Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:26

Blog: O‘qituvchi bo‘lganimga ming pushaymonman


Bugungi kunda O‘zbekistonda o‘qituvchining mardikordan farqi qolmadi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda o‘qituvchining mardikordan farqi qolmadi.
Men o‘qituvchiman. Endigina bir yil ishladim. Shu bir yil ichida to‘rt yil o‘qiganimga, o‘qituvchi bo‘lganimga ming pushaymon qildim.

Maktabda o‘qib yurganimda o‘qituvchilarga havas qilardim; ziyoli, madaniyatli, doim o‘ziga qarab, chiroyli kiyinib yuradi. Shu xayollar meni pedagogika universitetiga yetakladi.

Allohga behisob shukur - orzularim ushaldi. Bugun men o‘qituvchiman. Ammo orzuimdagidek emas.

Sentyabrdan boshlandi. Hamma paxtaga! Bu yangilik emasdi. Ko‘pga kelgan to‘y. Bir oy paxta tersak, o‘lib qolmaymiz. Ammo kutilmaganda yangi buyruq keldi: Hamma paxtaga, ammo hech kim paxtaga bormaydi, darsini o‘tsin... Asl mazmun-mohiyat shundaki, hech kim paxtaga ketmay, darsini o‘tadi, paxta planini ham bajaradi. Ya‘ni pulini beradi.

Men Toshkent viloyatidagi maktablardan birida ishlayman. Xotinim ham o‘qituvchi. Men 600 ming, xotinim 300 ming oylik oladi (o‘sha payt hali olganimiz yo‘q). Har bir kishi uchun 600 mingdan berish kerak. Endi o‘ylab ko‘ring, men qanday qilib xotinim va o‘zim uchun 1 mln. 200 ming bera olaman. Bizda pul yo‘q, paxtaga ketamiz, degan e‘tirozlarimiz qabul bo‘lmadi. “Buyruq shunaqa, darsingni kim o‘tadi? Paxtaga ketish mumkinmas, pulni berishing kerak”, deyishdi.

Xayriyatki, bir yo‘li bor ekan, yuqoridagi pullarni maoshdan uzish mumkin ekan. Oktyabr oyi edi adashmasam. Barcha rejalar bajarilib, prezidentning tabrigi e‘lon qilindi. Har holda, yengil nafas oldik. Buni qarangki, oradan bir kun o‘tib, yangi xabar keldi: xalq ta‘limi vaziri tashabbus bilan chiqibdi. Xalq ta‘limi xodimlari ko‘ngilli ravishda yana o‘n kun paxta terib berarkan... Buni qanday tushunish kerak – hayronman...

Barchasi o‘tdi-ketdi. Terilmagan paxtalar uchun o‘qituvchilardan milliardlab pullar yig‘ildi. Bular endi tarix bo‘la qolsin, yuzdan ortiq gazetaga majburiy obuna ham tarix bo‘la qolsin. Ammo bugungi kunga ham chidab bo‘lmayapti.

Shu o‘rinda bir savol qiynaydi. Hech tushunolmadim, o‘zimizning maktab hisobidan oladigan bo‘lsak, 50 o‘qituvchi va texnik xodimdan pul yig‘ildi. Aytishlaricha, o‘sha pullarga paxta sotib olib, maktab rejasini bajarishibdi. Xo‘sh, biz o‘sha pulni bermaganimizda o‘sha paxtalar davlatga topshirilmay qolarmidi? Axir baribir davlat hisobiga ketadi-ku hamma paxta. Unda biz nima uchun pul berdik?

Paxtadan qutilgach, endi erkin nafas olamiz, maosh cho‘ntakka, deb xursand yuruvdim. Buni qarangki, bizni yangi syurpriz kutayotgan ekan. Maktabga majburiy obuna bo‘lishimiz kerak bo‘lgan gazetalar ro‘yxati keldi. 100 ortiq gazeta nomi bor. Har bir gazetaga 2 tadan 10 tagacha obuna bo‘lish kerak. Yana yig‘di-yig‘di boshlanib ketdi. Shu bilan o‘quv yilining yarmini yemagan somsalarimiz uchun pul to‘lab o‘tkazdik.

Inson tabiatida “xijolat bo‘lish” degan bir jihat bor. Buning ma‘nosini tushuntirishga hojat yo‘q, menimcha. Agar yumshoq kresloda o‘tirib, bizning hayotimizni xohlagancha boshqaradigan kishilarda shu tuyg‘u bo‘lganda, yangi yildan keyin biroz tanamizga shamol yugurishi kerak edi. Chunki salgina vijdoni bor odam o‘ylaydi: “O‘qituvchini paxta deb qon qildik, obuna deb joniga tegdik, endi uyiga ham pul olib borsin” deb.

