Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:34

Blog: Qo‘ylar muborak!


Qirg‘iziston axborot agentliklari kecha o‘zbekistonliklar tomonidan olabuqalik cho‘pondan olib ketilgan 101 qo‘yning 24 tasi qaytarilmaganini xabar qildi.


Aytilishicha, 14 yanvar kuni o‘zbekistonlik uch kishi Jalolobodning Olabuqa tumanida mahalliy cho‘pon Qapar Mo‘ldo‘bekovni kaltaklab, u boqib yurgan 100 dan ziyod qo‘yni O‘zbekistonga haydab ketibdi.

Qirg‘izistonlik voqea guvohlari Qapar cho‘pon Ko‘kserek qishlog‘ida 355 ta qo‘yni o‘tlatib yurgan paytda o‘zbekistonliklar kelib, qo‘ylarining qariyb uchdan birini olib ketishganini aytishibdi. Ular avvaliga o‘zbekistonliklar butun suruvni haydab ketmoqchi bo‘lishgani, faqat boshqa bir cho‘pon xalaqit berib qolgani uchun “boriga baraka” qilishganini qo‘shib qo‘yishibdi. Hozir cho‘pon kasalxonada davolanayotganmish.

Voqeadan keyin u yerga 50-60 odam yig‘ilib, qo‘y o‘g‘rilari go‘riga g‘isht qalashibdi. Shundan keyin ikki davlat chegarachilari uchrashibdi. Qirg‘iz zobitlari o‘zbekistonlik hamkasblariga o‘g‘rini ushlab, ta‘zirini berib qo‘yishni so‘rashibdi.

O‘g‘rilarni tutgan o‘zbek pogonlilari 77 qo‘yni qo‘shnilarga qaytaribdi. Qo‘ylarning qolgani qayoqda qolgani hozircha ma‘lummasmish.

Bunaqa voqealar paytida yo‘tal aralash ovoz chiqarib qo‘yadigan o‘zbekning mutasaddilari bu gal og‘ziga talqon solib olgan – O‘zbekistondagi hech bir xabarchi sayt bu haqida yozmadi. Faqat Uzmetronom degan sayt Qirg‘izistondan kelgan “24 qo‘y o‘z yurti kelajagiga ishonch yo‘qligini aytib, O‘zbekistondan siyosiy boshpana so‘ragan”i haqida istehzo qildi.

Bu voqeadan keyin O‘zbekiston haqida “u yoqlarda erkinlik yo‘q bo‘lgani bilan talonchilik avj olmagan” deb birovga gap bermay yurgan mendek notavonlar tilini tishlab qoldi.

Yo tilni tishlash o‘rniga o‘sha tarafga qarab, baland ovoz bilan: “Qo‘ylar muborak, boy ota, qo‘ylar muborak!” deb qichqirsammikin? Qani, dandanadan oling, dandanadan...

Xijolat maxsum
XS
SM
MD
LG