Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 07:15

Toshkentda Paxtakor - 79 xotirlandi


Paxtakor- 79 xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik
Paxtakor- 79 xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik

11 avgust kuni Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida bundan roppa-rosa 35 yil avvalgi aviahalokatda nobud bo‘lgan paxtakorchilarni xotirlash marosimi o‘tkazildi. 1979 yilning 11 avgustida “Paxtakor” jamoasi Minskka uchayotib halokatga uchragan edi.

Bundan 35 yil avval Minskda terma jamoalar kubogining final o‘yini bo‘lishi kerak edi. Bu o‘yinga ketayotgan paxtakorchilar uchun osmon qabrga aylandi.

Ukrainaning Dneprodzerjinsk shahri osmonida - 10 ming metr balandlikda ikkita Tu-134 samolyoti to‘qnashdi. To‘qnashuv chog‘ida 178 kishi nobud bo‘ldi, ular orasida "Paxtakor” jamoasining 17 a‘zosi bor edi.

“Paxtakor” jamoasi mutasaddilaridan birining Ozodlikka ma‘lum qilishicha, 11 avgust kuni Toshkentda o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari 35 yil oldin aviahalokatda qurbon bo‘lgan 17 paxtakorchini xotirlash marosimi o‘tkazilib, osh berildi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ 11 avgust kuni ertalab “Paxtakor” klubi mutasaddilari¸ futbolchilari Botkin qabristoniga borib¸ futbolchilar qabriga gulchambar qo‘yib kelishgan.

O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov e‘tiroficha, bundan 35 yil oldin yuz bergan mash‘um hodisa o‘zbeklar shuurida milliy fojea kabi iz qoldirdi.

- Qanaqadir milliy fojeaga o‘xshagan holat bo‘lgan edi. Esimda bor¸ deydi Farrux Zokirov.

Bundan 35 yil avval Ukraina osmonida uchoqlar to‘qnashgan paytda mulozimlar bu xabarni sir tutishga tirishgan. Ammo millionlab ishqibozlarning futbolchilar taqdiriga oid savollari javobsiz qolmadi.

Paxtakorchilarning aviahalokatga uchragani haqidagi xabar qanorni ichidagi bigizday bir joydan teshib chiqdi.

Jamoa ma‘murining bevasi Yulduz Tolibjonova Ozdlik bilan oldingi suhbatlarimizda 35 yil oldingi aviahalokat haqidagi xabarni kimdan eshitganini yaxshi eslashini aytgan:

- Men ishdan qaytayotib¸ tanishimni uchratib qoldim. U: “Turmush o‘rtog‘ing qachon uchib ketdi?” deb so‘rab qoldi. Men: “kecha”, dedim. U bo‘lsa: “Samolyot halokatga uchraganidan xabaring yo‘qmi?” dedi. Men “Kim aytdi?” desam¸ “Ozodlikdan xabar qilishdi” dedi¸ deydi Yulduz Tolibjonova.

"Paxtakor" jamoasining 17 o‘yinchisi aviahalokatga uchraganidan bir hafta o‘tgachgina bu haqda Sovet Ittifoqi telegraf agentligi xabar tarqatdi. Ungacha axborotsiz qolgan muxlislar orasida turli mish-mishlar urchidi. Shunday muxlislardan biri Abdulla aka xotirlaydi.

- 1979 yilda men Toshkentda edim. O‘sha vaqtlarda birdan shov-shuv gap bo‘lib ketdi. "Paxtakor komandasi uchayotgan uchoq Qrim osmonida ketayotgan paytda tasodifan Leonid Brejnev o‘tirgan uchoqning yaqinidan o‘tadigan bo‘lib qolgan. Yaqini ham juda uzoq masofa¸ bemalol o‘tsa bo‘ladi. O‘sha vaqtda davlat rahbarlarining xavfsizligini ta‘minlash uchun osmonda uzoqdan ko‘rinadigan tarzda bo‘lsa ham birorta uchoq bo‘lmasligi shart ekan. Shuning uchun Paxtakor komandasi o‘tirgan uchoq urib tushirilgan"¸ degan mish-mishni men ikki-uch joydan eshitdim. Men bu gapni ancha ziyoli odamlardan eshitdim¸ deya eslaydi Abdulla aka.

Voqeadan sakkiz kun o‘tib, “Sovetskiy sport” gazetasi “Paxtakor” jamoasining 17 o‘yinchisi hamda murabbiy va vrachining dafn qilingani haqida kichik bir xabarni e‘lon qildi, xolos.

Jamoa murabbiyi¸ marhum Igdal Tazitdinovning bevasi Alla Tazitdinova tasarrufidagi kinotasmalarda “Paxtakor” jamoasining dafn qilinishi aks etgan.

Tasmada tobut ko‘targan odamlarning uzun karvoni akslangan. Tobut ichida esa jasad emas¸ balki halokat sodir bo‘lgan hududdan olingan tuproq bor edi, xolos.

