosidan nafas olish nasib etdi. O‘zi bir quchoq ariza bilan kelgandim. Ka-atta pannoga ilingan “riklom”ni ko‘rib qo‘lim beixtiyor yana bir shikoyatga yugurayozdi.

Gapni ko‘p cho‘zmay, muddaoga o‘ta qolay. Shu desangiz, “Artel” degan shirkat Toshkentning eng gavjum joylarini reklama bilan to‘ldirib tashlabdi. Birida jonning huzuri sovutgich, yana birida ancha-muncha tandir-o‘choqni changida qoldiradigan gaz plitasi ko‘z-ko‘z qilingan. Hammasidan ham, shu gaz plitasi reklamasi ta‘bni xira qildi...

Serialu filmlarni bo‘shatmayotgan aktrisa qizimiz Dilnoza Kubayeva, keyin, hadeb irg‘ishlab, sahnani changitadigan yigit bor-ku, “Bojalar” gruppasi a‘zosi – ikkovlonning rasmi tushirilgan panno. Kattaligi qo‘shnimiz Qodirboyning darvozasichalik keladi. Unga shapaloqdek qilib “Endi sizga o‘tin kerak bo‘lmaydi!” deb yozib qo‘yibdi.

Shu gapi bilan “Artel” davlatimizni siyosatiga qarshi chiqayotganiga nega hech kim sarosop solmayapti – hayronman.

“O‘tin kerak bo‘lmaydi” degani nimasi?! Mana, Andijonimizda shaxsan hokimbuvaning o‘zi qishga o‘tin g‘amlab olishni qulog‘imizga quyayotgan bo‘lsa! Odamlar molini, borini sotib, jon halpida o‘tin yig‘ayotgan bo‘lsa!

O‘tin jonivorning bir mashinasi (a‘robangizning katta-kichikligi, bo‘yi-eniga qarab-da) bir million so‘mga chiqib ketgan (Qo‘shni Namangan, Farg‘ona viloyatlarida ham sarjini falon pul deb eshitaman). U emas, bu emas, ahvol shundoq davom etsa, o‘tin valyutaga aylanib ketadiyov.

Jiyanim Farg‘onaga tushgan. Fig‘onidan dud chiqib arz qiladi, tappi qilishga tushib ketdik deb. O‘tin falon pul bo‘lganidan keyin burnini jiyirmasdan tezak yoqishga ham ko‘nadi-da odamzot! (Aytgancha, mavridi bo‘lmasayam, tilshunoslarimizga bir so‘rovim bor edi, iltimos, shu tappi, tezak so‘zlarini “eskirgan” degan tamg‘a qo‘yib, lug‘atning eng tubiga tushirib yuborishmasa, hali bu so‘zlar bizga ko‘-o‘p asqotadi, shekilli).

“Artel”ning reklamasi shijoat bilan o‘tin yig‘ayotgan bizga o‘xshagan omilarning ishchanlik kayfiyatini so‘ndiradi. Yo noto‘g‘ri gapiryapmanmi? Yanayam yomoni, odamlarda “Iye, gaz bo‘lishi mumkin ekan-da!” degan xomxayol uyg‘otib qo‘yish xavfiyam bor.

Bu “riklom”ni viloyatlarga qo‘ysa, “ChP”larga sabab bo‘lishi an-niq! Gazning shaklu shamoyilini, hid-isini esdan chiqargan odamlar “Nahotki, bu yil qishda gaz yoqsak!” deb yuragini ushlab qolishi, uzr-u, biror homilador kelin hayajondan bola tashlab qo‘yishi... xullas, shunga o‘xshagan bexosiyatliklar yuz berishi mumkin.

Yana nimalardir yozmoqchi edim. Lekin gap ko‘p-u, ko‘mir oz-da. Siyosiy sergakligim uchun orden-medal berish shart emas, fiysabillo yozdim.

Muallif: Andijonlik muallim
XS
SM
MD
LG