Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:54

O‘zbek olimlari Iroqda Yunus payg‘ambar qabri buzilganini qoraladi


Mosuldagi Yunus payg‘ambar masjidi vayronalari
Mosuldagi Yunus payg‘ambar masjidi vayronalari

Suriyaning Xalab viloyatidan Iroqning Diyala viloyatigacha bo‘lgan hududda xalifalik o‘rnatganini e‘lon qilgan "Islomiy davlat" jangarilari ramazonning oxirgi kunlarida Mosulda Yunus payg‘ambar va xalifa Umar nevarasining qabrini vayron qildi.

Hafta boshida dunyo musulmonlarini jihodga chorlagan "Islomiy davlat" guruhi Iroq hududida so‘fiylarga oid imorat va qadamjolarni buzib tashladi.

Ozodlikning Iroqdagi muxbirlariga ko‘ra, Mosuldagi Bibi Maryam cherkovi va qadimgi Ossuriya yodgorliklari ham portlatilgan.

Bundan oldin jangarilar bastakor Usmon al-Mosuliy va mashhur arab shoiri Abu Tammomga Mosulda o‘rnatilgan haykallarni ag‘darib tashlagan edi.

Iroqning Mosul shaharidagi qadimiy yodgorliklar bo‘yicha tadqiqot olib borgan islomshunos olim Petr Kubalek jahon ahamiyatiga molik qadimiy yodgorliklar vayron qilinganidan tashvish bildirdi.

Ozodlik bilan suhbatda Petr Kubalek Iroq va Suriya hududida Islomiy davlat e‘lon qilgan jangarilar tarafidan so‘nggi bir hafta buzib tashlangan obidalarni bir bir sanadi:

- Madaniy yodgorliklarning buzilishi Mosul shahrida ko‘p kuzatildi. Mosuldagi Yunus payg‘ambar qabri va masjidi portlatildi. Shu bilan birga Odam alayhissalomning uchinchi o‘g‘li Shis payg‘ambarning qabri ham vayron qilindi. Uchinchisi, Jirjis payg‘ambar qabrining portlatilishidir. Jirjis payg‘ambarni nasroniylar muqaddas Georgiy deb ehtirom qilishadi. To‘rtinchisi, ulug‘ so‘fiy olim Abu Uloning maqbarasi bombalandi. Beshinchisi, Mosuldan chekkaroqdagi Maxmur shaharchasida xalifa Umarning nevarasi - Abdulloh Ibn Isomning qabri vayron qilindi. Idris payg‘ambar qabriga ham dinamit joylashtirilib portlatishga tayyor qilib qo‘yilgan, - deydi Ozodlik bilan suhbatda Petr Kubalek.

Olimning aytishicha, Mosuldagi Bibi Maryam cherkovi, Mosul timsoli bo‘lgan qadimiy qiyshiq minora va Ossuriya davriga oid obidalar ham vayron qilingan.

Bu obidalar vayron qilinishi yuzasidan seshanba kuni YuNESKO xavotir bildirdi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, Iroqdagi qadimiy obidalarni buzayotgan jangarilar o‘zlarini "salafiylar" deb bilishadi va bunday qadamjolar bid‘at o‘chog‘iga aylanib ketgani uchun buzib tashlayotganini internetga yuklangan videolavhalar vositasida bildirishdi.

Radikal qarashdagi dindorlar mantig‘idan kelib chiqiladigan bo‘lsa, O‘zbekistondagi Shohimardon¸ Shohi Zinda va Xorazmdagi Pahlavon Mahmud maqbaralari ham buzib tashlanishi lozim.

Suriya nizosidan oldin bu mamlakatda tahsil olgan o‘zini Abu Mustafo deb tanishtirgan 39 yashar o‘zbek olimi bunday bid‘at o‘choqlarini O‘zbekistonda bo‘lsa ham buzib tashlash kerak, degan fikrda sobit:

- Shirkka sabab bo‘ladigan qabrlarning buzilishi Islom avvalida ham bo‘lgan. Bugun buzilgan qabrlarning ko‘pi soxta ekani va shirkka sabab bo‘lgani bois buzib tashlanganini maqullayman¸ - dedi suhbatdosh.

Ayni munozarada ishtirok etgan va hozir Shvetsiyada yashayotgan qochqin, Qoraqalpog‘istondagi "Alamli Bobo" masjidi sobiq imomi Muhammadsolih Obutov Iroqda payg‘ambarlar qabrining vayron qilinishiga qarshi ekanini bayon qildi:

- Men qarshiman bu portlatishga. Shirk muammosini portlatish yo‘li bilan emas, ma‘rifat yo‘li bilan yechish lozim, - dedi suhbatdosh.

O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida O‘zbekistonda chop qilingan “Islom nuri" gazetasiga muharrirlik qilgan taniqli yozuvchi Nurilloh Muhammad Raufxon ham muammoni ma‘rifat yo‘li bilan hal qilish tarafdori ekanini izhor qildi.

- Qabrlarni portlatayotganlar salafiymi, vahhobiymi yoki boshqami - men bilmayman, ammo ishlari yanglish. Mozorlarga qarshi kurashgandan ko‘ra, odamlarni mozorga sig‘inishdan qaytarishga qilingan harakat to‘g‘ri va yaxshi samara beradi. Ular tanlagan uslub fitnadan boshqa narsa bermaydi. Xalifalik qurdik, deb e‘lon qilishdi. Agar qurganlari chinakam xalifalik bo‘lganida birinchi galda G‘azoning himoyasiga yurishlari kerak edi. Ular paydo bo‘lgan kundan beri musulmonlarga qarshi kurashishyapti. Dinni tozalamoqchimiz degan niyatlari ularni oqlamaydi. Chunki din bir kunda kir bo‘lmadi va bir kunda tozalanmaydi, - deb ta‘kidladi suhbatdosh.

