Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:43

O‘zbekistonda Internet “avariya vaziyati”ga tushdi


16 yanvar kuni butun O‘zbekiston bo‘ylab Internet faoliyatida jiddiy uzilishlar yuzaga chiqdi. Ertalabdan ham kompyuter¸ ham mobil telefonlar orqali Internet global tarmog‘iga ulanmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar¸ bunga muvaffaq bo‘la olmadilar. Ozodlik bilan suhbatda Internet xizmati ko‘rsatuvchilar¸ muammoning mamlakatdagi yagona monopolist hisoblangan O‘zbektelekom bilan bog‘liq ekanini aytishdi.

Ozodlik o‘rgangan ma‘lumotlarga ko‘ra¸ 16 yanvar kuni Internetga ulanmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar bunga muvaffaq bo‘la olmagan. Ayrim manbalar¸ butun O‘zbekiston bo‘ylab mahalliy vaqt bilan 13:30 dan boshlab kamida yarim soat Internet mutlaq o‘chib qolganini aytsa¸ Ozodlik bog‘langan Toshkentdagi yirik Internet kafe xodimi¸ muammoning kun davomida kuzatilayotganini bildirdi:

- O‘zbektelekomda muammo chiqdi¸ bugun bir o‘chib¸ bir yonib turibdi. Bu muammo butun O‘zbekiston bo‘yicha shunaqa. Aynan hozir ishlayapti¸ besh minut oldin ishlamayotgan edi. Ammo yana qancha ishlaydi¸ buni biz bilmaymiz. Biz Internetni O‘zbektelekomdan olamiz¸ shuning uchun hech narsa qila olmaymiz. Muammo markaziy provayderda¸ dedi Toshkentdagi yirik Internet kafelaridan biri xodimi.

Norasmiy e‘tirof


16 yanvar kungi uzilishlar yuzasidan O‘zbektelekomdan rasman izoh olish urinishlari natijasiz qoldi.

Ammo O‘zbektelekomdagi Ozodlik radiosi manbasiga ko‘ra, muammo to‘liq bartaraf etilmagan va butun respublika Internet rezervdagi sputnikdan ishlayapti.

Ma‘lum bo‘lishicha,O‘zbektelekomning avariya holatlari uchun maxsus sputnik orqali oladigan Interneti ham bor, ammo uning mijozlarni to‘liq qondirish imkoniyati ancha cheklangan.

"Butun mamlakat DialUp" da o‘tirgandek hozir", deydi ismi sir qolishini xohlagan kompyuter mutaxassisi Ozodlik radiosiga.

O‘zbektelekomdagi Ozodlik manbasining aytishicha, O‘zbekistonga keladigan Internet oqimi - Qozog‘iston orqali Rossiyadan keladi. Bu yo‘nalishdan olingan Internet ham qimmatga tushmoqda, ham ancha sekin ishlaydi, deydi mutaxassis.

Ayni paytda O‘zbektelekom mutasaddilari bu muammoni uzoq muddatga hal etish yo‘llari ustida bosh qotirmoqda. Buning uchun Qirg‘iziston orqali Xitoy yo‘nalishiga sarmoya yotqizilgan.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegara hududigacha optik tolali kabel yotqizib qo‘yganiga uch yil bo‘lgan. Xitoy ham O‘zbekistonga Internet oqimini sotishga qarshi emas. Ammo Qirg‘iziston tranzit uchun katta pul so‘ramoqda va ayni sababga ko‘ra bu loyixa tuxtab qolgan.

Mamlakatdagi yirik Internet provayderlaridan sanalgan Sarkor telekomning Internet xizmati uchun mas‘ul bo‘limi raqamlariga sim qoqilganda¸ avtojavobga qo‘yilgan:

“Hozir avariya vaziyati. Yaqin vaqt ichida muammo bartaraf etiladi”¸ degan mujda qayta-qayta takrorlandi¸ xolos.

Ozodlik suhbatlashgan Toshkentdagi axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar¸ O‘zbektelekom rasmiylari 16 yanvar kungi muammoning texnik xarakterda ekanini bildirgani¸ biroq bu muammo tafsilotlarini ochiqlamaganini aytdilar.

Bundan bir necha oy avval ham ayni shunday uzilish qayd etilganida O‘zbektelekom muammoga Rossiyadan Qozog‘iston orqali keluvchi optik tolali kabel magistralida yuz bergan avariya sabab bo‘lganini bildirgan edi.

O‘zbekistondagi Internet provayderlari traffikni bu sohaning yagona monopolisti sanalgan O‘zbektelekomdan oladi¸ O‘zbektelekom milliy operatori esa o‘z navbatida xorijdan keladigan traffikka qaram – milliy internet traffigi Qozog‘iston hududidan o‘tuvchi optik tolali kabel orqali Rossiyadan olinadi.

