Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:16

Qirg‘izistonda imomlardan tilxat olinmoqda


Jalolobod viloyati qoziyati masjid imomlaridan “Hanafiy mazhabiga rioya qilgan holda ishlaymiz” qabilida tilxat yozdirib olmoqda. Qoziyat fikricha, bu chora dindorlarni turli diniy oqimlar ta‘siridan saqlab qolishga qaratilgan.

Jalolobod viloyat qozisi Abdulaziz Zakirov masjid imomlaridan “Hanafiy mazhabiga rioya qilgan holda ishlaymiz” qabilida tilxat yozdirib olinayotganini tasdiqladi. Unga ko‘ra, viloyatdagi 600 masjidda xizmat qilayotgan barcha imomlar tilxat yozishi shart.

- Men Abu Hanifa mazhabiga rioya qilgan holda ishlayman, deb tilxat olayapmiz. Bundan tashqari huquq-tartibot idoralari ham imomlarni bir qator tekshirib, ularning sudlanmagani, turli boshqa ekstremistik diniy oqimlarga aloqador emaslgi haqida spravka berishadi. Biz mullalarni 24 soat davomida nazorat qila olmaganimiz uchun ham, mas‘uliyatni ularning zimmasiga yuklayapmiz, – dedi viloyat qozisi.

Qirg‘iziston muftiyati Jalolobodda imomlardan tilxat yozdirib olish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirmoqda. Qirg‘iziston muftiysi vazifasini bajaruvchi Maqsad xoji Toktomushevning aytishicha, bir necha hafta oldin diniy vaziyat muhokma qilingan Mudofaa kengashi yig‘inida ham Hanafiy mazhabini targ‘ib qilish ishlari kuchaytirilishi lozimligi qayd etilgan.

- Bugungi kunda mamlakatimizda ko‘plab xorij tashkilotlari faoliyat ko‘rsatayapti. Ular yordam beramiz desa, yordamni ikki qo‘llab olamiz va minnatdorchilik bildiramiz. Ammo ularning birortasiga diniy jabhada o‘z mafkurasini, siyosatini targ‘ib qilishiga yo‘l bermaymiz. Pokiston, Turkiya, Misr va boshqa davlatlarda diniy ta‘lim olgan ulamolar ham Qirg‘izistonda faqat Hanafiy mazhabini targ‘ib qilishi shart, - dedi Qirg‘iziston muftiysi.

Biroq dinshunos Samagan Mirzaibraimov imomlardan Hanafiy mazg‘abi talablari asosida ishlash to‘g‘risida tilxat olinishi mamlakatdagi taqiqlangan diniy oqimlar targ‘ibotining susayishiga sabab bo‘ladi, degan fikrdan uzoqda ekanini bildirdi:

- Muftiyat va qoziyat mana shunday yo‘l bilan o‘zini-o‘zi himoya qilmoqchi bo‘layotir. Imomlarning biron bir boshqa oqimga aloqadorlikda ayblab qo‘lga olishsa, ular tilxatni ko‘rsatish bilan o‘zlaridan mas‘uliyatni soqit qilish niyatida shunday yo‘l tutishmoqda. Bunday yo‘l bilan zararli diniy oqimlarning targ‘iboti susayishiga ishonmayman, - dedi Samagan Mirzaibraimov.

So‘nggi bir oy ichida O‘shda kamida yetti kishi dindorlarni Suriyada jihod qilishga da‘vat etganlikda va terrorchi guruhga a‘zolikda ayblanib qo‘lga olindi.

Jalolobod viloyat qozisi Abdulaziz Zakirovning aytishicha, Qorasuvdagi majid imomining noibi O‘shda olti odamni jihodga da‘vat qilib, Suriyaga ketishga undaganlikda gumonlanib qo‘lga olingach, mana shunday qaror qabul qilingan.

Qorasuv tumani Qizil mehnat qishlog‘i masjidi noibi Bahrom Mamasodiqov 16 fevral kuni qo‘lga olingan edi. O‘sh shahar Ichki ishlar bo‘limida hibsda saqlanayotgan Bahrom Mamasodiqov 20 fevral kuni Ozodlik muxbiriga bergan interv yusida o‘ziga bilidirlgan ayblovlarni kesin rad etishini aytgan edi.
XS
SM
MD
LG