Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:01

Janubiy Koreyadagi o‘zbek muhojirlari iyuldan keyin 13-oyligini vatanida oladi


Janubiy Koreyada hukumat qaroriga qarshi migrantlarning namoyishlar avj oldi.
Janubiy Koreyada hukumat qaroriga qarshi migrantlarning namoyishlar avj oldi.
Koreya Mehnat vazirligi rasmiysining Ozodlikka bildirishicha¸ mamlakatdagi nolegal muhojirlar sonini qisqartirish maqsadida Seul hukumati 29 iyuldan boshlab xorijiy ishchilarning 13-oyligini o‘z vatanida olish amaliyotini joriy qilgan. Bu o‘zgarish Koreyadagi o‘n minglab ham legal¸ ham nolegal o‘zbek mehnat muhojirini og‘ir mehnat evaziga ko‘z tikkani minglab dollardan mahrum qilishi mumkin.

Janubiy Koreya Mehnat vazirligi tasdiqlaydi...

16 aprel kuni Janubiy Koreya Ish bilan ta‘minlash va Mehnat vazirligi qoshidagi Xorijiy ish kuchi bo‘limi rasmiysi Pak Chong Kil o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining Ozodlikka bildirayotgan xavotirlariga javob berdi.

Rasmiyga ko‘ra¸ joriy yil yanvar oyida Koreya hukumati mamlakatdagi noqonuniy mehnat muhojirlari sonini kamaytirish chora-tadbirlaridan biri sifatida Koreya Mehnat vazirligi orqali qonuniy shartnoma asosida ishga kelayotgan xorij ishchilari uchun mazkur shartnomada ko‘zda turilgan 13-oylikni olish shartlarini o‘zgartirgan.

29 iyuldan boshlab nafaqat o‘zbekistonlik¸ balki boshqa mamlakatlardan Janubiy Koreyaga kelib ishlayotgan muhojir ishchilar hammasining bu pulni olish uchun o‘z vataniga qaytishi shart qilib belgilangan.

- Bunday o‘zgartishni taqozo qilgan sabab¸ xorijdan mehnat shartnomasi asosida kelgan ishchi-xizmatchilarning shartnoma muddati o‘tganidan so‘ng Koreyadan chiqib ketish o‘rniga¸ noqonuniy tarzda qolib ishlashda davom etayotganlaridir. Besh yillik shartnoma nihoyasida to‘planib qoladigan kattagina pulni olish istagi ularni Koreyani vaqtida tark etib¸ vatanlariga qaytishlarini rag‘batlantirishga qaratilgan¸ dedi Ozodlik muxbiri bilan tarjimon orqali uzoq suhbatlashgan Mehnat vazirligi mutaxassisi.


O‘zbek migrantlari tashvishda

Tvejikgimning O‘zbekistondan olinish ehtimoli haqidagi xabar paydo bo‘lishi ortidan Ozodlikka murojaat qilayotgan Janubiy Koreyadagi o‘zbek muhojirlari bu o‘zgarish yuzasidan ikki jiddiy xavotirni tilga olmoqdalar.

Birinchidan¸ bu pullarning O‘zbekiston banklaridan ola olmaslik ehtimoli. O‘zbek banklarining¸ turli bahona va sabab vajidan mijozga o‘z pulini bermaslik tajribasidan yaxshi xabardor muhojirlar¸ Koreyadagi ish beruvchi O‘zbekistondagi bankka o‘tkazadigan 13-oylikning orada mutlaq yo‘q bo‘lib ketishidan cho‘chimoqdalar.

Bunday xavotirlarda esa jon yo‘q emas. Ikki davlat Mehnat vazirliklari o‘rtasida mehnat migratsiyasiga oid dastlabki kelishuvlarda o‘zbek migranti oyligining 20 foizini O‘zbekistondan olishi belgilangan edi. Ammo jami qiymati o‘nlab millionlab dollarni tashkil etgan bu pullar muhojirga borib yetmay¸ o‘rtadagi firibgarlik sxemalari vositasida talab ketilgan edi. Koreyadagi o‘zbek muhojiri og‘ir mehnat bilan topgan bu pullarni kimlar¸ qanday qilib yeb yuborgani hozirga qadar sir bo‘lib qolmoqda – O‘zbekiston tegishli tizimlari bu yuzadan bildirilgan shikoyat va murojaatlarni javobsiz qoldirdi.

