Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:06

Prokuraturani tekshiruvchi Adliya vazirligi boshqarmasi Bosh prokuraturaning o‘ziga o‘tdi


O‘zbekiston hukumatidagi Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ bundan bir necha yil avval prezident tashabbusi bilan Adliya vazirligida prokuratura faoliyatini nazorat qilish uchun maxsus tuzilgan boshqarma¸ Bosh prokuraturaning o‘ziga qaytgan. Aytilishicha¸ Bosh prokuratura tarkibidagi Ichki xavfsizlikni ta‘minlash inspektsiyasi endilikda boshqarmaga aylantirilgan.

O‘zbekiston prezidenti o‘tgan hafta qo‘l qo‘ygan farmonga muvofiq Adliya vazirligidagi prokuratura ustidan nazorat olib boruvchi boshqarma tugatildi.

Ayni farmonga ko‘ra¸ prokuratura faoliyatini nazorat qiladigan boshqarma O‘zbekiston Bosh prokuraturasining o‘zida tashkil qilinadi.

Bu farmon matni bilan tanishishga uringan Ozodlik muxbiri O‘zbekiston rasmiy nashrlaridan bu farmonni topishga muvaffaq bo‘la olmadi.

O‘zbekiston huquq tizimlaridagi manbaning aytishicha, prokuraturadagi o‘z-o‘zini tekshiradigan boshqarma Adliya vazirligidagi prokuratura ustidan nazorat qiladigan boshqarma samara bermaganligi uchun tashkil qilingan:

- Adliya vazirligida uch yil oldin O‘zbekiston prezidenti tashabusiga ko‘ra tuzilgan bu boshqarma amalda biror marta prokuratura ustidan tekshiruvni amalga oshirmadi. Esingizda bo‘lsa¸ O‘zbekiston prezidenti majlisda Bosh prokurorga qarab¸ “Sizlarni tekshiradigan odam bormi o‘zi?” deb savol bergan edi. Ana shundan keyin tezda Adliya vazirligida boshqarma tuzildi. Ammo boshqarma prokuraturani tekshirishga jur‘at qila olmadi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasida oldindan o‘z ichki nazorat bo‘limi bor edi. Har holda samarali ishlar edi. Hozir o‘sha tizim bazasida boshqarma tuziladigan bo‘ldi¸ deydi Ozodlikning O‘zbekiston huquq tartibot organlaridagi manbasi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasidagi Ozodlik manbasi prokuratura faoliyati ustidan ichki nazorat barobarida tashqi nazorat ham mavjudligini aytadi:

- Prokuraturaning Minyust nazoratidan chiqqani tizimni mukammalashtirish bilan bog‘liq. Oldin Sud tizimi prokuraturaga qarar edi¸ bu bekor kilindi. Prokuratura Minyust nazoratida edi¸ bu ham bekor qilindi. Minyustni vazifasi sudlov tizimi yo‘nalishini belgilash ekani bois shunday qaror qabul qilindi. Ayni paytda prezidentning xavfsizlik masalasi bo‘yicha maslahatchisi prokuraturani nazorat qiladi. Bundan tashqari MXX da prokuraturani nazorat qilish bo‘limi bor. Prokuraturani hech kim nazorat qilmaydi¸ degan gap juda ham to‘g‘ri emas. Ayniqsa¸ O‘zbekistonda o‘ta kuchli nazorat tizimi bor¸ har bir prokuratura vakili ham pod kalpak yuradi¸ deydi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasidagi Ozodlik manbasi.

Ozodlik manbasining iddaosiga ko‘ra¸ O‘zbekiston Bosh prokuraturasidagi yangi boshqarma Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Sherzod Matiyev rahbarligida shakllantirilmoqda.

O‘tgan oy Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan 36 yashar Sherzod Matiyev bu lavozimiga qadar prokuratura tizimida ichki xavfsizlik masalalariga mutasaddilik qiladi.

Respublika Bosh prokuraturasida o‘z-o‘zini tekshiradigan boshqarma tuzilgani haqida prokuratura rasmiy saytida ma‘lumot yo‘q.

Ozodlikning bu xabar ortidan tug‘ilgan savollariga Bosh prokuratura rasmiylari javob berishni istamadi.

O‘zbekiston Respublikasining 1992 yilda qabul qilingan "Prokuratura to‘g‘risidagi" qonuniga ko‘ra¸ Bosh prokuror prezident va Oliy Majlis oldida hisob beradi; prokuratura xodimlarining qonunga nomuvofiq hatti-harakatlari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish esa Bosh prokuratura huzuridagi prokuratura organlari ichki xavfsizligini ta‘minlash inspektsiyasi zimmasiga yuklatilgan.

XS
SM
MD
LG