Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:14

O‘zbekiston oltin boshlar va oltin qo‘llar tark qilayotgan mamlakatlar ro‘yxatida


Rossiyada mehnat muhojirlari uchun mo‘ljallab chiqarilgan qo‘llanmadan olingan surat.
Rossiyada mehnat muhojirlari uchun mo‘ljallab chiqarilgan qo‘llanmadan olingan surat.

O‘zbekiston malakali mutaxassislar zudlik bilan tark etayotgan mamlakatlar ro‘yxatining tepasidan o‘rin oldi. AQShdagi Foreign Policy jurnalining The Fund for Peace (Tinchlik Jamg‘armasi) bilan birgalikda seshanba kuni e‘lon qilgan so‘nggi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston va Moldova MDHdagi yuqori malakali mutaxassislar eng ko‘p qochayotgan mamlakatlardir.

Zakovat sohiblari, yuqori saviyadagi intellektual va texnik bilimi yuqori bo‘lgan kadrlar zahirasining qochishi holatiga bag‘ishlangan ko‘rsatkichlar Foreign Policy nashri va Amerika Tinchlik jamg‘armasining "Layoqatsiz davlatlar indeksi"da (Failed States Index) e‘lon qilingan.

Hisobotda O‘zbekistonning "malakali kadrlardan mosuvo bo‘lish" ko‘rsatkichlari 10 balli tizim bo‘yicha 6,6 ball, deb baholangan.

Bu oliy ma‘lumotli kadrlardan ayrilishning MDHdagi eng baland ko‘rsatkichidir.

Masalan, Belarus va Qozog‘istonda “oqillar va mohirlar hijrati” 3,7 va 3,8 ball, deb baholangan. Ayni ko‘rsatkich bu ikki mamlakatni malakali kadrlar MDHda eng kam tark etayotganidan dalolat.

Qirg‘iziston bilan Tojikiston ko‘rsatkichlari 6,1 ball¸ Armaniston 5,7 ball, Gurjiston 5,5, Ukraina esa 5,4 ball sohibi bo‘lgan.

Rossiyada bu ko‘rsatkich 4,8 ball, Ozarbayjon esa 4,7 ballga teng.

Hisobot tuzuvchilarga ko‘ra, bu ko‘rsatkichlar MDH mamlakatlarini malakali mutaxassislar faol tark etayotganlaridan dalolatdir.

Ayni paytda bu mazkur mamlakatlardagi “oqillar hijrati” bilan bog‘liq vaziyat O‘zbekistonga solishtirganda yaxshiroq, deganidir.

2013 yil natijalari asosida tayyorlangan hisobotda o‘zbekistonliklar uchun tasalli bo‘ladigan raqamlar ham bor.

Insoniy resurslarning mamlakatni tark etishi bo‘yicha dunyoda eng yomon vaziyat, hisobotga ko‘ra¸ Haitida deb topilgan.

Haitidagi oqillar va mohirlar hijrati vaziyati 9,1 ballga baholangan. Bu ko‘rsatkich Samoada 8,9 ball, Gayanada 8,8 ballni tashkil qilgan.

O‘zbekistonni tark etayotgan oltin boshlar

Foreign Policy va The Fund for Peacening yangi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston yuqori malakali mutaxassislar oyog‘ini qo‘lga olib qochayotgan antimagnit, notavonu qashshoq mamlakatlardan biridir.

O‘zbekiston zaminida yetishgan minglab mutaxassis Islom Karimov iqtidorda bo‘lgan 25 yil mobaynida birin-ketin O‘zbekistonni tark qilib, o‘z bilim va mahoratini o‘zga ellar ravnaqi uchun xarjlamoqda.

Toshkentlik gen olimasi Nodira Yo‘ldosheva Londonda Britaniya ilm-faniga hissa qo‘shmoqda. Urganchlik jarrohlar Afrikada ko‘richak kesmoqda. Farg‘onalik rassom Maqsud Fatxullin Moskvada xalqaro san‘at akademiyasini boshqarmoqda.

Tyumen va Surgutda o‘zbek payvandchilari ishlamoqda. Marmar kesuvchi va me‘moru muhandislar Qozog‘iston va Rossiya binokorligini rivojlantirmoqda.

O‘z yurtida kino ololmagan o‘zbek kinochisi Rustam Hamdamov Rossiya sharafi uchun film suratga olib, Venetsiya festivalida qatnashdi.

Sinoptik, aviadispetcher¸ laborant, frezer, lazer payvandchisi kabi kasb egalarini ham xorijlik ish beruvchilar quchoq ochib kutib olmoqda.

O‘zbekiston hisobidan dunyoning obro‘li oliygohlarida o‘qigan yoshlar qaytib kelmasdan o‘sha yoqlarda yerlashib, qolib ketmoqdalar.

Qolaversa, o‘zbek bokschisi Ruslan Chagayev begona bayroq ostida jang qilmoqda.

Xo‘sh, oltin qo‘l va oltin kallalarning mamlakatdan butkul chiqib ketishi va mamlakatda malakasiz ishchilar qolishi yaxshimi yo yomon?

Axir Furqat ham Qo‘qonda qolmay, yorkentga ketgan, Beruniy Xorazmda qolmay, Bag‘dodga borgan edi-ku.

Bobur ham oyog‘i yetgan joygacha borib, Hindistonni obod qilgan edi.

Ammo "O‘ziga yeng bo‘lmagan birovga en bo‘ladimi", degan gap ham bor.

Bu haqda sizning fikringiz qanday?

XS
SM
MD
LG