O‘zbek futbolining 17 yorqin yulduzi osmonu falakda majaqlanib yo‘q bo‘lib ketgan edi.

Afsonaviy futbolchi Mixail An
Afsonaviy futbolchi Mixail An

Futbol muxlisi Abdulla akaning eslashicha, bu o‘zbek futboli eng baland cho‘qqiga chiqqan palla edi.

- Futbolga ishqiboz edim. Borib turardim. Ayniqsa¸ Krasnitskiy davridagi jamoa ilgarigi jamoadan baland bo‘lib¸ Sovet Ittifoqi miqyosida birinchi o‘ringa chiqqan vaqtlari ham bo‘lgan. O‘sha paytlarda "Paxtakor" stadioni to‘la bo‘lib¸ zinalarigacha odamlar bilan to‘lib¸ “60-70 ming odam kelibdi” degan gaplar bo‘lardi. O‘zi 50 ming odamga o‘rin bor. O‘sha vaqtda juda go‘zal futbollar bo‘lardi¸ deya eslaydi Abdulla aka.

Paxtakorning o‘sha paytdagi obro‘-e‘tiborini marhum san‘atkor Ergash Karimov ijrosidagi “Uchrashuv” filmidan ham bilsa bo‘ladi.

Toshkentlik futbol ishqibozi Temur nazarida¸ “Paxtakor” jamoasi o‘shandan buyon 35 yil burungi mavqeiga ko‘tarila olmadi.

Paxtakor bugun ham olqishda
Paxtakor bugun ham olqishda

Oradan 35 yil o‘tib, osmoni falakda halok bo‘lgan o‘zbek futbolininng yulduzlarini nomma-nom eslaymiz.

Idgay Borisovich TAZETDINOV, 13.01.1933, murabbiy, sport ustasi;

Mixail Ivanovich AN, 19.11.1952, xalqaro toifadagi sport ustasi, oliy ligada 138 o‘yinda 30 gol urgan;

Vladimir Ivanovich FEDOROV, 5.01.1956, hujumchi;

Olim Masaliyevich AShIROV, 25.01.1955, himoyachi;

Ravilь Rustamovich AGIShEV, 14.03.1959, himoyachi;

Konstantin Aleksandrovich BAKANOV, 25.05.1954, yarim himoyachi;

Yuriy Timofeyevich ZAGUMENNIX, 7.06.1947, sport ustasi, himoyachi;

Aleksandr Ivanovich KORChENOV, 4.05.1949, yarim himoyachi;

Nikolay Borisovich KULIKOV, 25.04.1953, himoyachi;

Vladimir Vasilyevich MAKAROV, 9.03.1947, yarim himoyachi;

Sergey Konstantinovich POKATILOV, 20.12.1950, darvozabon;

Viktor Nikolayevich ChURKIN, 25.01.1952;

Sirojiddin Axmedovich BOZOROV, 1.01.1961, hujumchi;

Shuhrat Musinovich EShBO‘TAYEV, 8.02.1959, hujumchi;

Vladimir Valiyevich SOBIROV, 14.01.1958, hujumchi;

Vladimir Vasilyevich ChUMAKOV, 8.12.1932 jamoa vrachi;

Mansur TOLIBJONOV, 4.04.1944, jamoa ma‘muri.

Marhum futbolchilar nomlari bundan 5 yil burun Ukrainada o‘rnatilgan yodgorlik toshiga ham o‘yib yozildi.

Fojea parallellari

Sport jamoalarining uchoq halokati bois nobud bo‘lganiga misollar ko‘p.

1949 yili Italiya osmonida “Torino” futbol jamoasining 18 futbolchisi halok bo‘ldi.

1958 yili Myunxen osmonida "Manchester Yunayted"ning 8 futbolchisi hayot bilan vidolashdi.

1960 yili Daniya osmonidagi aviahalokat 8 futbolchi hayotiga nuqta qo‘ydi.

1961 yili Chilida xalokatga uchragan uchoq ichida “Grin kross” futbol jamoasining barcha a‘zolari bor edi.

1969 yili Boliviyada portlagan uchoq ichidagi Strongtest futbol jamoasining 27 a‘zosi halok bo‘ldi.

1993 yili Zambiya futbol jamoasining 18 o‘yinchisi uchoq halokatida nobud bo‘ldi.

1970 yilda Eyr likvid futbol jamoasining barcha o‘yinchilari Jazoir osmonida yonib, kulga aylanishdi.

"Bir odamning o‘limi fojea¸ ming odamning o‘limi statistika" degan gap bor. Xo‘sh, sport jamoasining o‘limini qanday tasnif qilamiz?

"Hamma tuxumlarni bir savatda saqlamang" degan ingliz maqoli bor. Lekin taqdirdan qochib qutula olamizmi?

XS
SM
MD
LG