Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:21

Vodiyda muhojirlarni O‘zbekistonga qaytarish harakati boshlandi


Farg‘ona viloyatining shahar va tumanlaridan xorijga chiqqan mehnat muhojirlarini O‘zbekistonga qaytarishga qaratilgan targ‘ibot va tashviqot ishlari boshlandi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, militsiya xodimlari uyma-uy yurib, ota-onalardan muhojirlikdagi farzandlarini qaytarishni talab qilayapti. Aks holda katta miqdorda jarima solish bilan tahdid qilinmoqda.

So‘nggi kunlarda Ozodlikka Rossiya va Qozog‘istondagi mehnat muhojirlaridan bir-biridan tashvishli xabarlar kela boshladi.

Mehnat muhojirlarining yozishlaricha, O‘zbekistondagi uylariga mahalla oqsoqollari va militsiya xodimlari kelishib, ularning ota-onalariga farzandlarini xorijdan chaqirib olish talabini qo‘ymoqda:

“Bugun uzbdan tel qilishib srochna orqaga qayt deb aytishdi, aytishlaricha M.F.Y. Faollari, uchastkavoylar uyma uy yurib, kim xorijda imena rus, qozoqdagilarni, spiska qilib srochna 10 kun ichda uyga chaqirilar, tepadan farmon böldi shu yerda ishga joylemiz diyabdikan. Oshnam kolejda öqtuvchi aytishicha tuman hokimi yig'ilish ötkazib qattiq tayinlabdi”, deb yozadi Qozog‘istondan farg‘onalik mehnat muhojiri.

Rossiyadagi mehnat muhojiri esa Ozodlik bilan suhbatda uning qo‘qonlik do‘stining ota-onasi jarima bilan qo‘rqitilganini aytdi:

- Men oltiariqlikman, bugun yonimizdagi ob‘ektda ishlaydigan qo‘qonlik bola obedda oldimizga kelib shunaqa dedi. Uning uylariga militsiya borib, ota-onasiga bolang uch kun ichida yetib kelsin, shu yerda ishlasin, agar kelmasa, kechikkan har bir kuni uchun 700 ming so‘mdan shtraf solamiz, deyishibdi. Shunga u bola ham ketish yoki ketmasligini bilmay siqilib yuribdi,- dedi farg‘onalik mehnat muhojiri.

Ismi sir qolishini so‘ragan qo‘qonlik huquqshunos, muhojirlarni Rossiyadan qaytarish kompaniyasi boshlanganiga bir hafta bo‘lganini aytdi:

- Bu faqat Qo‘qonda emas, balki butun vodiy viloyatlaridagi bor gap. Yaqinda Bosh vazir Mirziyoyev kelib, Farg‘onada 6 soat majlis o‘tkazgan va xorijda ishlayotganlarni hammasini ro‘yxatga olasan va ish bilan ta‘minlaysan degan. O‘shandan keyin barcha korxonalarga buyruq berilgan odamlarni ishga olasan deb. Lekin bular beradigan 300-500 ming so‘mga kim ham ishlaydi? Vaholanki, ular muhojirlikda kamida 2-3million so‘m ishlab topishadi. Bundan odamlarga faqat og‘ir bo‘ladi, yengillik emas,- dedi qo‘qonlik huquqshunos.

Farg‘ona viloyati hokimligidan bu masalaga munosabat olish imkoni bo‘lmadi.

Xorijda ishlayotgan mehnat muhojirlarini qaytarishga qaratilgan tadbirlar Andijon viloyatida ham kuzatilayapti.

Rossiyada ishlayotgan andijonlik mehnat muhojiri ham shu maqsadga qaratilgan targ‘ibot ishlari avj olganini aytadi:

- Bizda, Qo‘rg‘ontepa tumanida hali “usilenniy” bo‘lgani yo‘q. Lekin mahalla oqsoqollari va uchastka nozirlari bolalaringni O‘zbekistonga qaytaringlar deb, targ‘ibot qilib yurishibdi ekan. Mening ancha qarzim bor, shuni uzishim kerak. Lekin shunday bo‘lsa ham ota-onam endi bolam ishingni yig‘ishtirib kelaver deyapti, - deydi mehnat muhojiri.

Qozog‘istondagi mehnat muhojiri esa, Izboskan tumanidagi masjidlarda shunday targ‘ibot bo‘layotganini aytadi:

- Mahalla komiteti va uchastkovoylar kelmagan. Lekin meni dadam masjidga boradi. Dadamning aytishicha, imom “chetda yurgan bolalaring bo‘lsa chaqiringlar, kelsin, u yoqlarda yurmasin” deb targ‘ibot qilayotgan ekan,- dedi mehnat muhojiri.

Toshkentlik mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanovning aytishicha, O‘zbekiston Prezidentining o‘tgan yili Jizzaxda xorijdagi “dangasalar” haqida aytgan gaplaridan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni va O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi “dangasa”larni kamaytirish uchun targ‘ibot guruhlari tuzish borasida maxsus dastur ishlab chiqqan:

- Targ‘ibot guruhlariga olimlar, shoirlar, yozuvchilar va jamoatchilik vakillari kiritilib, dastlab Farg‘ona viloyatiga yuborildi. Ular joylarga borib odamlarni mehnat muhojirligiga bormaslikka va farzandlarini chaqirib olishga targ‘ib qilyapti. Mening fikrimcha, bu targ‘ibotning ikki sababi bor. Birinchisi, so‘nggi paytlarda Ukraina va boshqa mamlakatlar misolida Rossiyada yurgan 3 milliondan ortiq kuchga to‘lgan va nazorat qilinmaydigan kuchli bir potentsialdan hukumat qo‘rqyapti. Ikkinchidan esa, bu yigitlarning xorijdagi diniy oqimlarga qo‘shilishidan cho‘chiyapti. Aslida esa, hukumat dunyo ko‘rib kelgan yigitlar qaytganidan va bu yerda ish topolmaganidan so‘ng boshqa jiddiy muammolarni chiqarishidan xavfsirashi kerak, dedi Abdurahmon Tashanov.

XS
SM
MD
LG