Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:57

Kosmonavt Solijon Sharipov Shimoliy qutbga O‘zbekiston bayrog‘ini tikdi


Yer kurrasining eng shimoliy nuqtasiga ilk bor O‘zbekiston bayrog‘i tikildi. Bayroq kosmonavt uchuvchi, polkovnik Solijon Sharipov tomonidan o‘rnatildi. O‘zbek kosmonavtiga ko‘ra, Shimoliy qutbga O‘zbekiston bayrog‘ini shaxsiy tashabbusi bilan tikkan.

Shu yilning aprel oyida Rossiya Federatsiyasi oliy unvoniga ega bir guruh qahramonlar Yer kurrasining shimoliy qutbiga chiqib, "SSSR Qahramoni" unvoni ta‘sis etilganining 80-yilligini nishonladi.

Erning eng shimoliy nuqtasini zabt etib qaytganlar orasida birinchi o‘zbek kosmonavti, Rossiyadagi birinchi o‘zbek Qahramoni polkovnik Solijon Sharipov ham bor.

50 yoshni qarshilayotgan Solijon Sharipov Ozodlik bilan suhbatda shaxsiy tashabbusi bilan shimolga o‘zbek bayrog‘ini o‘rnatib kelganini aytadi:

- SSSR Qahramoni unvonining ta‘sis etilganiga 80 yil to‘ldi. 80 yil oldin yetti uchuvchi Shimolga borib “Chelyuskin” paroxodidan odamlarni qutqargan. Shu sababli biz yetti nafar “geroy” borib shu qahramonlikni takrorladik. Shimoliy qutbga chiqqan birinchi o‘zbek bo‘ldim, - deydi Solijon aka.

Sharipovga ko‘ra, “Qahramonlar desanti” Shimoliy qutbdagi o‘z tadbirini, shuningdek, Sovet qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishining 25 yilligi, Rossiya Qahramoni unvoni ta‘sis etilganining 22 yilligi va Ikkinchi Jahon urushida erishilgan G‘alabaning 70 yilligiga bag‘ishlangan.

- Samolyotda Norvegiyaga uchdik. U yoqda lager bor. Lagerdan Yerning eng tepasiga vertolyotda uchib bordik. Harorat minus 40, shamol, sovuq... Shu sharoitda bayroqlarni ko‘tardik. U yerda nafaqat O‘zbekiston bayrog‘i, balki Rossiya Qurolli Kuchlarining qo‘shin turlari bayroqlari ham o‘rnatildi. Shuningdek, muftiyat, MChS bayroqlarini olib bordim. O‘zbekiston va muftiyat bayrog‘i – o‘zimning shaxsiy tashabbusim edi, - deydi Solijon Sharipov.

Rossiya fuqarosi bo‘lgan Solijon aka qutbga olib chiqilgan FVV bayrog‘ini Rossiya Favqulodda vaziyatlar vaziri Vladimir Puchkovga topshirgani, yaqin orada shimolga olib chiqilgan harbiy tug‘larni mamlakat Mudofaa vaziri Sergey Shoyguga sovg‘a qilishini bildirdi.

Shimoliy qutbni tantanali “zabt” etilishida taniqli sayohatchi-meteorolog Artur Chilingarov, Rossiya Qahramonlari general - polkovnik N. Antoshkin, 1945 yilda Berlin hujumida ishtirok etgan B. Runov va boshqalar bo‘lgan.

Shimol iqlimi to‘g‘risida gapirar ekan, Solijon Sharipov “Shimolda turib qaysi tarafga qaramasang - Janub bo‘lib chiqadi”, deya kuladi:

- Har xil millat vakillari bo‘ldi, jumladan, men o‘zbeklardan. Bu mening Shimolga ikkinchi marotaba chiqishim. Birinchi marotaba 1995 yilda ilmiy ekspeditsiya safida bo‘lganman. Shimoliy qutbga faqat aprel - may oylari borish mumkin. Keyin muzlar erib, samolyot quna olmaydi. Qishda esa - 60-70 harorat bo‘ladi. Mana shu aprel - may davomida quyosh pasaymaydi, aylanib yuraveradi, qorong‘u tushmaydi. Qutbda 3-4 ming metr balandlikda havo yetishmasligi bilan barobar his qilasiz o‘zingizni. Biz 6 aprelda o‘sha yerda bo‘ldik, 7 aprel kuni ortga qaytdik, - deya Shimoliy qutbga o‘z sayohatini esladi kosmonavt Solijon Sharipov.

Suhbat so‘nggida Solijon Sharipov ekspeditsiya ishtirokchilari Shimoliy qutbda turib, Yer yuzida yashayotgan odamlarni tinchlikka da‘vat etuvchi murojaatnoma qabul qilganliklarini ham aytdi.

-----------------------

O‘zganlik Solijon Sharipov 1998 va 2004 yillarda kosmik kemalarda Yer kurrasi orbitasiga uchgan, ikki marotaba ochiq kosmosga chiqqan. Rossiya va Qirg‘iziston Respublikalari Qahramoni. O‘zbekistonda "Buyuk xizmatlari uchun" va "Amir Temur" ordenlari bilan taqdirlangan.

Shimoliy qutb va unga tutashgan mintaqa, xalqaro shartnomalarga ko‘ra, biror mamlakat hududi sanalmaydi. Qutbga eng yaqin stantsiya – Rossiyaning Borneo arktik stantsiyasi shimoliy nuqtadan 75 kilometr janubroqda joylashgan.

Janubga eng yaqin bo‘lgan Norvegiyaga qarashli Longyirda BMT tashabbusi bilan jahon miqyosidagi falokatlardan saqlanish uchun Butunjahon urug‘ saqlash ombori tuzilgan.

Erning eng shimoliy nuqtasida qutb kuni 18 martdan 26 sentyabrga qadar 186 kun davom etadi.

XS
SM
MD
LG