Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:57

Jalolobod: Qirg‘inda jabrlangan tadbirkordan yordam puli qaytarib olinmoqda


Jalolobodlik tadbirkor Manzura Umurzaqova o‘z huquqini sud orqali himoya qilmoqchi.
Jalolobodlik tadbirkor Manzura Umurzaqova o‘z huquqini sud orqali himoya qilmoqchi.
Jalolobodda 2010 yilgi O‘sh voqealarida jabr ko‘rgan tadbirkorlar uchun BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan berilgan qaytarimsiz yordam pullari Qirg‘iziston hukumati tomonidan qaytarib olinmoqda. Bu borada Ozodlikka jalolobodlik tadbirkor Manzura Umurzaqova ma‘lum qildi.

Manzura Umurzaqova Jalolobod viloyati Suzoq tumanidagi yirik tadbirkorlardan biri. 2010 yilgi O‘sh voqealari chog‘ida ayolning Jaloloboddagi “Bayel” bozori yonida joylashgan sartaroshxonasi, chevarxonasi, oshxonasi, savdo tochkalari va uyi butunlay yonib ketgan.

Qirg‘iziston xukmati tomonidan tuzilgan ekspertlar guruhi, Manzura opa 2 million 640 ming so‘m (o‘rta hisobda 60 ming dollar) ziyon ko‘rganini qayd etgan.
Manzura opaning aytishicha, BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan 2010 yilgi iyun voqealarida jabr ko‘rgan kichik tadbirkorlar uchun 500 ming dollar miqdorida yordam puli kelgan. Shundan 150 ming dollari Jalolobodga, 350 ming dollari O‘shga bo‘lingan.

Manzura opa oradan 3 yil vaqt o‘tib pul qaytarilishi kerakligi to‘g‘risida turli mish-mishlarni eshitgan. Biroq shaxsan uning o‘ziga pulni qaytarish masalasida xech kim murojaat qilmagan. 2014 yil boshlarida Manzura opa o‘zi ustidan sud jarayoni bo‘lib o‘tayotganini eshitgan:

- Uchastka militsiyasiga Umurzaqova Manzurani ushlab sudga olib kelinsin deb tayinlangan ekan. Uchastkavoy esa menga telefon ham qilmabdi, izlamabdi ham. Keyin o‘z oyog‘im bilan sudga bordim. Borsam rostdan ham meni ustimdan o‘sha 70 ming so‘m olgan qaytarimsiz grant bo‘yicha sud bo‘lib, menga qaror chiqay deb qolgan ekan. Oxirgi sud jarayoniga ulgib qolib qatnashdim. 10 fevralь kuni oxirgi sud bo‘ldi. Qarorini ham ohirigacha o‘qimadim, boshini va oxirini o‘qidim. Xuddi odam o‘ldirganday 8 varoq chiqaribdi, 98 ming 700dan ortiqroq mendan pul undirilishi to‘g‘risida qaror chiqqan,- dedi Manzura Umurzakova.

Manzura opaning aytishicha, u sud qaroridan norozi bo‘lib, Milliy xavfsizlik xizmati va Jalolobod viloyat prokuroturasiga ariza bergan. Hozirda tergov olib borilmoqda.

“Biotsenoz N” jamoatch tashkiloti rahbari Nuridin Junusovning aytishicha, 2010 yilgi O‘sh voqealarida jabr ko‘rgan tadbirkorlarga BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan berilgan yordam pullari, jabrlanuvchilarga 6 oylik muddatga qaytarib berish sharti bilan berilgan:

- Pul kelishim asosida 28 odamga berilishi kerak edi. Biroq 12 odamga berilgan. U odamlar qaytarib bergach, boshqalarga berilishi kerak edi. Navbatda turgan boshqa odamlar yordam pulini olisholmayabdi. U esa qaytarmayman deyabdi. Shuning asosida men Umurzaqovani sudga berdim. Pul qaytarimsiz emas, birinchi navbatda olgan odamlarga foizsiz yordam sifatida, 3 yildan keyin esa foizi bilan berilishi kerak edi. Odamlar pul olayotganda BMT Taraqqiyot dasturi mutaxasislari tomonidan o‘qitilib, qaytarib berishga o‘z roziligini berib imzo qo‘yishgan. Bu odamlar 2011 yil pul olgan 2012 yili qaytarilishi kerak edi, -der ekan Nuriddin Junusov uni ushbu masalada Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga ham chaqirishganini, u yerga borib tegishli hujjatlarni berishini qo‘shimcha qildi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, “Biotsenoz N” tashkiloti 9 kishidan iborat “Intimak” guruhidan 64 ming so‘m miqdorida yordam puli olgan Madanbekova Guloyim isimli ayolni ham sudga bergan.

O‘zlarini jabrlanuvchi sifatida taqdim etayotgan tadbirkorlar, shu jumladan, Manzura Umurzaqova BMT Taraqqiyot dasturi unga yordam pulini qaytarmaslik imtiyozi bilan berganini iddao qilayotir. Bu masalada yordam so‘rab tadbirkorlar viloyat sudi yoki Qirg‘iziston Oliy sudiga murojaat qilmoqchilar.
XS
SM
MD
LG