Qarangki, ularda na vijdon bor, na insof. Bil‘aks, bizni "zeriktirmaslik uchun" yangi topshiriq yuborishdi: hamma hasharga! Qaysidir maktabda yangi bino qurilyapti - 10 kunga 2 kishi hasharga, qaysidir mahallada “namunali uylar” qurilishi boshlandi - bir haftaga 4 kishi hasharga, qanaqadir ob‘ektning ochilish marosimiga vazir keladi, butun mahalla yog‘ tushsa yalagudek bo‘lishi kerak - 4 kishi hasharga, magistral yo‘lning 20 km qismi bizning maktabga tushgan, tozalash kerak va hakazo... Bu hasharlarning oxiri ko‘rinmaydi

Hasharlarning yaxshi tarafi - yosh o‘qituvchilar o‘zi boradi. Yoshi katta va ayol o‘qituvchilar o‘zining o‘rniga mardikor yollaydi. “Shunga ham shukur, pul yonimga qoladi-ku” deb, hashar desa, yugurib ketaverdim. Bosh omon bo‘lsa, har baloni ko‘rarkan. Mahallalarga olib borib, ko‘chalarni tozalatishadi, mahallaning odamlari esa tirjayib bizni tomosha qilishadi... RayONO vakilining “tez-tez ishla”, deb so‘kishlari ahamiyatsiz bir mavzu bo‘laqolsin...

Bu yerda butun o‘quv yili davomida jonimizga tekkan yana bir muammoni aytmadim. Yig‘di-yig‘dilarning yana bir turi - jarimalar. Hali SESdan keladi, hali pojarniydan keladi, hali ekologiyadan keladi - hammasi jarima qilib ketadi. Keyin kim to‘laydi - albatta o‘qituvchi to‘laydi.

Yaqinda Zangiota tumanida yashaydigan tanishim bilan gaplashib qoldim. Aytishicha, Zangiota ziyoratgohi atrofidagi 60 dan ortiq uy buzilayotgan ekan. Poyezd bekatidan ziyoratgoh ko‘rinib turishi uchun o‘rtadagi uylarni buzib, yo‘l qilisharkan. Bunga o‘qituvchining nima aloqasi bor dersiz? O‘sha uylarni buzishni o‘qituvchilar zimmasiga yuklashibdi.

Har bir maktab uchun uylar biriktirilibdi. Narsalarga ehtiyot bo‘lib, sindirmasdan buzishni tayinlashibdi. “Peshonada shu ham bor ekan, birovning uyini birov buzarkan, biz ishlarkanmiz-da” deb, ishni boshlashgan mahal uy egasi kelib, qarg‘ashga tushibdi. Shundan keyin kimning qo‘li ishga boradi?

Bu voqeadan keyin o‘qituvchilarning sustlashganini ko‘rgan yumshoq kreslo egalari yangi fikr o‘ylab topishibdi: maktablar o‘ziga biriktirilgan uyga 6-7 tadan mardikor olib kelib ishlatsin! Bir haftadan oshdi, har kun o‘qituvchilardan pul yig‘ib, mardikor olib borisharkan. Aytishiga qaraganda, hali bir oylik ish bor...

Qancha o‘ylamay, bu ishdan hech qanday mantiq topolmadim. Paxtani “umumxalq ishi”, “ko‘pga kelgan to‘y” deb ozimizni ovutdik, obunani “o‘zimizga foyda, o‘qisak o‘rganamiz” (garchi hech birida jo‘yali, o‘qiydigan maqola bo‘lmasa-da) deb o‘zimizni ovutdik. Adog‘i yo‘q hasharlarda “savob” deb o‘zimizni ovutdik. Xo‘sh, bugun birovlarning uyini buzish uchun pul to‘layotgan o‘qituvchi qanday ovutsin o‘zini? Bu ochiqchasiga zulm-ku! O‘qituvchining ustidan kulish-ku axir...

Endi “ta‘tilga ketishdan oldin maoshni to‘liq qilib olib ketasizlar”, deb dalda bermang, allaqachon yangi topshiriq kelgan: paxta egatlarini yumshatish uchun chopiqga 50 ming so‘mdan...

O‘qituvchining mardikordan farqi qolmadi. Tepadagilar uchun biz hech qanday haq-huquqi yo‘q, har doim hamma ishga tayyor qulmiz, xolos. Bu so‘zlarim kimlargidir og‘ir botsa, uzr. Ammo bu bugungi kunda achchiq haqiqat. Yana o‘ylamang, hali yosh, chidolmabdi deb. Men ishlayotgan jamoaning birortasi o‘z kasbidan roziligini ko‘rmadim hali.

Bular faqat maktab tashqarisidagi muammolar. Ichki muammolarni yozsak, bir kitob bo‘ladi.

Pushaymon muallim
XS
SM
MD
LG