Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:06

Mo‘ynoq dunyoning eng qo‘rqinchli maskanlari ro‘yxatidan joy oldi


O‘zbekistonning Orol dengizi mintaqasida joylashgan Mo‘ynoq shahri Fox News telekanali e‘lon qilgan "Dunyoning eng qo‘rqinchli joylari ro‘yxati"dan joy olgan 11 qo‘rqinchli maskandan biri, deb topildi. Mo‘ynoq o‘tgan asrning o‘rtalarida Yer kurrasidagi 4 yirik suv xavzasining biri bo‘lgan Orol dengizi sohilidagi gavjum port shahri bo‘lgan.

Fox News telekanali Qoralpog‘istondagi Mo‘ynoq shahrini dunyoning eng qo‘rqinchli 11 shahridan biri, deb topdi.

“Agar quyoshli dengiz sohilida dam olishdan zerikkan bo‘lsangiz, dunyoning qo‘rqinchli joylarini borib ko‘rishingiz mumkin", deb yozdi 11 qo‘rqinchli maskanlarga ta‘rif bergan Fox News.

Bu maskanlar faqat dovyurak sayyohlar uchun tavsiya qilindi va dunyoning 11ta qo‘rqinchli joylari ro‘yxatida Mo‘ynoq yettinchi o‘ringa qo‘yildi.

Mo‘ynoq o‘tgan asrning o‘rtalarida, Yer kurrasidagi to‘rtta yirik suv xavzasining biri sanalgan Orol dengizi sohilidagi gavjum port shahri bo‘lgan.

Bugungi kunda Orol dengizining 90 foizi qurib, dengiz tubi o‘rnida paydo bo‘lgan qumlikda zanglab yotgan kemalar sochilib yotibdi.

​BMT Bosh kotibi Ban Ki Mun 2010 yilda Mo‘ynoqqa safar qilganida Orol dengizining quriyotganini Yer kurrasi yuz tutgan eng dahshatli halokatlardan biri, deb aytgan edi.

Fox News telekanali tahlilchilariga ko‘ra, Mo‘ynoqdagi bu manzara Meksikaning Qo‘g‘irchoqlar oroli deb ataluvchi Sochimilko oroli yoki Ruminiyada yer tubidagi “Salina Turda” deb ataluvchi tuz koni yoki bo‘lmasa, Parij biqinidagi 6 million odam suyagi yotgan katakombalar dahshati oldida hech gap emas.

Angliyaning Shimoliy dengiz sohilida Ikkinchi jahon urushi davrida fashistlarning ehtimoliy bosqinidan mudofaa maqsadida qurilgan Maunsell qal‘asi ham dunyoning eng dahshatli maskanlari ro‘yxatidan joy oldi.

Bugungi kunda bu qal‘a o‘tmishning vahimali sharpasi o‘laroq Angliyaning shimoliy dengiz sohilida qad ko‘tarib turibdi.

Togodagi tumor bozori esa Fox News kanali e‘lon qilgan dunyoning eng qo‘rqinchli joylari ro‘yxatida oltinchi o‘ringa qo‘yildi.

Dunyodagi eng yirik tumor bozori hisoblangan bu maskanda maymunni kallasiyu kapcha ilon suyaklaridan yasalgan tumorlarni xarid qilish mumkin.

Qibrisning Varosha shahri ham dunyoning eng dahshatli maskanlaridan biridir. 1974 yilda Turkiya orolga qo‘shinini kiritganidan so‘ng bu shahar aholisi evakuatsiya qilindi. Bugungi kunda Varosha o‘lik shaharga aylanib, dengiz sohilidagi dam olish maskanlari huvillab qolgan.

Xitoyning Shilin tosh o‘rmoni dunyodagi yana bir dahshatli joylardan biridir. Yunьnanь viloyatidagi bu tosh o‘rmon 160 kvadrat kilometrlik joyni egallagan.

Fox News tahlilchilari AQShning Texas shtatidagi Jeykob qudug‘ini ham dahshatli maskanlar ro‘yxatiga kiritdi. Og‘zi to‘rt metr bo‘lgan bu quduqqa sho‘ng‘igan g‘avvoslar, odatan suv yuziga chiqolmasligi aytiladi.

XS
SM
MD
LG