Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:40

Bishkekdagi AQSh harbiy bazasi yopildi


So‘nggi 12 yil davomida Afg‘onistonga harbiylar va harbiy texnika yetkazib bergan AQShning Bishkekdagi harbiy tranzit markazi 3 iyun kuni rasman yopildi. AQSh tomoni Qirg‘izistonga harbiy bazadagi 30 million dollarlik mol-mulk va texnik vositalarni tortiq qildi.

AQSh harbiy bazasi Bishkekda 2001 yilning dekabrida tashkil etilgan edi. 2009 yilda mazkur baza nomi AQSh tranzit markazi deb o‘zgartirilgan. Tranzi markaz qo‘mondoni Jon Millardning aytishicha, Afg‘onistonga jo‘natilgan harbiylarning 98 foizi mazkur baza orqali olib o‘tilgan.

- Bizning Tranzit markazimiz Afg‘oniston uchun havo darvozasi bo‘lib xizmat qildi. So‘nggi 12 yil ichida misli ko‘rilmagan ishlarni amalga oshirdik. Bu davr mobaynida Afg‘oniston havo hududida 33 ming marta harbiy uchoqlarga yonilg‘i quydik, Afg‘onistonga Qirg‘iziston orqali 5 million 300 ming harbiyni olib o‘tdik. Ya‘ni Afg‘onistonda xizmat qilgan harbiylarning 98 foizi mazkur markaz orqali olib o‘tilganidan faxrlansak bo‘ladi, - deb bildirdi Jon Millard xayrlashuv marosimida.

Bishkekdagi AQSh harbiy tranzit markazida NATOga a‘zo 26 davlat harbiylari xizmat o‘tadi. Markaz yiliga Qirg‘iziston hukumatiga ijara haqi sifatida 60 million dollardan haq to‘lab turgan.

-Markazda 200 dan ortiq binolar bor. Ularning umumiy qiymati 30 million dollarni tashkil qiladi. Bu imortalar bilan birgalikda 65 harbiy avtotransport ham Qirg‘izistonga qoldirilmoqda, -dedi Tranzit markazi rasmiysi podpolkovnik Robert Grober.

Hozirgi kunda Tranzit markazida AQShning 400 harbiysi qolgan. Ular ham 10 iyulgacha mamlakatni tark etishi aytilmoqda. Bu yerda mahalliy aholi vakillaridan 700 kishi ham mehnat qilgan. Ulardan biri Valentina Turabekova gapiradi:

-Men bu yerda juda yaxshi ishladim, shunga yarasha oyligim ham juda yaxshi edi. Bu yerda ishlagan qirg‘izistonliklarning barchasi yaxshi oylik tufayli turmush farovonligiga erishdi. Tranzit markazi yopilgach bu yerda ishlagan 700 qirg‘izistonlik va ularning oila a‘zolariga ancha qiyin bo‘lib qoladi, - dedi Valentina Turabekova.

AQSh tranzit markazi yopilayotgan bir paytda Bishkek shahar Sverdlovsk tuman sudida AQSh tranzit markazi menedjeri Mekrey Brendon Korneliusni 4 yilga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm o‘qildi. 29 yoshli Mekrey Brendon Kornelius shu yilning 9 martida Bishkekda 22 yoshli qizni zo‘rlashga harakat qilganlikda ayblanib qamoqqa olingan edi.

Bishkekdagi “Manas” aeroporti hududida 2001 yilning dekabrida tashkil etilgan AQSh harbiy bazasining Qirg‘izistondagi hozirlik muddati 2014 yilning 10 iyulida yakunlanadi. Qirg‘iziston parlamenti va hukumati 2013 yilda AQSh harbiy bazasining Bishkekdagi hozirlik muddatini uzaytirmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.

Ayni paytda Bishkekdan 20 kilometr olislikdagi Qant shahrida 2009 yildan beri Rossiya harbiy havo bazasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ikki oy oldin Bishkekdan AQSh harbiylari ko‘chirila boshlagach, Qantdagi Rossiya harbiy havo bazasi tarkibi yangi harbiylar va harbiy uchoqlar bilan mustahkamlangani xabar qilingan edi.
XS
SM
MD
LG