- Bu yerga hammamiz pul deb kelganmiz¸ O‘zbekistondagi sharoitimizni yaxshilay deb kelganmiz. Masalan¸ man bitta korxonada ishlab¸ oxirida tvejikgimni O‘zbekistondan olasan¸ desa bu katta yo‘qotish bo‘ladi. Chunki O‘zbekistondagi mutasaddi xodimlarning qanaqa ishlashini¸ mas‘uliyatsizlik darajasini yaxshi bilamiz. Dokumentatsiya¸ unga chop¸ bunga chop. Bu yerda ter to‘kib topgan halol pulimizni olish uchun u yerda yaxshigina ter to‘ktirishadi. Shunda ham¸ olamizmi¸ yo‘qmi¸ buni hech kim bilmaydi. Korruptsiya balosi bor¸ qistir-qistir deydi. Bu yerdan bizni mana bu joyga borib¸ mana bu yerdan olasan¸ deb chiroyli qilib tushuntirib¸ kuzatib qo‘yishdi deylik. Lekin Koreyadagi gap O‘zbekistonga to‘g‘ri kelmasa¸ u yoqda butunlay boshqa gap aytishsa¸ qo‘limizdan nima keladi? Pulimni bermayapti deb yana Koreyaga kelolmaymizku! deydi uch yildan beri Koreyada ishlayotgan o‘zbek muhojiri.

Ikkinchi xavotir esa¸ Janubiy Koreya shirkati o‘zbek bankiga dollarda yuboradigan 13-oylikning dollarda olish imkonining yo‘qligi bilan bog‘liq. Ayni kunlarda AQSh dollarining rasmiy va qora bozor kursi o‘rtasidagi farq qariyb 1000 so‘mga yetib qolgan va besh yilda olinadigan 10-13 ming dollarlik tvejikgimni so‘mga ko‘chirishda muhojir 3300-4000 dollarni yo‘qotishga majbur qoladi.

- Besh yil bu yerda ishlab¸ to‘planib qolgan 13-oyliklarni O‘zbekistondan olish¸ katta yo‘qotish. Masalan¸ men hozir yana ayni zavodda qariyb uch yilcha ishlayman. Buning tvejikgimi o‘rtacha 4000 dollar bo‘ladi. Bu pulni O‘zbekistonda so‘mga chaqsa¸1500-2000 dollari yo‘qotiladi. Bu Koreyadayam¸ O‘zbekistondayam kichik pul emas¸ deydi o‘zbek muhojiri.


Koreya rasmiylari bu xavotirlardan xabardor¸ lekin qonun-qoida hamma uchun bir xil...


Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Janubiy Koreya Ish bilan ta‘minlash va Mehnat vazirligi qoshidagi Xorijiy ish kuchi bo‘limi rasmiysi Pak Chong Kil o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining bunday xavotirlaridan xabari borligini e‘tirof etdi.

Ammo Janubiy Koreyaga 15 davlatdan maxsus davlat dasturi doirasida kelib ishlayotgan mehnat muhojirlarining barchasiga aloqador bu qaror¸ o‘zbekistonliklarga ham tegishli va ularning buni qabul qilishdan o‘zga chorasi yo‘q¸ dedi Seul rasmiysi.

"O‘zbekistonga qaytib ketish oldidan o‘zbekistonlik muhojir o‘z 13-oyliklarining qo‘liga yetib borishi yuzasidan ish beruvchi va sug‘urta shirkatlaridan kafolat olishni unutmasin. Bizning vazirligimiz qonuniy muhojirning bu qonuniy haqqini olishida nima yordam kerak bo‘lsa¸ berishga tayyormiz"¸ deya qo‘shimcha qildi Janubiy Koreya Ish bilan ta‘minlash va Mehnat vazirligi qoshidagi Xorijiy ish kuchi bo‘limi rasmiysi Pak Chong Kil.

Janubiy Koreya rasmiysiga ko‘ra¸ hozirda mamlakat zavodlarida davlat dasturi orqali kelib legal mehnat qilayotgan 10 mingdan oshiq o‘zbekistonlik bor. Nolegallar sonining esa¸ bir necha o‘n mingni tashkil etishi taxmin qilinadi.


Toshkentdan hozircha sharh ham¸ kafolat ham yo‘q

O‘zbekistonliklarni Janubiy Koreyaga ishlash uchun shartnoma asosida yuborish bilan O‘zbekiston mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha agentlik shug‘ullanadi.

Koreyadagi o‘zbek migrantlari xavotirlariga munosabat olish maqsadida agentlik o‘z saytida qo‘ygan - 214 47 29 telefon raqamiga kun davomida qilingan urinishlar natija bermadi. Bu va agentlikning aloqa uchun taqdim etilgan 214 52 03 va 214 34 85 raqamlaridagi telefoni go‘shagini ham kun davomida hech kim ko‘tarmadi.

Ozodlik Janubiy Koreya hukumati joriy qilgan o‘zgartishning O‘zbekistonda qanday amalga oshishi yuzasidan Toshkent rasmiylaridan izoh olish urinishlarini davom ettiradi.
XS
SM
MD
LG