Ozodlikning yangi media bo‘yicha tahlilchisi To‘lqin Umaraliyev¸ hozircha rasman ochiqlanmayotgan joriy muammoga ham ayni shunday texnik nosozlik sabab bo‘lgan bo‘lishini ehtimoldan soqit qilmaydi. Ayni paytda¸ bu uzilishning hukumat tomonidan Internetni nazoratga olish amaliyotidagi bir bosqich bo‘lishi mumkinligini ham qayd etadi:

- Birinchidan¸ tashqaridan kelayotgan Internet o‘chib qolgan ¸ ya‘ni Qozog‘istondan o‘tadigan optik-tola kabeliga shikast yetgan bo‘lishi mumkin. yoki O‘zbekiston hukumati tarafidan Internet bilan bog‘liq biror amaliyot o‘tkazilayotgan bo‘lsa¸ ular tashqaridan kelayotgan Internetni o‘chirib¸ faqat ichkaridagi Internetga yoxud Intranetga erkinlik berishi mumkin. Bu narsani qilsa bo‘ladi va buni Eron misolida ko‘rish mumkin¸ deydi Umaraliyev.

Twitter “o‘znet” haqida


Internetga ulanishda yuzaga chiqqan muammo haqida o‘zbekistonlik Twitter foydalanuvchilari ham darhol xabar tarqatdilar.

“Qoyil, yana uzilib qoldi hamma. O‘zbekiston saytlari yana ochilmayapti.Sizga O‘zbekistondagilardan kimdir shu oxirgi 1-2 daqiqa ichida nimadir yozdimi? Tvitterdami, boshqa joydami?” deb tvitdoshlaridan so‘ragan @muhsin “ manda Feysbukda O‘zbekistondan hech kim onlayn emas, hech kim!” deb yozdi. Bunga javoban @sherzod “Sen haqsan menda ham shunday ekan. Tinchlikmikan?” deb yozgan bo‘lsa¸ Bosco “u menya to je samoye. chto-to sluchilos s internetom” deb javob berdi.



2013 yilning so‘nggi oylarida Ozodlikka murojaat qilgan aksar mushtariylar¸ “2014 yildan boshlab O‘zbekiston hukumati Internetni¸ xususan¸ mobil Internetni uzib qo‘yar ekan. Twitter, Facebook, Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlar O‘zbekistonda taqiqlab qo‘yilar ekan. Shu to‘g‘rimi?” degan savolga javob istadilar.

2014 yilning 16 yanvar kuni butun O‘zbekiston bo‘ylab Internetga bog‘lanishda kuzatilgan uzilishlar¸ ko‘pchilik mijozlar tomonidan ana shu taqiq va yalpi uzilishga tayyorgarlik sifatida talqin etildi.

O‘zbekistondagi ayrim kuzatuvchilar¸ prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimovaning Twitter tarmog‘i orqali hokimiyat yuqori pog‘onalarida borayotgan ichki kurashni jamoatchilikka sizdira boshlagani¸ xavfsizlik kuchlarini o‘zlari uchun noqulay vaziyat tug‘ilgan kezda¸ Internetni o‘chirib qo‘yish hadisini olishga undaganini qayd qilmoqdalar.

O‘zbekiston – Internet dushmani


O‘zbekiston Chegara bilmas muxbirlar kabi qator mustaqil xalqaro tashkilotlar tomonidan dunyodagi Internet dushmani deb topilgan davlatlar ro‘yxatida qolib kelayotir. Hukumat yillardan beri mustaqil ommaviy axborot vositalari va muxolifat sahifalarini to‘sib qo‘ygan. O‘zbekistonda yopilgan saytlar orasida Ozodlik sahifasi ham bor.

Ayni paytda¸ Internet tezlik va sifatiga oid statistika yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi Ookla shirkati reytingiga muvofiq, O‘zbekiston Internet tezligi bo‘yicha jahondagi 188 mamlakat o‘rtasida 170-o‘ringa qo‘yildi.

Bu reytingga muvofiq O‘zbekiston Internet tezligi bo‘yicha mintaqadagi o‘z qo‘shnilari Qozog‘istondan 118 pog‘ona, Tojikistondan 113 pog‘ona, Qirg‘izistondan esa 89 pog‘ona pastga qo‘yildi va bu sohada faqat 30 yildan beri urushdan boshi chiqmayotgan Afg‘onistongina O‘zbekistondan yomonroq bo‘lib chiqdi.
XS
SM
MD
LG