Ozodlik: O‘zbekistonda ham radikal islom ehtimoliy hatar ekani hisobga olinsa, Sherdor kompeksi ham vayron qilinishi mumkinmi? Bunday istiqbolga qanday qaraysiz?

- Registonda mozor yo‘q, ammo "Shohi zinda" buzilishi mumkin, deb faraz qilsak bo‘ladi. Ammo xalqimiz bunga yo‘l qo‘ymaydi. Ilm va tushuntirish bilan mozorlarga sig‘inishni to‘xtatsa yoki kamaytirsa bo‘ladi.Odamlar sig‘inish darajasiga olib borgan va shirk manbasi bo‘lgan "kadamjo" larni buzishda Islomda ixtilof yo‘qdir¸ deyiladi. Lekin so‘fiylar bilan salafiylar o‘rtasidagi tortishuvni ikki og‘iz gap bilan tushuntirib bo‘lmaydi. Odamlar sig‘ingudek bo‘lgan bir quruq og‘ochni hazrati Umar roziyallohu anhu ham buzib tashlaganlari bor gap, ammo sahobiylar zamonida mozor buzilganini bilmayman. Qadamjolarni buzish masalasida emas, mozorlarga sig‘inmaslik masalasida o‘rtada ixtilof yo‘q! - deydi taniqli yozuvchi Nurilloh Muhammad Raufxon.

O‘zbekistonlik taniqli rassom¸ akademik Rauf Qo‘ziyev Iroqdagi payg‘ambarlar qabrining buzilishi masalasida o‘z tanqidiy qarashini tarihdan misollar keltirib ta‘kidladi:

- Istanbuldagi Aya Sofiya cherkovida ichidagi Bibi Maryam va nasroniy diniga oid boshqa monumental tasvirlarning asralganini o‘zi ijobiy misol. Buyuk yozuvchi Lev Tolstoy iborasini eslaylik: “Dinni bir haykalga qiyoslaydigan bo‘lsak¸ har qanday haykal ham vaqt o‘tib chang¸ qurum¸ bo‘yoq qatlami ostida asta-sekin asl qiyofasini yo‘qotib noaniq ko‘rinish oladi va pirovardida, uni turlicha tasavvur qilishga yo‘l ochadi”. Bu fikrdan kelib chiqsak, hatto sahobalar hayratlanib¸ lekin qo‘l tekkizmay ketgan o‘sha davrlardan buyon hech bir musulmon ziyon-zahmat yetkazmagan Bomiyondagi Budda haykali nega portlatildi, degan savolga javob chiqadi. Vahshiy toliblar bu haykalni portlatib yuborishgan edi. Mana endi Iroqda to‘satdan paydo bo‘lgan "a lya musulman" guruhlar dinimizning shaklini olib, amalda bu din mazmuniga qarshi ish qilmoqda, - deydi suhbatdosh.

Samarqandda tug‘ilgan va hozir Germaniyada yashayotgan o‘zbek jurnalisti Anvar Usmonov yoshlik xotiralariga tayanib, O‘zbekistonda diniy toqatsizlik uchun zamin yo‘qligini aytadi:

- Men yoshligimda Samarqand shialari o‘zini zanjir bilan urib, badanini mix bilan tirnab, ibodat qilganini ko‘rganman. Lekin sunniy musulmonlar ularning bu ibodatiga halal berishmagan. Bir shaharda armani¸ yahudiy¸ nasroniy va musulmonlar ahil-totuv yashashgan. Bizga ota-bobolardan meros bo‘lgan Shohi Zinda¸ Sherdor kabi tarixiy obidalarni qaysidir mafkuraga to‘g‘ri kelmagani uchun buzib tashlanishi ehtimoli O‘zbekistonda juda oz deb bilaman, - deydi suhbatdosh.

Buzg‘unchilik silsilasi

Ozodlikning Mosuldagi muxbir Abdulla Bashar keyingi bir necha hafta ichida vayron qilingan obidalar haqida bizga batafsil ma‘lumotlar jo‘natdi.

Iyun oyining so‘nggida Tal-Afar shahridagi shialarga oid qadimiy ziyoratgoh va 3 yirik masjid portlatildi.

Mosuldagi Yunus Payg‘ambar maqbarasi xalifalik jangarilarining ilk nishoniga aylandi. Maqbara 24 iyul kuni vayron qilindi.

Mosuldagi Shis payg‘ambar maqbarasi 25 iyul kuni portlatildi. Nux davridagi to‘fondan ham zarar ko‘rmagan bu maqbarada Odam Otaning uchinchi o‘g‘li Shis payg‘ambar ko‘milganiga ishoniladi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha keyingi to‘rt kun ichida Jirjis payg‘ambar maqbarasi va nasroniylarning Maryam ona cherkovi ham vayron qilingan.

Mosulning tashrif qog‘ozi bo‘lgan Al-Hadba minorasi esa jangarilarning navbatdagi nishoni ekani aytilomoqda. Piza minorasini eslatuvchi bu qiyshaygan minora me‘morlik obidasi hisoblanadi va Yunesko ro‘yxatiga kiritilgan.

Ozodlik muxbiriga ko‘ra¸ shu kinlarda mosulliklar Al- Hadba minorasini jangarilar hujumidan saqlash uchun jonli halqa bilan o‘rab olishgan.

Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:47 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG